Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh davlat kotibi Ukrainadagi urushni to‘xtatish yo‘lini aytdi

AQSh davlat kotibi Ukrainadagi urushni to‘xtatish yo‘lini aytdi

AQSh davlat kotibi ukrainalik hamkasbi bilan bu gal noodatiy vaziyatda ko‘rishdi. Foto: Twitter/Blinken

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 5 mart kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan uchrashdi. Vazirlar uchrashuvi Ukraina–Polsha chegarasida kuchli xavfsizlik choralari ostida kechdi.

Davlat kotibi urush davom etayotganiga qaramay chegara orqali Ukraina hududiga bir necha qadam qo‘ygan.

Uchrashuvda Ukrainaga qo‘shimcha qurol-aslaha yetkazish, Rossiyaga nisbatan navbatdagi sanksiyalarni joriy etish, harbiy harakatlar to‘xtatilmasa, mamlakatni xalqaro hamjamiyatdan yanada kuchli ihotalash masalalari muhokama etilgan.

E.Blinken Rossiya prezidenti V.Putin tomonidan Ukrainaga bostirib kirish buyrug‘ining berilishini mudhish xato deb atagan va Kiyevga harbiy, iqtisodiy hamda gumanitar ko‘mak kuchaytirilishiga va’da bergan.

«Bugun do‘stim Dmitriy Kuleba bilan Ukraina–Polsha chegarasidagi uchrashuvimiz ilhombaxsh ruhda kechdi. U va prezident Zelenskiy namoyish etayotgan yetakchilik va jasurlik tahsinga sazovor. Qo‘shma Shtatlar hamda butun dunyo ularni va Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», – deb yozadi AQSh bosh diplomati ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida.

Davlat kotibi Blinken mazkur safar davomida Polshaning TVN telekanaliga bergan intervyusida ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan masala – Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini to‘xtatish yo‘llari xususida ham fikrlarini bayon qilgan. Xususan, bu borada iqtisodiy-moliyaviy jazo choralari va cheklovlarni alohida qayd etgan.

«Sanksiyalar ko‘pchilik bir oy yoki olti hafta muqaddam tasavvur qilganidan ham kuchli ta’sir o‘tkazayotir. Chunki bu jarayonga juda ko‘plab mamlakatlar bosh qo‘shdi. Rossiyadagi yirik moliya tuzilmalariga cheklovlar joriy etilishi, muhim yo‘nalishlarni modernizatsiya qilish uchun texnologiyalar yetkazishning to‘xtatilishi, oligarxlar hamda ularning oilalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sanksiya kiritilishi – bularning bari kuchli, ko‘lamli ta’sirga ega», – deydi davlat kotibi.

S.Salim

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring