Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbek olimlarining saratonni 99 foizgacha davolovchi dorisi» yolg‘on bo‘lib chiqdi

«O‘zbek olimlarining saratonni 99 foizgacha davolovchi dorisi» yolg‘on bo‘lib chiqdi

24-mart, juma kuni O‘zA nashri Fanlar akademiyasi Yadro fizika instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor Ilhom Sodiqov bilan suhbatini e’lon qilib, unda o‘zbek olimlarining «saratonni 99 foizgacha davolovchi» dorisi yaratilgani aytilgan edi.

«Hozirgi kunda bu dori 4-bosqichdagi rak kasalligining 97-99 foizgacha tuzalishini ta’minlayapti. Jahondagi tibbiyotchilar revolyusion dorilar qatoriga kiruvchi bu preparatga «fantastik natija», deb baho berishyapti», – degan Ilhom Sodiqov preparat saraton kasalligini davolashda nihoyatda samarador bo‘lgan yangi dori vositasi hisoblanishini ta’kidlab. 

Professor, shuningdek, mazkur dori vositasining bitta dozasi hozirgi kunda AQShda 70 ming dollar, Yevropa mamlakatlarida 25 ming dollar atrofida sotilayotgani, Fanlar akademiyasining Yadro fizika instituti esa uni respublikadagi 3 ta onkologik klinikaga 1,5 ming AQSh dollari narx bilan yetkazib berishni yo‘lga qo‘yganini aytgan edi.  

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur suhbatda keltirilgan dori vositasi haqidagi ma’lumotlarni «haqiqatga zid» demoqda.

Vazirlikka ko‘ra, ushbu dori vositasi radiofarmpreparat sifatida AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Osiyo davlatlarida faqatgina  prostata bezi va neyroendokrin o‘smalarni diagnostikasi va davolashda qo‘llaniladi.

– Ushbu preparat diagnostikada prostata bezi uchun target radionuklid vosita hisoblanadi. Suyak metastazlarini davolash jarayonida yaxshi ta’sir qiladi va vaqtinchalik vosita hisoblanadi. U kasallikning 4-bosqichida bemorlarning hayotini bir muddat saqlab turish uchun xizmat qiladi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Doniyor Nishonov. 

Ma’lum bo‘lishicha, bu preparat hozircha davlat ro‘yxatiga olinmagan. Shu tufayli ayni kunlarda birorta onkologik muassasada qo‘llanilmayapti.

Shuningdek, mutaxassisning ta’kidlashicha, saratonning rivojlangan bosqichida qo‘llaniladigan ushbu preparat bemorni 99 foiz aniqlikda davolashi haqiqatga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Dunyoning hech bir mamlakatida saratonning bu bosqichida davolay oladigan dori vositasi yaratilmagan.

Shuningdek, barcha onkologik kasalliklarda emas, faqatgina prostata bezi saratonida suyakda metastazlar bo‘lgan holatda ushbu dori vositasi o‘rniga «Samariy» preparati qo‘llanib kelinmoqda.

SSV soha mutaxassislari va OAVdan insonlar hayoti bilan bog‘liq bu kabi muhim xabarlarni jamoatchilikka yetkazishda diqqatli bo‘lishlarini so‘ramoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring