AQSh va Eron muloqoti qayta boshlanishi mumkin – WSJ
AQSh va Eron kelasi hafta to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni qayta boshlashi mumkin.
The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar vositachilar ishtirokida o‘zaro anglashuv memorandumi ustida ishlamoqda. Ushbu hujjat urushni yakunlash bo‘yicha keyingi muzokaralar uchun asos bo‘lishi kutilyapti.
So‘nggi kunlarda Vashington va Tehron pozitsiyalarida ma’lum iliqlik kuzatilmoqda. Eron o‘z yadroviy dasturini muhokama qilishga tayyorligini bildirgan. AQSh prezidenti Donald Tramp esa Eron yadroviy qurol yaratmaslikka va’da berganini aytib, ikki tomon o‘rtasidagi muloqotni «juda yaxshi» deb baholadi.
Shu bilan birga, bir qator asosiy masalalar hali ochiq qolmoqda. Tomonlar uran boyitish jarayonlarini to‘xtatish muddatlari va allaqachon boyitilgan uranni Erondan olib chiqish shartlari bo‘yicha kelisha olmayapti. Bundan tashqari, Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan doimiy nazorat rolini saqlab qolishni istamoqda. Sanksiyalar taqdiri ham muzokaralardagi eng murakkab masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Ayni paytda Vashington tez orada Erondan rasmiy javob kutayotganini bildirmoqda. Tehron esa AQSh taklifini o‘rganish davom etayotganini ma’lum qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter