Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIB formasini kiyib, behayo so‘zlarni aytgan 17 yoshli qizning onasi javobgarlikka tortildi

IIB formasini kiyib, behayo so‘zlarni aytgan 17 yoshli qizning onasi javobgarlikka tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir qiz avtomobilda ichki ishlar xodimi kiyimida sigaret chekayotgani va behayo so‘zlarni ishlatayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, voyaga yetmagan 2006 yilda tug‘ilgan S.A. ichki ishlar xodimining formasini tanishi 20 yoshli Sh.M.dan olib, o‘ziga tegishli bo‘lgan «Cobalt» rusumli avtomobilda ichki ishlar xodimining kiymini kiyib, sigaret chekib, behayo so‘zlarni ishlatgan xolda video olgan. Tekshiruv jarayonida Sh.M. ushbu formani qonunga xilof ravishda saqlaganligi aniqlangan. Voyaga yetmagan qizning ota-onasi bilan birga profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Mazkur holat bo‘yicha qizning onasi V.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi («Farzandlarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik») bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, Sh.M.dan forma o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yilgan. Sh.M. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 209 prim.1-moddasi («Vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlarining kiyim-kechaklarini qonunga xilof ravishda kiyish») bilan javobgarlikka tortilgan, sud tomonidan unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 209 prim.1-moddasiga ko‘ra, ya’ni formali kiyim-bosh kiyib yurishi nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish taqiqlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring