Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh va Eron urush yoqasida. Qarama-qarshilik tafsilotlari

AQSh va Eron urush yoqasida. Qarama-qarshilik tafsilotlari

Foto: «ria.ru»

AQSh qurolli kuchlari  uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanib, Suriya va Iroqda joylashgan «Hizbulloh» shialar harakati bazalariga havo zarbalarini berdi. Amerikaliklarning ta’kidlashicha, ularning zarbalari 27-dekabr kuni Kirkuk shahri yaqinidagi Iroq harbiy bazasining o‘qqa tutilishiga javob.

Amerikaliklarning ta’kidlashicha, bazani o‘qqa tutish paytida bir yollanma xodim halok bo‘lgan, to‘rt nafar amerikalik askar va Iroq xavfsizlik xizmatining ikki xodimi jarohatlangan.

29-dekabr kuni «Hizbulloh» bazalariga zarba berilgandan so‘ng, shia guruhlari Bog‘doddagi AQSh elchixonasiga hujum qilishgan. Avvaliga elchixona binosi oldida miting uyushtirilgan, so‘ng bu miting elchixonani qo‘riqlayotgan AQSh harbiy kuchlari bilan to‘qnashuvga aylangan. AQSh qo‘mondonligi elchixonani himoya qilish uchun qo‘shimcha kuchlarni, shu jumladan, yuz nafar dengiz piyodalari va jangovar vertolyotlarni yuboradi.

3-yanvarga o‘tar kechasi AQSh kuchlari Bag‘dod aeroportiga raketa zarbasi berdi. Ushbu zarba natijasida Islom inqilobi posbonlari korpusining «Quds» bo‘linmasi rahbari, eronlik general Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi. AQSh rasmiylari Bag‘doddagi AQSh elchixonasiga hujum uyushtirishda aynan uni ayblashgan.

Eron rasmiylari general Sulaymoniyning o‘limi uchun AQShdan qasos olinishini aytishmoqda.

AQSh harbiy kuchlari yuqori jangovar tayyorgarlik holatiga o‘tkazilgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Florida shtatida bo‘lib o‘tgan brifingda general Sulaymoniy ehtimoliy urushni oldini olish uchun o‘ldirilganini ma’lum qildi.

AQSh Oliy qo‘mondoni xorijiy davlatning yuqori martabali harbiysini sud va tergovsiz o‘ldirish uchun nima uni buyruq berishga majbur qilganini tushuntirdi. Uning qayd etishicha, bu — urushning oldini olish uchun qilingan.

Ushbu suiqasd bilan AQShga «muqarrar va dahshatli» hujumlarning oldi olinganini aytgan prezident, IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning yo‘q qilinishini ham eslatgan. «Bu yirtqichlarsiz dunyo xavfsizroq bo‘ladi», degan Tramp.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Zarif esa Sulaymoniyning o‘ldirilishini terakt deb atadi.

«Eron generali Qosim Sulaymoniyning o‘limi Qo‘shma Shtatlar tomonidan amalga oshirilgan terror hujumi natijasidir», degan Muhammad Zarif BMT bosh kotibi Antonio Guteresh bilan telefon orqali suhbati chog‘ida.

Guteresh, o‘z navbatida, Vashingtonning xatti-harakatlaridan xavotir bildirib, bu harakatlar mintaqada keskinlikning avj olishiga olib kelishini bildirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring