Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qo‘qon «estafeta tayog‘i»ni Shamaxi shahriga topshirdi

Qo‘qon «estafeta tayog‘i»ni Shamaxi shahriga topshirdi

Shamaxidagi 743 yilda qurilgan va yaqinda restavratsiya qilingan jome’ masjid.

Foto: ijtimoiy tarmoq

Ozarbayjonning Shamaxi shahri 2023 yilda Turkiy dunyoning sayyohlik poytaxti deb e’lon qilindi. Bu haqdagi qaror Turkiy davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlari turizm masalalari bo‘yicha vazirlarining 7-yig‘ilishida qabul qilindi.

Qadimiy Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Shamaxi shahri asrlar davomida savdo-sotiq, hunarmandchilik va madaniyat markazi bo‘lib kelgan. O‘z davrida Shirvonshohlar davlati bosh kenti bo‘lgan shaharda ko‘plab tarixiy obidalar mavjud. Poytaxt Bokudan 122 km g‘arbda joylashgan Shamaxi bugun ham tarixiy qadr-qimmatini yo‘qotmagan. 

Eslatib o‘tamiz, Turkiy dunyoning sayyohlik poytaxti maqomi ilk bor 2021 yilda Qo‘qon shahriga berilgan edi. Endilikda ushbu «estafeta tayog‘i» qardosh Ozarbayjonga topshirilmoqda.

Shamaxida tashkil qilingan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar turizm masalalari bo‘yicha vazirlarining 7-yig‘ilishida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ham qatnashdi.

Ozarbayjon davlat axborot agentligiga ko‘ra, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosarini prezident Ilhom Aliyev qabul qildi.

Ozarbayjon rahbari I.Aliyevga prezident Sh.Mirziyoyevning salomi yetkazildi. Foto: «Azertag.az»

A.Abduhakimov Ozarbayjon yetakchisiga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazgan. O‘z navbatida, prezident I.Aliyev ham O‘zbekiston rahbariga samimiy tilaklarini yetkazishni so‘ragan.

Aziz Abduhakimov ushbu safari davomida Ozarbayjon madaniyat vaziri Anar Karimov, Davlat turizm agentligi raisi Fuad Nagiyevlar bilan ham uchrashgan. Muzokaralarda ikki qardosh mamlakat o‘rtasida madaniyat, turizm kabi jabhalarda aloqalarini yanada rivojlantirish yo‘llari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etilgan.

Umuman, turizm masalalari bo‘yicha vazirlarning 7-yig‘ilishida turkiy davlatlar o‘rtasida sayyohlik borasidagi aloqalarni jonlantirish, yirik shaharlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni ko‘paytirishga kelishilgan, bu borada yo‘l xaritasi qabul qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring