Afrosiyob poyezdlarida Wi-Fi’dan ham foydalanish mumkin

Afrosiyob tezyurar poyezdlarida Wi-Fi’dan ham foydalanish mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov eslatib o‘tmoqda.
«Yaqinda Buxoroga poyezdda borib-kelishda e’tibor qilsam, hali ham ko‘pchilikni Uztelecom Wi-Fi xizmatlarini ishga tushirganidan xabari yo‘q ekan», – deb yozadi vazir.
Shermatov, shuningdek ushbu xizmat turini tekshirib ko‘rganini va Youtube platformasida foydali kitoblarni yaxshi tushuntirib bergan videolarni ko‘rib kelganini qo‘shimcha qilgan.
Vazir Wi-Fi xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun tezyurar poyezdlarning ichiga qo‘shimcha uskuna qo‘yishga to‘g‘ri kelganini qayd etib, kelgusida xarid qilinadigan yangi poyezdlarni boshidan ichidagi tegishli telekommunikatsiya uskunalari bilan olinishiga umid bildirgan.
Uning izoh berishicha, tez harakatlanadigan va metal ko‘p ishlatilgan vagonlarda tashqaridagi aloqa signallari abonentlarga yetib borishida muammo bo‘ladi, shuning uchun ularni ichida tegishli qurilma o‘rnatilishi shart.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter