Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tibbiy niqobni qancha vaqtda almashtirish kerak?

Tibbiy niqobni qancha vaqtda almashtirish kerak?

Foto: «Yandex»

Bir martalik tibbiy niqob gripp va boshqa respiratorli virusli infeksiyalar yuqishining oldini oluvchi samarali vosita hisoblanadi. Ekspertlar ta’kidlashicha, u koronavirusdan ham himoya qilishi mumkin. Qo‘l gigiyenasi va profilaktika choralari bilan birga niqob infeksiyaning yuqish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Respiratorli virusli infeksiyalar odamdan-odamga asosan havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Bemor gapirganda, aksirganda yoki yo‘talganda unda respiratorli ajralmalarning mikro tomchilari paydo bo‘ladi. Ular tarkibida virus bo‘lishi va havo orqali atrofdagi odamlarning og‘iz yoki burun shilliq qavati yuzasiga uchib borishi mumkin. Tibbiy niqob sog‘lom odam tanasiga respiratorli ajralma tomchilarining tushishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Qachon taqish shart?

Virusli infeksiya alomatlari bo‘lgan odamlar bilan muloqot paytida bir martalik tibbiy niqob taqish tavsiya etiladi. Agar uyda xasta oila a’zosi bo‘lsa, albatta niqob taqish buyuriladi.

Shuningdek, odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda, masalan, O‘RVI va gripp mavsumi paytida jamoat transportida, shuningdek, birorta respiratorli kasalliklar tarqalgan vaqtda niqob taqish zarur.

Bemorlar sog‘lom odamlar bilan muloqot chog‘ida niqob taqishi shart. Misol uchun poliklinikaga shifokor qabuliga borayotganda ham niqob taqish lozim.

Qancha vaqtda almashtirish zarur?

Tibbiy niqob bir martalik, shu bois uni takroran ishlatish mumkin emas. Uni har uch soatda almashtirish tavsiya etiladi. Shuningdek, eski niqob namlanib qolganda ham yangisiga almashtirish darkor. Niqobdan foydalangach, uni tashlab yuborish va qo‘llarni yaxshilab yuvish zarur.

Niqob taqishni bilasizmi?

Tibbiy niqob og‘iz, burun va iyakni yopishi va yuzga yopishib turishi darkor. Niqobni taqishdan oldin undagi ajinlarni tekislash lozim. Niqobning burun sohasiga tikilgan egiluvchan plastinani burunga zich tegizib taqing. Agar niqobning bir tomoni rangli bo‘lsa, oq tomoni bilan yuzga taqiladi. Shuningdek, ilgaklarga e’tibor bering: ular yuzga tegadigan tomoniga qotiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring