O‘tgan bir yildagi uy oldi-sotdilarining 30 foizi poytaxtga to‘g‘ri keladi
2025-yil yakunlari bo‘yicha respublikada uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 295 mingtani tashkil etib, 15 foizdan ziyod o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori dinamikasiga oid yangilangan tahlilida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, yil davomida faollikning eng sezilarli o‘sishi Buxoro (25,7 foiz), Sirdaryo (23,3 foiz) va Samarqand (19,7 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
2025-yilda respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlarining taxminan 30 foizi poytaxt bozori hissasiga to‘g‘ri keldi. Toshkent shahrida savdo hajmi 18,2 foizga oshib, taxminan 84 ming bitimni tashkil etdi.
Ko‘chmas mulk ikkilamchi bozorida esa narxlar dinamikasining mo‘’tadil tezlashishi kuzatildi. Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘sishi o‘rtacha 8 foizni tashkil etdi, 2024 yilda esa ushbu ko‘rsatkich 6,2 foiz darajasida bo‘lgan edi.
Yil davomida narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, ushbu hududlarda uy-joy narxining o‘rtacha yillik o‘sishi taxminan 17 foiz ni tashkil etdi.
Yil yakuniga ko‘ra, ikkilamchi uy-joy uchun eng yuqori narxlar poytaxtda saqlanib qoldi. Shuningdek, nisbatan yuqori narxlar Samarqand viloyatida — bir kvadrat metr uchun 834 dollar, Toshkent viloyatida esa — bir kvadrat metr uchun 682 dollarni tashkil etdi.
Uy-joy uchun eng past narxlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi — bir kvadrat metr uchun 378 dollar. Shuningdek, nisbatan past narx darajasi Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilib, u yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati taxminan 454 dollarni tashkil etdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter