«G‘oyalar» qanday tug‘iladi yoxud tandirga qarshi «ulug‘» jangning boshlanishi
Havo iflos. Osmon xira. U ham bu holatdan qattiq qayg‘uda edi. Qanday qilib buni to‘xtatish, ekologiyani qutqarishga qanday hissa qo‘shish mumkin? U tashabbus ko‘rsatgisi keldi, keyin sakrab o‘rnidan turdi. Bunday «qutqaruvchi» fikrlar odatda odamga oqshom, ko‘zini shiftga tikib, o‘zini hamma narsaga qodir deb o‘ylagan payti keladi.
– Tandir! – deb baqirib yubordi. Topdim, ha-a, mana havo nega iflos!
Hammasiga tandir aybdor!
Shu zahoti uning xayolida ulug‘ reja chaqnab ketdi: «O‘zbekistondagi barcha tandirlarni yo‘q qilaman!»
Qilichini devorga ilib qo‘ygan Don Kixotday g‘urur bilan o‘z-o‘ziga shivirladi: «Bir marta qilichimni ishga solsam, hamma tandir yiqiladi…»
U xayoliga kelgan bu ulug‘vor va g‘ayritabiiy «topilma»dan shunchalar xursand bo‘lib ketganidan paypoqni teskari kiyib, ko‘chaga chiqdi:
– Hoziroq topshiriq berishim kerak!
Uning xayolida shundoq ulug‘ manzara paydo bo‘ldiki, hozirgina insoniyat taqdirini o‘zgartirib yubordi go‘yo. Ko‘zlari yonib, ichida g‘urur bilan yana o‘sha gapni qaytardi:
– O‘zbekistondagi barcha tandirlarni yo‘q qilaman! Qilichimni bir ishga solsam tamom! Havo tozarib ketadi!
Yo‘l-yo‘lakay ketarkan ichida yana bir ovoz unga tinchlik bermaydi: «Eh, qaniydi odamlar mening naqadar aqlli, hech kimnikiga o‘xshamaydigan topqir, kreativ fikrli ekanimni bilishsa edi…»
U xayoliga kelgan bu ulug‘vor va g‘ayritabiiy «kashfiyot»dan shu qadar xursand ediki, go‘yo Nyuton olmani emas, tandirni kashf qilgandek…
U barcha qo‘l ostidagi xodimlariga o‘ylagan g‘oyasini aytdi. «Biz nimalarga qodir ekanligimizni ko‘rsatib qo‘yishimiz kerak, biz havo ifloslanishiga befarq emasligimizni, tabiatni, insoniyatni ardoqlashimizni isbotlash vaqti keldi»...
Barcha bir ovozdan har doimgidek Uning fikrini ma’qulladi. Hatto bir-biriga qarab: «Juda olijanob odam bilan ishlaymiz, fikrlari har doim kreativ, hech kimnikiga o‘xshamaydi», deya faxrlanib ham qo‘yishdi.
Mana o‘sha tandir bilan kurashga otlanish sahnasi: Qo‘llar cho‘ntakda. Yelkalar kerilgan. Qadamlar og‘ir. Tandirbuzarlar non va somsa pishayotgan, issiq havosi odamning yuragini yumshatib yuboradigan tandirlar qarshisiga g‘olibdek chiqib kelishardi. Ular o‘zlarini topqir, vatanparvar, qo‘rqmas, jasoratli, tarix yaratyapmiz, deb his qilishardi.
Ana biri osmonga qarab xo‘mrayib turibdi – go‘yo u hozirgina asr kashfiyotini qilib qo‘ygandek, ko‘zlarida tantana....
Hammasi bir vaqtda o‘ljasi tashlangan sherdek olg‘a yurdi. Qadamlarida shoshqaloqlik yo‘q, faqat viqor bor. Go‘yo bu tandir emas, butun bir imperialistik tizim edi. Go‘yo bu dev edi. Go‘yo bu asrlardan beri yashab kelayotgan yovuzlik edi, xalqni uzoq yillar «zaharlab kelgan» maxluq edi. Go‘yo ular tandirga emas, butun bir yovuzlikka qarshi borayapti. Ha tandir ularga og‘zini ochib turgan ajdarhodek ko‘rinib ketdi.
So‘ng barchasi bir vaqtda tishlarini g‘ijirlatdi: «eh, toza havo kushandasi tandiiir»...
Va nihoyat botirlar, shavvozlar, kuchi bilan tog‘ni talqon qiladigan bahodirlar qo‘llariga cho‘kich, bolta, bolg‘a, tosh olib tandirlarni maydalashni boshlashdi. Bahodirlar tandirning issig‘idan, olovdan, achchiq tutunidan qo‘rqmadi, kuchi yetmasa ekskavatorlar gumburlab ishga tushdi.
Ular tandirlarni bo‘laklarga bo‘layotganda har tomondan nafratini oshkor qildi:
– Tandir sen hali havoni iflos qilganingni tan olasan…
– O, tandir, buzib kuningni ko‘rsataman!
– Changingni chiqaraman, tandir!
– O, tandir, sen bilan hisob-kitobim bor!
– Yer bilan yakson qilaman tandir!
Bu oddiy g‘azab emas edi. Bu «mafkuraviy» nafrat edi, bu hojasiga ko‘rsatilayotgan sadoqat, vafo edi. Bu xayoliy dushmanga qarshi haqiqiy jasorat ko‘rsatish zavqi edi.
Yozuvchi Migel Servantesning qahramoni Don Kixotni eslaysizmi? U shamol tegirmonlarini xayolida yovuz dushman deb ular bilan kurashga otlanadi. Tandir ham Don Kixot kurashgan shamol tegirmonlaridek jim edi. Tandirbuzarlar esa Don Kixotdek g‘alabadan masrur edi.
Ular haqida hamma bildi. Shu zahoti mashhur bo‘ldi.
Ular to‘g‘ri, zavodlarni to‘xtatmadi, mashinalarni kamaytirmadi, ko‘mir siyosatiga aralasha olgani yo‘q, chetga ketayotgan gazimizni qaytarish g‘oyasini o‘ylab topmadi...
Ular tandirga qarshi kurash ochgan qahramon sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.
Tandirlar, ya’ni havoni ifloslayotgan ulkan devlar yiqildi, nonlar har yoqqa sochildi. Hisobot tayyor: «Ekologiyani yaxshilash uchun tarixiy kurash olib borildi.»
Ha, «sher»lar g‘alaba qildi, yovuz devlar – tandirlar «o‘ldi».
Faqat osmon hali ham xira...
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter