Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentdagi issiqlik ta’minoti operatori daraxt tagida qolib ketgan qizaloq yuzasidan munosabat bildirdi

Toshkentdagi issiqlik ta’minoti operatori daraxt tagida qolib ketgan qizaloq yuzasidan munosabat bildirdi

Kecha, 5-may kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanida 1 yoshli qiz daraxt qulashi oqibatida tagida qolib vafot etgan edi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 3-qismi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tekshirishda suv quvurlarini ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgan ishchilar xavfsizlik choralariga rioya qilmasdan, maxsus texnika yordamida qazish ishlarini olib borishlari oqibatida bir tup darahtning ildizi ochilganligi va o‘z vaznini ko‘tara olmay yiqilganligi aniqlangan.  

O‘z navbatida, voqea sodir bo‘lgan hududda ta’mirlash ishlarini olib borgan Veolia Energy Tashkent kompaniyasi halok bo‘lgan qizning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan va «mazkur oilaga har qanday yordamni taqdim etishga tayyorligi»ni bildirgan.

«Bu fojiali yo‘qotish va hech bir so‘z bilan ifoda etib bo‘lmas musibat ekanligini anglaymiz. Qizaloq oilasiga chuqur ta’ziyamizni bildiramiz.

Ayni damda kompaniyamiz keng qamrovli tekshiruv ishlarini olib bormoqda va mas’ul shaxslarga nisbatan choralar ko‘radi, shuningdek, ish jarayonlariga, shu jumladan ta’mirlash ishlariga o‘zgartirishlar kiritadi», – deyiladi kompaniya munosabatida.

Qayd etilishicha, kompaniya, endilikda daraxtlar va boshqa ko‘p qavatli obektlar yaqinida ish olib borilganda, amaldagi me’yorlarda nazarda tutilganidan kattaroq maydonni to‘sib qo‘yish hamda xavfli zonaning perimetri atrofida odamlarning kirishini cheklash uchun ishchi xodimlarni joylashtirish choralarini ko‘radi.

«Bundan tashqari, agar ishlar potensial xavfli ob’yektlar (quruq daraxtlar, eskirgan inshootlar va boshqalar) yaqinida amalga oshirilsa, tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish uchun maxsus xizmatlar jalb qilinadi (quruq daraxtlarning shoxlarini kesish, beqaror inshootlarni demontaj qilish, va boshqalar)», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring