Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Harbiylik siri (fotoreportaj)

Harbiylik siri (fotoreportaj)

Foto: «Xabar.uz»

To‘qson yillik tarixga ega Toshkent aloqa kasb-hunar kollejining fayzli hovlisi bugun o‘zgacha qiyofa kasb etgan. Darvozadan kirishingiz bilan ko‘zingiz qator saf tortib turgan harbiy texnikalarga tushadi. Ichkarida esa chap tomonda stollarga qo‘yilgan zamonaviy qurol-yarog‘lar, o‘ng tomonda harbiy liboslar ko‘rgazmasi hamda askarlar oshxonasida tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari. Kollej o‘quvchilari askarlar kiyim-kechaklari, qurol-yarog‘lar qo‘yilgan stollarni o‘rab olishib, qiziqish bilan tomosha qilishyapti. Ularning ketma-ket bergan savollariga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Maxsus fakulteti 4-bosqich kursantlari hamda fakultet kiyim-kechak ombori boshlig‘i, serjant Abduqodir Qo‘ziyevlar batafsil javob berishayotir. Savollar esa juda ko‘p va xilma-xil.

Darvoqe, bu qadimiy bilim maskanida bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishi ijrosini ta’minlash asnosida TATU Maxsus fakulteti bilan hamkorlikda «Vatan muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir» deb nomlangan tadbir tashkil etilgan.

Tadbirning asosiy tantanalari kollejning majlislar zalida boshlandi. Zalning bir tomonida kollejda tashkil etilgan harbiy guruhning askarlik liboslari o‘zlariga yarashib turgan bo‘lajak Vatan himoyachilari hamda harbiylikka qiziquvchi o‘quvchilar ishtirokida tuzilgan to‘garak a’zolari, boshqa tomonida mehmonlar – Maxsus avariya-tiklash boshqaramasi (15361-harbiy qism) hamda askar va ofitserlari, shuningdek, TATU Maxsus fakulteti kursantlari o‘tirishibdi.

Tadbirda birinchi bo‘lib so‘z olgan TATU prorektori, Maxsus fakultet boshlig‘i mayor Hakim Muhitdinov avvalo barchani yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etdi hamda Maxsus fakultet haqida to‘liq ma’lumot berdi.

— Bugungi tadbirni o‘tkazishimizdan maqsad, — dedi notiq. — Siz, aziz o‘quvchilarni fakultetimiz hayoti bilan qisman bo‘lsa-da tanishtirish, shuningdek, harbiylikka bo‘lgan qiziqishingizni yanada oshirishdan iborat. Zero, harbiy aloqachilik o‘ta mas’uliyatli kasb, uni sevib-ardoqlabgina muayyan natijalarga erishish mumkin. Yaqinda fakultetimizda Ochiq eshiklar kuni o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. O‘sha kuni barcha qiziquvchilar bizdagi sharoitlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin. Fakultetga kirish imtihonlari oliy o‘quv yurtlariga bo‘ladigan umumiy imtihonlardan oldinroq boshlanishini hisobga olsak, bemalol bizda imtihon topishirish imkoniga egasiz.

Fakultet boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Yo‘ldosh Xoliqov respublikamiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan armiyamizni dunyodagi eng kuchli armiyalar safiga qo‘shish borasida olib borayotgan ishlar haqida so‘zladi.

Kollej direktori, iqtisod fanlari doktori Sherzod Tursunov o‘quvchilarni Vatanga muhabbat, ota-bobolarimiz an’analariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida kollejda amalga oshirilayotgan harakatlar, bo‘lajak Vatan himoyachilari ongiga Alpomish yurtining mard o‘g‘lonlari bo‘lish yuksak burch ekanligini singdirishdek katta maqsad yo‘lida joriy yilning 15-dekabridan 2019-yilning 15-yanvarigacha bo‘lgan muddat davomida e’lon qilingan Vatanparvarlik oyligining ahamiyati haqida gapirib, tadbir tashkilotchilariga, xususan, Maxsus fakultet harbiylariga minnatdorlik bildirdi.

Ishtirokchilar Maxsus fakultetning bayroqdor, qo‘l jangi guruhlari chiqishlarini tomosha qilishdi.

Tadbir so‘ngida boshlovchi jarangdor qilib o‘qigan hassos o‘zbek shoiri Muhammad Yusufning quyidagi satrlari zal uzra baralla yangradi:

Qalqoning bor kim qasd qilsa gar joningga,

Alpomishlar ruhi yor har o‘g‘loningga.

Asragaymiz giyohing ham gulday o‘pib,

Yovlar yaqin yo‘lolmagay qo‘rg‘oningga.

Adoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston,

Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!

Muborak Mirkamolova, «Xabar» muxbiri

Ibrohim Dushanov olgan suratlar

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring