Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Travmatologiya va ortopediya markazida skolioz kasalligi samarali davolanmoqda

Travmatologiya va ortopediya markazida skolioz kasalligi samarali davolanmoqda

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetovning ta’kidlashicha, Yer yuzida 5-10 foiz bolalar skolioz kasalligidan aziyat chekadi. Ularning katta qismi 5 —12 yosh oralig‘idagi o‘g‘il-qizlar. Chunki bu davrda bolalar tez o‘sadi. Ammo ko‘pchilik bemorlar 8-14 yoshda, ya’ni kasallik belgilari kuchaygan vaqtda shifokorga murojat qilishi achinarli holat.

«Vaholanki, umurtqa pog‘onasining yon tomonga qiyshayishi bilan namoyon bo‘ladigan bu xastalik o‘z vaqtida muolaja qilinmasa, ko‘plab og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin», deydi mutaxassis.

Skoliozning xavf guruhlari o‘zaro farqlanadi. Xastalikning to‘rtinchi darajasi — ular orasida eng og‘iri. Shu ma’noda, bolalarda skolioz qancha erta aniqlansa, muolaja ham shuncha samarali bo‘ladi. Negaki, ular ulg‘aygani sari umurtqa pog‘onasidagi suyaklar ham qattiqlashib, davolash qiyinlashadi.

Murod Irismetov, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

Kech bosqichlarda esa jarrohlik operatsiyasi — majburiy chora. Ammo avvallari bunday tug‘ma nuqsonli bemorlarda amaliyotlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun uning yoshi ulg‘ayishi kutilar edi. Oqibatda bu umurtqa pog‘onasida ikkilamchi deformatsiyalar va ichki organlarda ikkilamchi o‘zgarishlar, qolaversa, yurak-qon tomir kasalliklari hamda nafas yetishmovchiligiga sabab bo‘lardi.

«Endi esa bunga hojat yo‘q. Markazimiz shifokorlari Moskva shahridagi N.N.Priorov nomidagi travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda shunday amaliyotlarni mustaqil ravishda bajarishni o‘zlashtirgan. O‘tgan davrda hatto 1 yoshu to‘rt oylik chaqaloqda mazkur murakkab operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilib, uning ortiqcha yarim tana umurtqasi olib tashlangani navbatdagi dadil qadamlarimiz uchun asos bo‘ldi.

Shu o‘rinda skoliozni erta aniqlashda ota-onalarning sinchkovligi muhim ahamiyatga egaligini eslatib o‘tmoqchiman. Chunki ular bolaning gavdasi qanday rivojlanayotganini doimiy kuzatish imkoniga ega. Agar o‘g‘lingiz yoki qizingiz qaddini tik tutib yurmasa, o‘sish-rivojlanishdan ortda qola boshlasa, darhol uni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka, xususan, ortoped vrach ko‘rigiga olib borishingiz zarur. Hozir markazimizda bu kasallikni zamonaviy diagnostika vositalari yordamida erta bosqichda aniqlash hamda ilg‘or uslublar asosida samarali davolash uchun barcha sharoit mavjud», deydi Murod Irismetov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring