Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aksilmonopol tekshiruv ortidan «Yandeks Taksi» Qozog‘iston jamg‘armasiga 6,6 million dollar to‘lab berdi

Aksilmonopol tekshiruv ortidan «Yandeks Taksi» Qozog‘iston jamg‘armasiga 6,6 million dollar to‘lab berdi

Qozog‘iston Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi «Yandeks Taksi» kompaniyasiga nisbatan antimonopoliya tekshiruvi natijalarini e’lon qildi. Surishtiruv jarayoni taxminan ikki yil davom etdi.

Rossiya kompaniyasi bir necha moddalar bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortildi. Agentlik kompaniyani nazorat-kassa apparati dasturiy ta’minotini «texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati» orqali «taksi kompaniyalarining xo‘jalik faoliyatini muvofiqlashtirish», shuningdek, davlat organlariga ma’lumotlarni taqdim etmaslikda ayblagan.

Kompaniya bir necha moddalar bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortildi. Agregatorga nisbatan qanday sanksiya qo‘llangani haqida ma’lumot yo‘q, biroq «Yandeks Taksi» davlat jamg‘armasiga «ixtiyoriy asosda» 3 milliard tenge (6,6 million dollar) kiritgani ma’lum.

Shuningdek, Rossiya kompaniyasi haydovchilar va yo‘lovchilar uchun bir qator yengilliklarni berishga rozi bo‘lgan:

  • «Yandeks Taksi» haydovchilar uchun qo‘shimcha bonus dasturini joriy qiladi, uning iqtisodiy samarasi yiliga 7-10 milliard tengeni (15,4-22 million dollar) tashkil etadi;
  • xizmat narxi yuqori talab tufayli bazaviy narxdan ikki baravar yuqori bo‘lgan buyurtmalar uchun komissiya miqdorini pasaytiradi;
  • maksimal talab sharoitida (yomg‘ir, qor, bayramlar) tariflarni oshirish koeffitsiyenti 3 dan ko‘p bo‘lmaydi;
  • foydalanuvchi ilovasida narxlarning shaffofligi oshadi, tariflarni pasaytirish prognozi paydo bo‘ladi, algoritmlarning o‘zi mustaqil auditorlik kompaniyasi tomonidan o‘rganiladi;
  • Yangilangan «Birgalikda» tarifi joriy qilinadi, hatto talab eng yuqori bo‘lgan davrda ham arzonroq narxda taksiga buyurtma berish imkoniyati paydo bo‘ladi;
  • bolali yo‘lovchilar uchun bolalar o‘rindig‘i bilan avtomobil chaqirish imkoniyatiga ega bo‘lgan maxsus tarif joriy etiladi.

Majburiyatlarning bajarilishi bir qator vazirliklar, shuningdek, taksi sanoati birlashmalari mutaxassislari ishtirokidagi maxsus monitoring guruhi tomonidan nazorat qilinadi. Kelgusida qonunbuzarliklar aniqlansa, qonunga muvofiq chora ko‘riladi.

Bundan tashqari, agentlik tomonidan muammolarni tizimli hal etish maqsadida qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish tashabbusi bildirildi. Haydovchilarga «Yandeks» bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri – taksi kompaniyalari ishtirokisiz va ularga 4-8% komissiya to‘lamasdan ishlashga ruxsat berish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi o‘tgan hafta Yandex’ning taksi agregatorini ustun mavqega ega sub’yektlar qatoriga kiritgan edi. Avvalroq kompaniya Soliq qo‘mitasining talabi bilan, 1 dekabrdan boshlab soliq to‘lay boshlashini bildirgan, lekin shu vaj sababli haydovchilardan undiradigan komissiyasini oshirgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring