Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Qadri galstukdan past ta’lim kimga kerak?

Qadri galstukdan past ta’lim kimga kerak?

Foto:«Mysecret.ru»

Finlyandiya, 2018-yil. Umumiy o‘rta-ta’lim maktabi. Razm solsangiz, maktab o‘quvchilarining kiyimlari turfa-xil, biri ikkinchisini takrorlamaydi. Hamma topganini kiyib kelgan. O‘qituvchi tushmagur ham, birovini «qani forma, qani bo‘yinbog‘» yoxud «hammang qo‘lingni parta ustiga bir xil qo‘yib o‘tir» deya javramaydi. Umuman, o‘qituvchining dars o‘tishida na asabiylik, na tahdid bor. U boqibeg‘am, shunchaki o‘rgatadi. Eng yomoni, biror kimsa qo‘qqisdan darsga kirib, yo‘qlama, galstuk va shunga o‘xshash narsalarni so‘ramaydi-ey…

Ushbu manzarani ko‘rgan odam Finlyandiyadagi ta’lim taraqqiyotiga fotiha o‘qib qo‘yaversa kerak…

Afsuski, u adashadi. Finlyandiya ta’lim samaradorligi va sifati jihatidan jahonda birinchi o‘rinda turadi, oddiy fin o‘quvchisi to‘qqiz yoshidan bir, o‘n ikki yoshidan ikki va nihoyat o‘n olti yoshidan uchta xorijiy tilda bemalol gapirishni boshlaydi.

O‘zbekiston, Buxoro, 2018-yil. Falon universitetda dars beruvchi falonchi darsga bo‘yinbog‘ taqib kelmagan talabalarni kaltakladi…

Akademik litsey va universitetda o‘qib yurgan vaqtimizda bizni kechikkanimiz, galstuk taqmaganimiz va hokazo «ayblarimiz» uchun kirish eshigi oldida ushlab, rosa nasihat yoki do‘q-po‘pisa (!) qilishardi. Negadir qo‘yib yuborishgach, o‘quv xonasiga kirishga yuragim bezillardi: chunki forma va davomat tufayli rosa jon kuydirganlar xonaga kallasini suqib «dars qanday o‘tilyapti?», «nima o‘rganyapsizlar», «shu fan sizlarga kerakmi o‘zi?», «Nima qilsak, ta’lim sifati oshadi, bizdan nima istaysizlar?» deya so‘ramasdi. Galstuk bu o‘quv binosiga kirish uchun tashrif qog‘ozi, u bo‘yningda bo‘lsa, senga kulib qarashadi, yaxshi gapirishadi, yoxud shunchaki nordon gaplardan ozod bo‘lasan.

Universitetni bitirayotgan yilimiz fakultetga yuqori idoradan tekshiruv kelayotgani xabar qilindi. Negadir shu safar ularning talabalarni eshitishiga, qayoqdagi rasmiyatchiliklarni emas, haqiqiy ta’lim sifatini tekshirishlariga ishongim keldi. Ammo o‘sha «umidbaxsh» kunda kelganlar auditoriyaga kirgandan, formada bo‘lmagan talabalar uchun o‘qituvchini koyidi va kim necha soat dars qoldirgani aniqlash uchun jurnalni titkilay boshladi….

Ta’lim muassalarimiz devorlariga bir boqing: u yerda o‘quvchining o‘zini tutishi, qanday kiyinishi haqida eslatmalar, tavsiyalar, nasihatlar juda ko‘p. Albatta, bu yaxshidir, ammo talaba yoxud o‘quvchi bu yerga kelib eng asosiy vazifasi — ilm olishni bajarmayapti.

Yaqinda bir oliy o‘quv yurtining sahifasida «Tartib ta’limdan muhim!» degan balandparvoz jumlani o‘qib qoldim. Unda o‘quv muassasasi rahbariyati shaxsan o‘zi talabalarning ertalab kiyinib kelishini nazorat qilayotgan ekan. Faraz qilaylik sen jurnalistika fakulteti talabasisan, dekanga yoqishing uchun boshingni qotirib, o‘tkir maqolalar yozishing, tajribani o‘rganishing, yoxud jon kuydirib xorijiy tilni egallashing emas, galstuk taqib kelishing kifoya. Senga kechikkaning va o‘quv formasida emasliging uchun soatlab nasihat qilishlari mumkin, ammo auditoriyada bekor o‘tgan vaqting katta yo‘qotish ekanligi haqida hech kim aytmaydi. Bugun maktab formasidagi o‘quvchi olti soat darsda o‘tirib, quruq qaytmoqda, universitetni tugatgan ayrimlar ikki qatorni eplab yozolmayapti. Ammo bu haqda o‘sha «bo‘yinbog‘chilar» jim.  Go‘yo bu muammolar ularga qorong‘u.  Tinchgina aybni yana «o‘quv muassasasi ichki tartib qoidasiga rioya qilmaganlar»ga ag‘darib qo‘yaverishadi.

 Xullas, ta’limdagi muammolar majburan taqdirilgan bo‘yinbog‘lar ortida qolib ketar ekan, yapon talabasi ixtirosi uchun patent olayotgan vaqtda o‘zbek talabasi oddiy matoni ta’na-dashnomlardan qutilish uchun yagona yo‘l deb bilaveradi. 

Ulug‘bek Oripov

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring