Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Pastki qavatda yashaydigan qo‘shnimnikiga suv o‘tgandi. Sud menga qanday chora ko‘radi?»

«Pastki qavatda yashaydigan qo‘shnimnikiga suv o‘tgandi. Sud menga qanday chora ko‘radi?»

Ko‘p qavatli uyda yashayman. Hammomdagi truba teshilib, pastki qavatda yashaydigan qo‘shnining hammomiga suv o‘tgandi. Santexnik chaqirib tuzattirdim. Lekin qo‘shim moddiy va ma’naviy zarar uchun fuqarolik sudiga bermoqchi. Sudda menga nisbatan qanaqa chora ko‘riladi?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga asosan har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.

Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

Shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksining 3-moddasiga asosan Konsutitutsiyaga muvofiq har bir shaxsga o‘z huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatlanadi.

Har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga (sudga) murojaat qilishga haqli.

Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga binoan g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

Mazkur kodeksning 1022-moddasiga muvofiq, ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybi bo‘lgan taqdirda, zarar yetkazuvchi tomonidan qoplanadi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Pleunmining «Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi Qarorning 2-bandiga ko‘ra, ma’naviy zarar deganda jabrlanuvchiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida u boshidan kechirgan (o‘tkazgan) ma’naviy va jismoniy (kamsitish, jismoniy og‘riq, zarar ko‘rish, noqulaylik va boshqa) azoblar tushuniladi.

Mazkur Qarorning 13-bandiga muvofiq, ma’naviy zararning miqdorini belgilashda sudlar jabrlanuvchining unga yetkazilgan ma’naviy zararning og‘irligiga bergan sub’yektiv bahosini, shuningdek da’vogarga yetkazilgan ma’naviy va jismoniy azoblarning darajasini ko‘rsatuvchi ob’yektiv ma’lumotlarni, tajovuz qilingan ob’yektning hayot uchun muhimligi, foydasi (hayoti, sog‘lig‘i, qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi, uy-joyning daxlsizligi, katta qimmatlikka ega bo‘lgan mulklari va boshqalar), huquqbuzarlikning og‘irligi va oqibati (yaqin qarindoshlarining o‘ldirilishi, nogironlikka olib kelgan tan jarohati yetkazilishi, ozodlikdan mahrum qilish, ishdan yoki turar joydan va boshqalardan mahrum qilish), uyaltiradigan noto‘g‘ri ma’lumotlarning xarakteri va ularni qanchalik darajada (doirada) tarqatilganligi, jabrlanuvchining yashash sharoitlari, shaxsiy xususiyatlari (xizmati, oilaviy, maishiy, moddiy tomonlari, sog‘lig‘ining holati, yoshi va boshqalar), zarar yetkazuvchining va jabrlanuvchining ayb darajalari, zarar yetkazuvchi shaxsning moddiy ahvoli va boshqa e’tiborga molik holatlarni hisobga olishlari lozim.

Zararni qoplash miqdorini belgilashda adolatlilik va oqilonalik talablari inobatga olinishi lozim (FKning 1022-moddasi).

Shu bilan birga, «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasiga binoan joy mulkdori:

  • joyga, sanitariya-texnika uskunalariga va boshqa uskunalarga (vodoprovod, kanalizatsiya, markaziy isitish, issiq suv ta’minoti, gaz jihozlari va hokazo) nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi;
  • joyda, sanitariya-texnika uskunalarida va boshqa uskunalarda nosozliklar aniqlangan taqdirda, shikastlanishlarni bartaraf etish yuzasidan darhol mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rishi hamda zarur bo‘lgan hollarda tegishli xizmatga xabar qilishi;
  • avariya vaziyatlari yuzaga kelgan taqdirda o‘zi egallab turgan joyga avariya-tiklash xizmatlari vakillarining kirishini ta’minlashi shart.

Quyidagilarga:

  • umumiy mol-mulkning, shuningdek har qanday boshqa mulkdor mol-mulkining buzilishiga yoki xavfga duchor etilishiga;
  • Agar mulkdor yoki u bilan birga yashovchi shaxslar boshqa mulkdorlarning mol-mulkiga yoxud umumiy mol-mulkka zarar yetkazgan bo‘lsa, ular yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi shart.

Bundan tashqari, sudga zararni undirish maqsadida murojaat qilinganda,yetkazilgan zarar miqdori manfatdor shaxslarning arizasiga ko‘ra, baholovchi tashkilotlar tomonidan «Baholash foliyati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq baholanadi.

Sudlarga mazkur masalaga oid kelib tushgan da’vo arizalar, sudlar tomonidantaraflar taqdim etgan dalillarga asosan ko‘rib chiqiladi va yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlar talablaridan kelib chiqib qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilinadi.

Mavluda Boboraimova,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha 
Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring