Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

9 maydan boshlanayotgan yoxud unutilayotgan tarix

9 maydan boshlanayotgan yoxud unutilayotgan tarix

Foto: «Google.com»

Har yili 9 may yaqinlashaversa mening qon bosimim ko‘tarilaveradi. Sababi, o‘sha, bundan 74 yil oldin sodir bo‘lgan g‘alaba kunining yoshi kattalashgan sayin biz uni yildan-yil ashaddiyroq tarzda nishonlayapmiz. Yillar o‘tgan sayin o‘sha kun bizdan uzoqlashib qochayapti, biz esa undan ayrilgimiz kelmay battaroq quvlayapmiz.

Yo‘q, men o‘sha g‘alabani ahamiyatini kamsitmoqchi ham, pasaytirmoqchi ham emasman. Fashistlar ustidan dunyo ommasining g‘olib bo‘lgan kuni sifatida bu kun hali uzoq eslanishini ham bilaman. Qolaversa, garchi tirik qaytib kelgan bo‘lsalar-da o‘zimning ham ikkita bobom ana shu urushda qatnashganlar, fashistlarning dodini berganlar.

O‘sha urushdan kimdir qaytdi, kimdir esa bedarak ketdi, kimdir esa qahramonlarcha halok bo‘ldi. Ularning hammalarini duo qilaman. Ammo... o‘ylayman, bizda xalqimiz uchun qadrli bo‘lgan o‘sha «g‘alaba kuni»dan boshqa yana qanday kun bor? Nahotki biz uchun 9 may, 1945 yildan oldin tarix bo‘lmagan bo‘lsa? Ota-bobolarimiz Vatan uchun, erk uchun jon fido qilmagan bo‘lsalar?

Shu o‘rinda kichik bir «lirik» chekinish qilaman; Men, ijtimoiy tarmoqlarga kirgunimcha Turkiyaning tarixini bilmaganman. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda turli insonlar orqali lentamga kunora turk tilida «Falon oyning falon kuni, bobolarimiz falon shaharning himoyasida mardlarcha turib g‘olib bo‘lgan yoki shahid bo‘lgan kun. Kelinglar, ularni duolarimizda yo‘qlab qo‘yaylik» degan yoki qandaydir muhim kunlar sababli tashkillashtirilayotgan tadbirlar haqida xabarlar keladi. Men o‘sha xabarlardan anglaymanki turklar bundan bir asr oldin o‘z yurtlarining mustaqilligi katta xavflar ostida qolganida Vatanlarining har bir qarich yerini jonlarini fido qilib himoya qilganlar, shahid bo‘lganlar. Eng muhimi esa ana o‘sha kunlarni, ular hatto yilning 365 kunini band etsa ham kichikroq tadbir orqali bo‘lsada doim eslaydilar. Yutuqlarini bayram qiladilar, mag‘lubiyatda shahid bo‘lganlarni duolar bilan xotirlaydilar.

Shuningdek turklar bayrog‘ining rangi nega qip-qizil alvonrang ekanligini ham bilmas edim. O‘zimcha Mustafo Kamol Otaturk Rossiyadagi Oktyabr to‘ntarishidan ilhomlanib Turkiyada «Yosh turklar» tashkilotini tuzgan va qizil bayroq andozasini «bolshavoylar»dan olgan deb yurardim. Ammo bir turk shu taxminimni eshitib nihoyatda darg‘azab bo‘ldi; «Qizil bayroq bu-Turkiyaning mustaqilligi uchun kurashgan va shahid bo‘lgan bobolarimizning qonidan olingan. Boshqa gap yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas!»

Xo‘sh, bizning bobolarimiz faqat 1941-45-yillardagi fashistlarga qarshi Jahon urushida birlari g‘olib, yana birlari shahid bo‘ldilarmi? Bizda o‘sha urushdan oldin g‘alabadan faxrlanadigan yoki mag‘lubiyatda shahid bo‘lganlarni eslab duolar qiladigan kunlar bo‘lmaganmi?

Nahotki bizning tariximiz ham, g‘alabalarimiz yoki mag‘lubiyatimiz o‘sha 1945 yildan boshlangan bo‘lsa?

Nahotki ota-bobolarimiz o‘sha urushgacha Oyda yashagan bo‘lsalar?

Yo‘q azizlar. Bizda ham o‘sha urushgacha shonli tarixlar bo‘lgan. Bizning ota-bobolarimiz ham xuddi turk qardoshlarimizning ota-bobolariday bir asr va undan biroz oldin, oldiniga Chor Rossiyasining okkupatsiyasiga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatganlar, Vatan tuprog‘ini himoya qilib shahid bo‘lganlar.

Undan keyin esa «bolshavoylar»ning «qizil terror»iga qarshi jang qilib yana qanchalab bobolarimiz shahid bo‘ldilar. Yana qanchasi esa o‘z yurtining himoyachisi o‘laroq chiqib, kelgindi bosqinchilar tomonidan «bosmachilar» deb nomlandilar. Ularning ham alvonday qip-qizil qonlari daryo bo‘lib oqqan. Bugungi qir-adirlardagi alvonrang lolaqizg‘aldoqlar ana o‘sha yurt himoyasi uchun shahid ketgan bobolarimizning qonlari bilan sug‘orilgandir.

Garchi o‘shanda mag‘lubiyatga uchrab, biz oldiniga chorizmning, keyinchalik dunyo tarixida «mustabid bir tuzum» o‘laroq baholangan «bolshavoylar imperiyasi»ning mustamlakasi bo‘lgan bo‘lsak ham, o‘sha mag‘lubiyatlar Vatan himoyasi uchun jon fido qilib shahid bo‘lgan bobolarimizni, shu yurt uchun qilgan qahramonliklarini hech ham kamsitmaydi. Kamsita olmaydi ham. Ammo, biz bugun ularni munosib eslay olayapmizmi? Ularga munosib avlod bo‘la olayapmizmi? Topib olganimiz, shu 9-maydan boshqa, yurt ozodligi uchun jon fido qilgan bobolarimizni qahramonliklarini yo‘qlaydigan, eslaydigan boshqa kunimiz bormi?

Xuddi turklarga o‘xshab bizda ham tarix zarvaraqlarida shonli harflar bilan yozilgan sanalar ko‘p.

Chor Rossiyasining Toshkentni bosib olishi, Qo‘qonni bosib olib xonlikni tugatishi, Samarqandni bosib olishi, Dukchi Eshon qo‘zg‘oloni, 1916 yilda bo‘lib o‘tgan Jizzax qo‘zg‘oloni, Turkiston muxtoriyati e’lon qilingan va tugatilgan kunlari, Kolesovning Buxoroni aviatsiya yordamida bombardimon qilishi, bolshavoylar tarafidan «O‘rta Osiyoda bosmachilik harakati batamom tugatildi» deb berilgan sana, 1937 yildagi Stalin qatag‘onining boshlanishi va bu yo‘lda millat tirgaklarining qamoqxonalarga tiqilishi, o‘tgan asrning 80-yillaridagi markaz tomonidan uyushtirilgan «paxta ishi» kabi hodisalarning har biri alohida kun qilinib eslanadigan, shahid ketgan bobolarimiz haqqiga duolar qilinadigan muhim kunlardir.

To‘g‘ri, o‘sha kunlar haqida tarix darsliklarida bordir yoki tor doiralarda eslanar ham. Ammo biz yosh avlodni vatanparvar qilib tarbiyalamoqchi bo‘lsak bobolarimizning ana o‘sha g‘olib yoki mag‘lub bo‘lgan kunlarini kengroq doirada eslashimiz, ular haqida OAVda ko‘proq targ‘ibot ishlarini olib borishimiz kerak emasmi?

Bugun borib intervyu olayotganimiz 95 yoki 100 yoshni qarshilagan urush qatnashchisining boshidan o‘sha urushdan oldin nimalar o‘tgan, uning bolshovoylarga qarshi kurashgan otasining, Chor Rossiyasi armiyasiga qarshi jang qilgan bobosining holi nima bo‘lgan, hech kim bu haqda so‘ramaydi. Ammo so‘rash kerak. O‘sha inson fashistlarga qarshi jangda qatnashguncha o‘tgan hayotida balki otasining, bobosining ham boshqa dushmanlarga qarshi janglarinigg guvohi bo‘lgandir. Oilasini «quloq» qilib azob berishgandir. Naxotki o‘sha kunlarni osongina unutib, tarixni har safar 9 maydan osongina boshlayversak?!

1991 yilda biz nihoyat mustabid tuzumdan qutildik va mustaqil O‘zbekiston bo‘ldik. Shundan keyin biz yurtimiz uchun jon fido qilgan bobolarimizni munosib eslasak hech kim hech narsa demas edi. Ammo o‘tgan 26 yillik tariximizdan xulosa qilib aytaman; biz ularni munosib eslamayapmiz. Aksincha, yopishib olganimiz shu 9 may sanasi bo‘layapti.

Tog‘ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» filmini ilk bor ko‘zimda yosh bilan yig‘lab ko‘rganman. Chunki bu filmda oxirgi 150 yillik tariximiz boricha ko‘rsatilgan. Ammo yurt ozodligi uchun shahid ketgan bobolarimizni munosib eslamaganimiz yetmaganday negadir bu filmni ham menga noma’lum bo‘lgan sabablarga ko‘ra ancha yillardan beri hech qayerda ko‘rsatishmaydi.

Shuningdek na televideniya va na OAV o‘zimizga tegishli tariximizda o‘tgan sanalarni eslatadi. Balki eslatar, ammo u tor doirada bo‘ladi. 9 mayni eslashni esa mubolag‘a bo‘lsa ham aytay, mart oyidan boshlab yuboramiz.

Shuningdek o‘sha yurt ozodligi va erki uchun jon fido qilib shahid bo‘lgan bobolarimiz haqida na tuzukroq film olganmiz, na serial ishlaymiz va na hujjatli film ishlaymiz. Nazarimda ular yildan yil unutilmoqda.

Tarix bizga saboq bo‘lishi, yutuqlarimizdan faxrlanishimiz, mag‘lubiyat va alamli kunlardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak.

Shu paytgacha nima bo‘lsa bo‘ldi va haliyam kech emas. Biz yuqorida yozgan muhim sanalarda bobolarimizni, ularning yurt uchun jon fido qilganlarini yosh avlodga yanada singdirish uchun mamlakat bo‘ylab turli tadbirlar o‘tkazishimiz kerak. Aks holda 1945 yil, 9 maydan oldingi tarixini bilmaydigan, bilsa ham eslashni xohlamaydigan manqurt avlodlarni yetishtiramiz xolos. Balki yetishtirib ham bo‘lgandirmiz.

P.S. O‘sha fashistlarga qarshi jang qilgan bobolarim umrlarining oxirigacha «bir fashistni deb, ikkinchi fashistga qarshi jang qildik» deb o‘sha «SSSR» deb atalgan mustabid tuzumni so‘kib o‘tdilar.

G‘ayrat Yo‘ldosh

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring