Koronavirusdan sog‘ayganlar soni 2000 nafarga yaqinlashdi

Ayni soatlarda poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 5 nafar, Surxondaryo viloyatida 1 nafar, jami 6 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning barchasi erkak bo‘lib, xalqaro yuk tashish avtomashinasi haydovchilari bo‘lgan 3 nafari Qozog‘iston orqali, 2 nafari esa Rossiyadan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Ulardan 2 nafari Farg‘ona viloyatidan, Surxondaryo, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ularning eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 24 yoshda. Endilikda Toshkent shahrida shifo topganlar 616 nafarga yetdi.
Surxondaryoda tuzalgan 35 yoshli bemor (ayol) Farg‘ona viloyatidan bo‘lib, Moskva – Termiz yo‘nalishidagi charter reys bilan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Viloyatda shu paytga qadar sog‘ayganlar 36 nafarga yetdi.
Shunday qilib, bugunning o‘zida 107 nafar bemor tuzalib, mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1988 nafarni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda yurtimizda koronavirus aniqlanganlar soni 2482 nafarni tashkil qilib, sog‘aygan va vafot etganlardan tashqari, jami 484 nafar bemor davolanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter