Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

 Osmondagi iztirob yoxud chigal taqdirning yagona qurboni (filmdan keyingi o‘ylar)

 Osmondagi iztirob yoxud chigal taqdirning yagona qurboni (filmdan keyingi o‘ylar)

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Kuni kecha Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “SHB” studiyasi tomonidan suratga olingan “Osmoni falaklarda: Aviaparvozning yagona qurboni” nomli badiiy filmning taqdimot marosimida ishtirok etar ekanman, yoshlik davrlarim esga tushib ketdi. Tadbirda ishtirok etgan ziyolilarni ko‘rib “Panorama”ning shukuhi yana qaytgandek tuyuldi.

Endi bevosita mazkur film haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, film chuqur dramatik syujeti bilan ajralib turadi. Unda  inson taqdiri, ruhiy kechinmalari  aks etgan. Asarda aks etgan voqealar tomoshabinni teran mushohada qilishga undaydi. O‘zbek kinosida aytilmagan so‘zlar aytildi.

Iskandarlik Iskandar (aktyor Merdan Matveliyev) uchuvchilikka qiziqadi. Rigadagi uchuvchilar institutiga kirish uchun ingliz tilini o‘rganadi. O‘qish davomida  o‘zidan olti yosh katta repititori Sadaf (Yulduz Rajabova)ni sevib qoladi. Ularning sevgisi juda ajoyib tasvirlanadi.  Bu obrazlar orqali insoniy tuyg‘ular, fidoyilik va sinovlarga bardoshlilik ifoda etilgan.

Taqdir ekan Sadaf boshqa yigitga turmushga chiqadi. Ammo Iskandar baribir unga bo‘lgan muhabbatdan voz kechmaydi. Sadafning qat’iy turishi tufayli Iskandar uylanishga majbur bo‘ladi. Ammo bir hafta maboynida chimildiqda hech narsa bo‘lmaydi. Ana shu vaziyat kinoda juda o‘zbekona va ishonarli namoyon qilingan. Aslida hayotda ham shundayku, yuragingiz boshqa inson deb tursa “qalbimda bir yor, qo‘ynimda bir yor” qo‘shig‘ini xirgoyi qilishdan boshqa chora bo‘lmaydi. Shunda Yaxshigul “men sizni tushunaman” deydi. Ana shundan keyingina Iskandar kuyovlik vazifasini bajaradi. Oradan to‘qqiz oy o‘tib ular qiz farzandlik bo‘lishadi. Yaxshigul (afsus aktrisaning ismi sharifini bilolmadim) kadrlarda to‘rt marta, shunda ham hammasini hisoblaganda uzog‘i bilan uch daqiqa  ko‘rinish beradi. Agarda mendan “eng zo‘r rol ijrochisi kim?” deb so‘rashadigan bo‘lsa, Iskandar, Sadaf rollarini ijrochilarini aslo kamsitmagan holda, “Yaxshigul” deb javob bergan bo‘lardim. Birinchi marta chimildiqda ishonch va mehr bilan “men sizni tushunaman”, deydi. Mana shu birgina so‘z yigitga ishonch beradi va yuzi yorug‘ bo‘ladi. Ikkinchi marta tug‘uruqxonada eriga sadoqatli yor va mehribon ona sifatida namoyon bo‘ladi. Uchinchi ko‘rinishda bir og‘iz so‘z aytmaydi. Bemor farzandini ko‘tarib “Tez yordam” mashinasiga o‘tiradi. To‘rtinchi ko‘rinishda onasi bilan xayrlashib, xotiniga “xayr” deyishni o‘ziga ep ko‘rmagan Iskandar ortidan derazadan qarab qoladi. Yaxshigul hatti-harakatlarini tahlil qilar ekanman, beixtiyor “Turkmanfilm”ning “Kelin”idagi bir og‘iz so‘z aytmaydigan kelin esimda tushib ketdi.

Iskandar baxtli hayot kechirayotganida kutilmaganda samolyotda Sadafni uchratib qoladi. Oilaga xiyonat aralashadi. Endi u  Yaxshigulga befarq bo‘la boshlaydi. Yaxshigul buni sezadi. Ammo indamaydi. Asar muallifining ham, filmning ham yutug‘i shunda.

Bir kuni Sadaf Iskandardan “Qizingning ismi nima?” deb so‘raydi. “Sadaf” degan javobni eshitgach “kimga o‘xshaydi” deydi. “Senga” deydi Iskandar. “Nima genetikada yangilik yaratdingmi?” deydi Sadaf.  Shu savol-javoblarni tinglar ekanman, Alberto Moravianing “Rimlik ayol”idagi bosh qahramon bo‘lmish fohisha ayol Adriana yodimga tushdi. Uning g‘irt bezoridan tug‘ilgan o‘g‘li sevgan yigiti fashizmga qarshi kurashda halok bo‘lgan Djakomoga o‘xshab ketadi.

Filmda go‘yoki sevgisiga sadoqatli bo‘lgan Iskandarning, Iskandarni oilasiga xiyonat qilishga majbur qilgani uchun o‘zini aybdor deb hisoblaydigan  Sadafning  ichki hissiyotlari ochib berilgan. Aybini yuvish uchun Sadaf Iskandarga ham xiyonat qilish sahnasini tashkillashtiradi. Ammo bu sahna hammaga qimmatga tushadi. Sadafning uyida uning “jazmani”ni kaltaklagan Iskandar samolyotni boshqaradi. Aslida bu kabi vaziyatlarda uchuvchilar samolyotni boshqarishi mumkin emas. Chunki, ruhan charchagan uchuvchilar aybi bilan fojeali halokat sodir bo‘lishi ehtimoli bor. Filmda bu jihat e’tiborga olingan. Samolyot shturvaliga o‘tirgan Iskandar 220 nafar yo‘lovchining aybi yo‘qligini, jazoga faqat birgina o‘zi loyiqligini aytib iltijo qiladi. Uning bu iltijolarini tinglab, beixtiyor bemor o‘g‘li Akbar yonida turgan shoh Boburning “mening jonimni ol, farzandimni omon qoldir”, degan iltijolari yodimizga tushadi. Iskandarning gaplarini eshitib film nima sababdan “Osmoni falaklarda: Aviaparvozning yagona qurboni” deb nomlanganini anglaymiz. Filmning so‘ngi daqiqalari o‘ta ta’sirli. Birinchi styurdessaning “kema komandiri....” deya boshqa gapira olmagani, o‘zini tuta bilgan ikkinchi styurdessa uning gapini davom ettirgani ishonarli chiqqan.

Film Istanbul aeroportiga qo‘ngan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy  aviakompaniyasi samolyoti tagiga “Tez yordam” mashinasi kelishi bilan tugaydi.

Mana shunda beixtiyor ko‘z oldingizga Yaxshigul keladi. Erining o‘limida uning zarracha aybi yo‘qligi ko‘nglingizni xotirjam qiladi.

“Osmoni falaklarda: Aviaparvozning yagona qurboni” filmi nafaqat kino ixlosmandlari, balki keng jamoatchilik uchun ham chuqur ta’sir uyg‘otuvchi, o‘yga chorlovchi va ilhom baxsh etuvchi asar sifatida e’tirof etilmoqda.

Tadbir yakunida do‘stlardan biri “filmning ikkinchi bo‘limi  “Osmoni falaklarda: Osmon qiroli” ining taqdimoti qachon bo‘ladi?” deb so‘radi. Men, o‘zimcha bilag‘onlik qilib, “21-iyunda” deb yubordim.  “Nimaga, 21-iyunda?”

“Chunki, Xayriddin Sultonovning “Yaldo kechasi” asari taqdimoti tabiatdagi eng uzun tun — 21-dekabrda, bu film taqdimoti esa bahorgi teng kunlik 21-martda bo‘ldi. 21-iyun esa eng uzun kun. 21-sentyabrdagi kuzgi teng kunlikda ham biz uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ladi”, dedim ishonch bilan.

Ammo film rejissyor Jahongir Qosimov jurnalistlarga bergan interyusida  taqdimot 7-mayga belgilanganini aytdi.

Sharofiddin To‘laganov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring