Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Amazon” minglab xodimning bahridan o‘tmoqda – sabab ma’lum

“Amazon” minglab xodimning bahridan o‘tmoqda – sabab ma’lum

Foto: AP

AQShning “Amazon” kompaniyasi 14 ming xodim ishdan bo‘shatilishini ma’lum qildi.

Texnologiya giganti keng ko‘lamda shtat qisqarishini byurokratiyaga qarshi kurash, ayni paytda ustuvor ahamiyat kasb etgan loyihalarni davom ettirish va resurslarni qayta taqsimlash maqsadi bilan izohlagan.

“Amazon” vakiliga ko‘ra, qisqartirishga tushgan aksar xodimlar 90 kun davomida kompaniya ichida yangi lavozim qidirib ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi. Ular, shuningdek, moddiy rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilgan.

Shirkat aynan qaysi yo‘nalishdagi kadrlar ishdan bo‘shatilishini ochiqlamagan. Ammo matbuot xabariga ko‘ra, bulut texnologiyalar, chakana savdo, kommunikatsiyalar va qurilmalar yo‘nalishida faoliyat yurituvchi xodimlarning bahridan o‘tilishi kutilmoqda.

“Amazon” shirkati 2022 yilda ham 27 ming xodimni ishdan bo‘shatgandi.

So‘nggi qisqartirishlar sun’iy intellektdan keng foydalanish bilan bog‘liqdir. Joriy yil iyun oyida “Amazon” bosh direktori Endi Djassi sun’iy intellekt texnologiyalaridan istifoda etilishi ortidan ish jarayoni avtomatlashuvini qayd etgan edi.

Oktyabr oyi boshida esa “The New York Times” gazetasi kompaniya yarim millionga yaqin mutaxassisni robotlarga almashtirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Joriy yil ikkinchi choragi statistikasiga muvofiq, “Amazon” shirkatida dunyo bo‘ylab 1,55 million kishi ishlagan. Ularning 350 mingi ofis xodimlaridir. Shirkatning bozor qiymat 2,4 trillion dollardan oshgan.

AQShda faoliyat yuritib kelayotgan dasturchi va jurnalist Behzod Mamadiyev ham “Amazon”dagi qisqartirishlar SI bilan bog‘liq ekanini tasdiqladi.

“Amazon” kompaniyasi bugun 14 ming xodimini ishdan bo‘shatdi. Aksariyati dasturchilar, yaxshi maosh oladigan xodimlar. Ishidan ayrilganlar orasida tanishlarim ham bor. Sun’iy intellektning ta’siri bu. Hozir kodni asosan sun’iy intellekt yozyapti. Biz unga topshiriq beramiz, yozgan kodini tekshiramiz, xatosi bo‘lsa tuzatamiz. Qo‘lda noldan boshlab kod yozadigan davrlar tugadi. Sun’iy intellekt ish samaradorligini 10 barobargacha oshiryapti. Natijada bu xodimlar sonini qisqartirishga ham sabab bo‘lyapti”, – deb yozdi u Telegramdagi sahifasida.

SI jamiyat hayotiga faol kirib borishi sabab ko‘plab yo‘nalishlarda ish o‘rni qisqarishi kutilmoqda.

2024 yilda dunyo bo‘yicha texnologiya sektorida 280 991 xodim ishdan bo‘shatildi. Joriy yilda ham katta ko‘lamda qisqarishlar ro‘y berishi aytilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, “Microsoft” generativ sun’iy intellektning mehnat bozoriga ta’siri yuzasidan tadqiqot natijalarini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, axborot, yozuv ishlari va kommunikatsiyalar bilan bog‘liq kasblar egalariga sun’iy intellekt eng ko‘p xavf solmoqda. Eng zaif kasblar guruhiga tarjimonlar, tarixchilar, yozuvchilar, muharrirlar, texnik yozuvchilar va data-scientists (biznes yechimlari uchun ma’lumotlar bilan ishlovchilar) kiritilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring