Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Yolg‘iz ayol haqida qo‘shiq: bevaning iqtisodiy-ijtimoiy muammolari, jamiyatdagi stereotip va boshqalar haqida (birinchi suhbat)

Yolg‘iz ayol haqida qo‘shiq: bevaning iqtisodiy-ijtimoiy muammolari, jamiyatdagi stereotip va boshqalar haqida (birinchi suhbat)

Bu turkum aslida 23-iyun Xalqaro bevalar kuniga rejalashtirilgan edi. Mavzuga kirishish qiyin kechdi. Ma’lumotlar ko‘pligidan. Hammasi muhimdek ko‘rinaveradi, yana har kuni yangi va yangi xabarlar taxlamni to‘ldiraveradi... «Gender zo‘ravonlikka 16 kun faol qarshilik kampaniyasi» davom etayotgan shu kunlarda yuzaga chiqqanlari: 12 yoshli qizcha o‘zini osib qo‘ydi. Yolg‘iz ayol ana shu qizchasi va uning akalarini oyoqqa qo‘yish uchun xorijga ishga ketgan. Onasi yonida bo‘lsa qizaloq o‘zini osmasmidi?

«Yor-yor» ko‘rsatuvi orqali erkak bilan tanishgan sodda bir ayolning ming azob bilan topgan pulini erkak o‘g‘irlab g‘oyib bo‘lgan.

Yana bir guruhda 3 farzandini yolg‘iz qoldirib, uy kreditini to‘lash uchun Rossiyaga ketgan ayolning bolalarini qish kuni qanday chiqarib yuborish borasida uyning avvalgi egasi maslahat so‘ragan...

Ehtimol, so‘nggi nuqta qo‘yilguncha yana yangilari paydo bo‘lar. Ne bo‘lganda ham turkumning «Er kerakmi?» degan muhokamadan munozaraga, munozaradan mubolag‘aga aylanib ketgan iboraga aloqasi yo‘q.

Beva, tul, yesir... Tilimiz boy-da. «Xabar.uz»ning mavzuga oid birinchi qahramoni «Yolg‘iz ayol» iborasini qo‘shiqqa singdirgan shoira Jumagul Suvonova.

Yurganin yo‘l demang yolg‘iz ayolning,

Kiftiga malomat botib boradi.

Qo‘sha jon qiynalib tortolmay turgan,

Aravani yolg‘iz tortib boradi.

Oxunjon Madaliyevni bilganlar bu qo‘shiqni yaxshi eslashadi. She’r muallifi Jumagul Suvonova farzandlarini yolg‘iz ulg‘aytirayotgan o‘zbek ayoli muammolari haqida OAVda gapirganda hali xalqaro bevalar kuni e’lon qilinmagan ham edi. Jumagul eri avtohalokatda vafot etganida beshikda bo‘lgan o‘g‘li bugun 35 ga kirdi. Otasini elas-elas eslaydigan qizi ham baxtidan tinib ketgan. Shoira esa hamon yolg‘iz ayol haqida yozadi.

Jumagul Suvonova: 61 yoshda, shoira, Samarqand Davlat universiteti «O‘zbek filologiyasi» fakultetida dars beradi, «Ulug‘bek vorislari» gazetasi bosh muharriri.

– «Kiftiga malomat botib boradi» deb yozgansiz. Kimdir yozg‘itishi mumkinligini his qilishning o‘zi ruhiy bosim. O‘sha davrlarda uzoq qishloqdan kelib universitetda o‘qimoqchi bo‘lgan yoshgina beva ayolning xijolatlari ayon gap. Bugungi va o‘shandagi yolg‘iz ayolning o‘xshashligi va farqlari nimada?

– Bugungi va 30 yil avvalgi yolg‘iz ayolning o‘xshashligi yolg‘izligida. Odamlar nazarida bo‘lishida. Yolg‘iz bo‘lganidan keyin odamlar nazarida bo‘ladi, albatta.  Avvalgidan ko‘ra, bugungi kun yolg‘iz ayollari ko‘payib ketgan, menimcha. Lekin bugungi kun yolg‘iz ayollari gap-so‘zni pisand qilmay qo‘ygan. Ey bor deyapti, e, gapiraver deyapti, menga qizig‘i yo‘q,  deyapti. Oldin bunaqa emasdi, yolg‘iz ayollar. Juda ko‘p foizi uyda o‘tirardi. U paytlar aka-ukalar, yaqinlar qo‘llab-quvvatlashi boshqacha edi.

– Yolg‘iz ayollar bu faqat erlari vafot etganlar emas. Siz ta’kidlagan, yolg‘iz ayollar salmog‘i oshayotgani asosan ajralishlar hisobidan emasmi?

– Hamma masala borib tarbiyaga taqaladi. Biz kattalar tarbiyaga katta e’tibor bermayapmiz, degan xayolga boraman. Lekin kattalarning o‘zida tarbiya ne qadar?  Bugungi kun kelin-kuyovlik yoshidagi yigit-qizlarning ota-onalarining aksari chet elda yillarini o‘tkazgan, o‘tkazyapti. Pul topishga, bolasi kelajagini ta’minlashga harakat qilyapti. Bolalar bu yerda qolayapti.Qator hollarda tarbiyaga ana shu joyda darz ketayapti. Qizlarimiz erga, qaynonaga bo‘ysunishni erkning bo‘g‘ilishi deb qabul qilayotgan, yigitlarimiz ro‘zg‘orni olib borishga na bir kasbi, na ilmi bo‘lgan hollar kam emas. Oila qurgandan so‘ng ham chet el orzusi birda qaysidir oilaga barakaga keltiryapti, birda boshqa oilaga kulfat. Qayerdadir qudalarning shunchaki kelishmovchiligi yoshlar hayotini barbod qiladi. Bir joyida er-xotinning mening gapim gap degan prinsipidan boshlanadigan janjallar  bolalarni tirik yetim qilib qo‘yyapti.

Mana qarang, uzatilish yoshidagi qizning telegramm akkuanti. «Men hech kimga bo‘ysunmayman. Chunki, mening akam bor!» degan yozuvni qo‘yibdi. Shu qizning bir xonadonni obod qilishiga masalan men ishonmayman. Yoki onasiga o‘shqirgan yigit birovni baxtli qilishiga shubham bor. Chunki, u ertaga xotiniga ham shunday o‘shqiradi. Xotiniga qo‘pollik qilmaganida, uning oldida onasini shunday izza qilsa, kelin ham qaynonaga shunga yarasha muomala ko‘rsatadi. Oila degani juda murakkab tushuncha. Har bir ajralish alohida holat. Ular uchun umumiy o‘lchov topish qiyindek.

– Oiladagi zo‘ravonliklarning ham ajralishlarda o‘rni katta.

– Zo‘ravonliklar nimadan kelib chiqadi? Biz uzoq vaqt qizlarni oilaga tayyorlash deganda pishir-kuydir, tikish-bichishni nazarda tutib keldik. Lekin avvalo murosayu madora degan tushunchani qanchalik biladi, degan savolni o‘rtaga tashlashimiz kerak emasmi? Bu quda tomonlarga ham, kelin va yigitga ham birdek taalluqli gap.

Qadimdan bor gap: «man-man» degan xonadonda ham gap-so‘z bo‘ladi. Ana shu gap ko‘chaga chiqqanda, ichkaridagi uchqun alanga olishi xo‘b kuzatilgan. To‘g‘ri tushuning, bu bilan kelinlar boshiga tegirmon toshi aylantirsa ham chidasin, churq etmasin demoqchi emasman. Ayolmi, erkakmi baxtli bo‘laman dedimi, tushunsin, bir o‘zi baxtli bo‘lolmaydi. Oilada yo ikkisi ham baxtli bo‘ladi yoki ikkovi ham baxtsiz.

«Xotinning tili erning qo‘lini uzun qiladi» degan gap ham bor. Yoki aksincha, uzun qo‘lli kuyov ayolini o‘zidan sovutadi. Ayolini hurmat qilish xotiniga qaram bo‘ldi degani emas! Qars ikki qo‘ldan degan gap qadimdan qolgan.

– Oilaga qizlarni tayyorlash borasida gapirdingiz. Yigitlar-chi?

– Aslida qiz uchun ham, erkak uchun ham oilaga tayyorgarlik o‘z uyida ko‘rganidan boshlanadi. Maxsus kurslarga bormasa ham, ular ongiga mas’uliyat yoshligidan singdirilishi kerak. Yigit ayolini ham tarbiyalashi muhim deyishadi ulamolarimiz. Uning uchun yigitning o‘zi tarbiya ko‘rgan bo‘lishi kerak. Ota-onalar qizlardan ko‘ra ko‘proq yigitlarni tarbiyalashi kerak. Turkiyada men ko‘p ko‘rdim – qizlarni nisbatan erkinroq qo‘yadi-da, yigitlarni tarbiyalaydi. O‘g‘il bolalarga sen ro‘zg‘or tebratishing kerak, oilaboshi bo‘lasan, farzandlaringni boqib katta qilishing kerak, degan tushunchani kichikligidan miyasiga quyishadi.

Keyin o‘zimizdagi Shavkat Mavlonov degan tibbiyot sohasi bilimdoni aytgan formula juda ahamiyatli. Yigit 3 jihatdan tayyor bo‘lgandan keyingina uylanishi mumkin. Jismoniy holat, iqtisodiy ta’minlay olish holati, eng muhimi ruhiy jihat – juftini baxtli qilishga ruhan tayyor bo‘lish holati. Bizda ko‘pincha ana shu uchinchi shartga e’tibor berishmaydi. Qolaversa, uyga to‘rtta non ko‘tarib kelishni ham uddasidan chiqmaydigan, ayolini topib kelganini yeb yotadigan yigitlarimiz ham bor.

– Aksar o‘zbek ayollari pichoq borib suyakka qadalguncha chidaydi. Bu fazilatmi, qusurmi?

– Sabr, bardosh, oila saqlab qolinishiga imkon berish fazilat bu. Ammo buni ikkinchi tomon  suiiste’mol qilmasligi kerak. Lekin, ishoning, arzimagan sabab bilan ham yarim yil, bir yilda oilalar ajrashib ketayapti. Eng avvalo bolalarni kasb-hunarga o‘rgatishimiz kerak. Oilaga pul topib kelib, oilani yo‘lini to‘g‘rilaydigan, yashash uchun sharoit yaratadigan bolalarni tarbiyalashimiz kerak. Yigit topib kelib, qiz uni eplamasdan, bir yog‘ini chiritib, bir yog‘ini kuydirib tashlayversa, bu ham to‘g‘ri emas. Erkak topib kelyaptimi, ayol kishi ham erkakning yonida turib ro‘zg‘or manfaati uchun nimadir qilsa, topganini ta’na qilmasa, baraka bo‘ladi. Shunda janjal ham kamroq bo‘ladi, deb o‘ylayman.

– Zo‘ravonlik sabab  o‘z joniga qasd qilguncha ayol ajrashgani yaxshi emasmi?

– Ayollarning zulmga, haqoratga, kamsitilishga munosib deb aytmoqchi emasman. Yo‘q, aslo! Oilasida qadr topmagan deb hisoblayotgan ayol chiqib ketishga haqli. Bugunda ajrashish uyat bo‘lmay ham qoldi. Lekin endi ayol yanada kuchliroq bo‘lishga tayyor turishi kerak. Yolg‘iz ayol bo‘lishi oson emas! Endi u ham ota, ham onalikni uddalay olsa, yolg‘iz ayol uchun berilgan haq-huquqlarni o‘rgansa, talab qilsa yo‘lini o‘nglab ketadi. O‘zini o‘ldirish bu yechim emas, kaltabinlik!

– Yolg‘iz ayolning eng birinchi muammosi nima?

– Uy-joy. Yashaydigan joyi bo‘lsa, ayol 2-3 ta bolani bir navi qilib boqib oladi. Bugunda ajrashgan qizlar ota-ona uyiga sig‘may qolishyapti. Chunki uyning egasi akasi yoki ukasi. Ayol bolalari kichikligida uy-joy qilib olish uchun chetga chiqib ketadi. Uy bitgach, keyin ularning o‘qishi va to‘y, orzu-havaslari deb yana muhojirlikda qoladi. Bu jarayon oson kechadimi? Bu yo‘lda aldanganlar qancha, sotilganlar qancha, sog‘lig‘ini yo‘qotganlar qancha? 400-500 dollar uchun bir oy mehnat qiladi. O‘zimizda ham hozir 400-500 dollar olayapti mehnat qilayotganlar. Lekin buning uchun diplom yoki tayin bir hunari bo‘lishi kerak. Yolg‘iz ayol subsidiya bilan uy olsa davlat boshlang‘ich to‘lovda yaxshigina qo‘llaydi. Lekin keyingi 75 foizni to‘lash uchun ayol qayerdadir ishlayotgan bo‘lishi kerak-da.

– Bir diniy ulamoning ayol faqat uch marta ko‘chaga chiqishi mumkin, degan videosi tarqaldi. Bu gap yolg‘iz ayollarga ko‘proq og‘ir botganini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rdik. «Bolalarimni boqish uchun har kuni ishga bormasam bo‘lmaydi» degan mazmundagi izohlar kam emas edi...

– Ayol ham inson-ku. Unga ham havo kerak. Qanday ko‘chaga chiqmay bolasini boqadi. Ana shunaqa hayotga, insonlarning turmush tarziga o‘ziga xos qaraydiganlar ham bor-da. Men «Imom Termiziy» jome masjidi imom xatibi Is’hoqjon Begmatovning yolg‘iz ayollar haqida aytgan gaplarini ibratli, deb bilaman. «Eri yo‘q ayolning dardi ko‘p bo‘ladi» deydi domla. Bolalarini oyoqqa qo‘yish uchun ishlab, halol, pokiza yursa ham erkaklar gap otishi, noto‘g‘ri ko‘z bilan qarashini ta’kidlaydi. 

– Yolg‘iz ayol bo‘lish qandaydir tamoyillarga ham asoslanadimi? Ona ajrashgan, qizi ham ajrashgan hollar kuzatiladi. Yoki bitta oilada 3 ta opa-singil ajrashgani bor.

– Qizni joyini topib uzatish ham bir san’at. Yaxshi joyga munosib aqlli, farosatli qilib tarbiyalash ham katta gap. Qizlari qolib ketishidan qo‘rqib loyiq bo‘lmagan joyga uzatganini, janjallar avj olganda tan olishadi. Bilimni, savodxonlikni, tarbiyani, hayotiy tajribani yetishmasligi sabab bir toifa ajrashgan ayollar «yolg‘izlik yaxshi» deb aytishadi. Ular uchun erkakning ra’yiga qarab, uning xizmatini qilib, uni tushunib, uni hurmatini qo‘yib yashash oson emasdek. Yoki ular erining uyida haddan ortiq zulm ko‘rganu, yolg‘izlik yuki yengil bo‘lmasa-da, «yolg‘izlik»ni ana shu yuki bilan yaxshi ko‘rishadi. Yanayam bilmadim.

Erkin yashash, birov pishagini pisht demasligi, xohlaganini yeb, xohlaganini kiyib, xohlagan joyiga borib yashash erkinlik-da endi. Eri uyida erki bo‘g‘ilgan ayol ajrashgach nihoyatda baxtli his qiladi shekilli. Biroq, o‘shalar ham o‘rni kelganda eziladi, o‘zini boshqalardan kam his qiladi, o‘zi his qilmaganda jamiyat birdamas-birda unga umrining kemtik qismini eslatadi. Qaysi yili bir ko‘ngilochar gazeta qo‘limga tushib qolganda, o‘qib qoldim: «Eri yo‘q ayol – qopqoqsiz qozon, itlar yalaydi» deb yozilibdi. O‘qiyotganim hikoya ham emas, qissa ham emas, shunchaki na maqola va na bir janri tayin bo‘lgan sayoz narsa edi. Qiziqib surishtira boshladim. Matnni yozgan ayol tahririyatda ishlarkan, eri bor ekan, u bilan bir xonada pokiza, jamoada obro‘-e’tibori baland yolg‘iz ayol ishlarkan. Jumla «itlar ham yalamoqchi bo‘ladi» deyilganda men muallifni xolis deb bilardim.

– Feysbukdagi xotin-qizlar guruhida yolg‘iz ayol ishlayotgan korxona, tashkilotlarda bosimga uchrashi, komandirovkaga, navbatchilikka hech ikkilanmay uni birinchilardan jalb qilinishi haqida post shov-shuvga sabab bo‘ldi.

– Boshlig‘i erkak bo‘ladigan bo‘lsa, nafaqat falon ishni qil, balki undan ham ortiqroq bosimlar ham bo‘ladi. Endi o‘zimizning boshimizdan ham o‘tgan, ko‘rganmiz ko‘pini. Bularni yengib o‘tish uchun o‘sha ayol yolg‘izlikni zimmasiga oldimi, shu qadar kuchli bo‘lishi kerakki, qonunni bilishi kerak, vaziyatni chiroyli hal qilish uchun taktikani bilishi, asabiylashmasdan o‘z o‘rnini belgilab berishi kerak. 

– Yolg‘iz ayol o‘zining yaqinlaridan bosimga uchragan hollar ham kam emas.

– Bugunda chiqqan qiz otasi uyiga qaytar ekan, ko‘p hollarda endi u begonadek bo‘ladi. Endi avvallardagidek, jiyanni tog‘asi uyidan to‘y qilib chiqarish, tog‘asi uyiga jiyanga kelin tushirish kamchil manzara. Ayol o‘z uyi uchun harakatga kirishadi. Ko‘p holatda bu xorijga yo‘l bilan boshlanadi. Ba’zan shu ayol uy olgunicha ham qo‘llamay, ijara uylarga chiqarganlarni eshitganman. Xo‘sh,  chetga chiqib ham ketdi. Shunda ikki bolasiga qarayotgani yoki shunchaki onalari kasal bo‘lgani, devorlari qulayotgani va hokazolar vaji bilan aka-ukalar «talashi» haqida ham aytilyapti. Hamma erkaklarni yozg‘itmoqchi emasmanu, avval  bizda Alpomishlar ko‘p edi, endi Alfonslar ko‘paygan. Faqat er Alfonslar emas, aka, uka, hatto ota Alfonslar borligiga ishonavering. Yuragi «tosh» opa esa qizining to‘yida, irim qilib yolg‘iz ayol jigarini oshxonaga o‘tqazib qo‘ygani haqida yig‘lab aytilgan hikoyani tinglashga to‘g‘ri keldi. Lekin opa yoki singlisini qo‘llab, bolalari tarbiyasi, uy-joyi qurilishi, ta’miri, umuman, erkak aralashishi zarur bo‘lgan jihatlarda kemtiklikni bildirmay kelayotgan qondoshlar ko‘pchilikni tashkil qiladi deb o‘ylayman.

– Yolg‘iz ayol bolalariga umrini bag‘ishlab o‘tkazadi. Yolg‘iz ayol va bolalari munosabati...

– Ayol bolalarini boqaman deb ishladi, o‘qitaman deb ishladi, uzataman, uylantiraman, deb ishladi. Chet elda ishlamagani mana shu yerda uch joy, to‘rt joylarda ishlab kechayu kunduzi uxlamasdan pul topib, non topib, uy-joy qilib bolalarini voyaga yetkazganlarini bilaman-da men. Qator holatlarda ana shunday oila bolalari onaga mehr ko‘rsatish, hurmat-izzatini joyiga qo‘yish, ko‘nglini ko‘tarish degan narsalarni bilishmaydi. Ayol bolalariga mehr ko‘rsatishga vaqt topmagani yoki oilada muvozanatni ushlab turuvchi oila boshlig‘ining yo‘qligi bunga sabab, deb bilaman. Keyin onasi yillab xorijda ishlaganidan keyin mehrsiz bolalar ulg‘ayadi-da. Lekin bu holatlarni umumiylashtirish kerak emas. Ayollarimiz bolalari mening farzandlarim kabi Onani ulug‘lovchi o‘g‘il-qizlar bo‘lib ulg‘ayishsin.

– Mintalitetmi, bizda er-xotin ajrashdimi, ular dushmanga aylanishadi...(juda kam juftliklar bundan mustasno)

– Goho  «Kuyovimiz narkoman ekan, bilmagan ekanmiz» yoki «kelinimni boshqa odam bilan gapi bor ekan» deganini eshitib qolasiz. Qandaydir vaqt o‘tgach, qaysidir idoraga ishingiz tushganda tasodifan shu «narkoman» sizga xizmat ko‘rsatadi va u havas qilsa arzigulik yigit, ma’lumotli mutaxassis, qaytadan uylangan va baxtli ekani ayon bo‘ladi. «Boshqa odam bilan gapi bor» deyilgan kelin qaytib kelib yana ikkita tuqqani, qaynona esa og‘zini ko‘pirtirib, egizak ularning zotlarida borligini aytayotganini tinglaysiz.

Yon qo‘shnim kelinini qo‘lidagi qizalog‘i bilan haydadi. Shundan keyin durustgina ishdagi o‘g‘lini shifoxonaga qorovullikka o‘tkazibdi. «Aliment uchun kichikroq maoshdagi ish kerak ekan» demaydimi.

– Alimentni eslatdingiz. Surxondaryo viloyati Majburiy byuro matbuot kotibi Qobiljon Tursunovdan ma’lumot oldik. Joriy yilda Surxondaryo viloyatida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab qochib yurgan 516 nafar aliment to‘lovchiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan ekan. MIB xodimlari shaharma shahar yurib ularning ko‘pchiligini topishgan. Lekin bir necha kishini topishning iloji bo‘lmagan. Ana shunday «alimentchi»lardan biri «Yor-yor» ko‘rsatuviga chiqqani «MIB»chilarga qo‘l kelgan.

– Ana shunday otalar o‘zi non yeganda, osh yeganda bolasi ko‘z o‘ngiga kelmasmikan.

– Yolg‘iz ayollar mavzusi ko‘pxotinlik bilan yonma-yon tilga olinadi...

– Ba’zi erkaklarimiz emas, deyarli ko‘p erkaklarimiz bitta xotinni ham eplay olmasdan yurganidan xabarim bor. Ular to‘rtta xotinni qanday eplaydi? Men jon deyman, agar bitta odam to‘rtovini ham baxtli qilib qo‘ysa. Bunda men nafaqat moddiy ta’minotni, ma’naviyatni, aql-farosatni nazarda tutayapman. Ko‘pxotinlikda ikkinchi, uchinchi ayol kimnidir baxtsiz qilish evaziga baxtli bo‘lmasligi kerak. Lekin to‘rtalasini ham baravar baxtsiz qiladigan erkak bittasiga ham munosib emas.

– Yolg‘iz ayol yolg‘iz ayolga bosim o‘tkazayotgani haqida xabar keldi...

– Bo‘shroq yolg‘iz ayollar bor-ku, hamma kaltak o‘shalarning boshiga sinadi. Aynan bo‘shroq bo‘lgani uchun o‘zini ham himoya qilolmaydi u. Kurasholmaydi ham, o‘ziga nisbatan qilinayotgan jabr-zulmlarga javob ham qaytarolmaydi.Shallaqi bo‘lish shart emas. Haqiqiy javob bera olsa yetarli.

– Ikkalamiz suhbatda yolg‘iz ayollarning barini jabrdiyda, farishtamisol qilib ko‘rsatmayapmizmi?

– Men yozgan she’rlar, aytganlarimda yengil-yelpi, ajrashishi bu hammaniki bo‘lishiga xizmat qilayotgan, yolg‘izligi qalqonligida birovning baxtini tortib olib, ikkinchi, uchinchi bo‘lib yashayotgan, dachalar, bazmlarni «gullatayotgan»ni nazarga tutmadim. Ular qo‘shiqlarga arzimaydilar. 

– Sizning «Yolg‘iz ayol»ingizgacha Abdullo Oripovning «Muqaddas ayol»ini bilardik. Hozir ham shu mavzuda she’r yoki qo‘shiqni uchratdingizmi?

– Bir-ikkita qo‘shiq eshitdim. Lekin, menimcha, yurakka yetib boradigan darajada emas. Qaysi bittasini erkak yozgan edi xayolimda. Erkak yolg‘iz ayol dardini qanday tushunadi?

– Mavzuga oid yangi she’ringizdan parcha taqdim qilolasizmi?

Yig‘lama bardoshga boshingni urib,

Seni dard qo‘llasin, ko‘z yosh qo‘llasin,

Zulmat quchog‘idan – chinor undirding,

Shoxiga tili qon qarg‘a qo‘nmasin.

Odamlar aytmasin cho‘ng chinoringni,

Bu yolg‘iz ayolning chekkan ohi, deb.

Elatlar egilib kelsin qoshiga,

Bu joy, payg‘ambarlar sajdagohi, deb.

R.S: Mavzuni o‘rganish jarayonida bir klip e’tiborni tortdi. Azoda degan qo‘shiqchi bor ekan. Yutubda joylangan «Men onamni baxtli qilaman» degan klipda erining, keyin yaqinlarining uyidan bolalari bilan haydalgan yolg‘iz ayol obrazi olib chiqilgan. Qo‘shiq ostida yuzlab ayol voqea o‘zi haqida deb bilishni yozgan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring