Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

XIX asr mirshablari: bir maoshga 3 ta qo‘y!

XIX asr mirshablari: bir maoshga 3 ta qo‘y!

Isyonkor Omon Niyozni masjidi Kalon minorasidan uloqtirganlarida hamma hayratdan yoqa ushladi. Negaki yovmud isyonkori 15 metrlik minoradan yerga tushganiga qaramay, tirik qolgan edi. Biroq u Muhammad Aminxon farmoniga ko‘ra o‘limga hukm qilingani bois, mirshablar tomonidan tayoq bilan urib o‘ldirildi. Bu voqea 1846 yilda bo‘lib o‘tgandi...

Har bir davlatda bo‘lgani kabi, Xiva xonligida ham xonning yuqoridagi tariqa farmonlarini ijro etish mirshablar zimmasida edi. Biroq ular o‘z xohishicha ish tuta olmas, davlat va shariat qoidalariga qat’iy bo‘ysunar va qiladigan ishlari, asosan, Ichan qal’ani qo‘riqlash, qozi hukmiga ko‘ra, belgilangan jazolarni ijro etishdan iborat bo‘lardi.

Xiva xonligi arxiv hujjatlariga ko‘ra, mirshablar ozchilik bo‘lib, maoshi ham kam edi. Poytaxtdagi Pahlavon darvoza, Shayx darvoza, Mahmud ota darvoza, Xizr bobo darvozalarida jami 29 mirshab xizmat qilgan. Maosh esa mirshablarga quyidagicha taqsimlangan: «Ota darvozadagi 8 mirshabga 32 tillo, Pahlavon darvozadagi 7 mirshabga 28 tillo, Bog‘cha darvozadagi 7 mirshabga 28 tillo, Tosh darvozadagi 7 mirshabga 28 tillo maosh berilgan» (Rossiya FA sharqshunoslik instituti, 33-arxiv fondi, 8, 60-varaqlar).

Mirshablar vazifasi darvozadan kiradiganlarning qoplari yoki cho‘ntaklarini titish emas, har bir davrda bo‘ladigan o‘g‘rilarni ushlash, o‘zaro janjal-nizolarni bartaraf etishdan iborat edi. Shuningdek, ular qozi hukmiga ko‘ra o‘g‘rilarni, zino qilganlar, osiy bo‘lgan bandalarni jazolash, zindondagi bandalarni qo‘riqlash bilan ham shug‘ullangan. Bu xizmatlari evaziga ularga o‘rtacha 4-5 tillo maosh berilardi. 1 tillo Rossiya puli birligiga ko‘ra 1842–1873 yillarda 3 rubl 160 tiyin bo‘lganini hisobga olsak, mirshabning maoshi 14 rubl 40 tiyin – 15 rublni tashkil etgan. 14-15 rubl maosh olgan mirshab bu puliga, L.Kostenkoning «Gorod Xiva v 1873 godu» maqolasida yozilishicha, 3 ta qo‘y yoki 1 ta eshak sotib olishi mumkin edi.

Xorazm bozorlarida esa narx-navo quyidagicha bo‘lgan: «Bir botmon (20 kg) g‘alla 40–60 tiyin, shu miqdordagi guruch 80 tiyindan 1 rublgacha, 1 kg mol go‘shti 20 tiyin, 1 tovuq 20–30 tiyin, 100 dona tuxum 60–70 tiyin turardi» (Xiva xonligi arxiv hujjatlaridan).

Shu tarzda 14-15 tillo maosh oladigan mirshab uchun olgan xizmat puli oila xarajatini bemalol qoplardi. Ammo uning maoshini maktab yoki madrasa mudarrisi maoshiga taqqoslasak, mudarrisnikiga qaraganda oz bo‘lganini ko‘ramiz.

Birgina Qutlug‘ Murod inoq madrasasi mudarrisi oxuni 1858-yil 13-sentyabrda maoshiga 324 botmon g‘alla olgani hujjatlarda qayd etilgan. Madaminxon madrasasi oxuni 150 tillo, mudarrisi 100–200, imom va muazzinlar esa 40 tillodan maosh olishgan. Ya’ni, xonlikdagi maktab, madrasalarning o‘z vaqf yerlari bo‘lib, ulardan keladigan barcha daromad mudarris va talabalarga berilgan. Ha, mudarrislar jamiyatda eng qadrli insonlar bo‘lib, eng yuqori maosh bilan siylangan. Vaholanki, o‘sha davrda qozikalon 40 tillo, rais 30 tillo maosh olardi.

Shunday sharoitda 4-5 tillo haq oladigan mirshablar olgan maoshi oilasi ta’minoti uchun yetganiga qanoat qilib, xizmat vazifasini mas’uliyat bilan ado etardi. Sog‘ligi yomonlashgan yoki keksaygan mirshab ishini qo‘yib, biror-bir hunarmandchilik yoxud savdo-sotiq bilan mashg‘ul bo‘lar, mirshablik paytida qaysidir o‘g‘rini ushlagani, qaysidir zinokorni jazolagani bilan maqtanib yurardi.

Umid BEKMUHAMMAD,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring