Ayrim toifa oilalarga quyosh panellarini o‘rnatishi uchun 41,2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi
2026-yil 1-fevraldan boshlab «Davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiritilgan oilalarga quvvati 7 — 10 kVtlik quyosh panellarini o‘rnatishlari uchun Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasidan BHMning 100 baravarigacha (hozirgi paytda 41,2 mln so‘m, -tahr.) miqdorda subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, yuqoridagi muddatdan boshlab, ushbu oilalarga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida tijorat banklari orqali 4 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha miqdorda quyidagi maqsad va shartlarda kredit ajratiladi:
- kredit oilaning mehnatga layoqatli a’zolarining bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish, shu jumladan, chorva mollari, parranda, quyon, baliq va asalari uyasi, ko‘chma do‘konlar (food truck), motoroller, skuter va boshqa asosiy vositalarni sotib olish yoki issiqxona qurish uchun ajratiladi;
- kredit bir yillik imtiyozli davr bilan «davlat ta’minotidagi oila» toifasidagi oila a’zosining ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi;
- kredit foiz stavkasi Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasidagi foiz stavkasida hisoblanadi va foiz to‘lovlari Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan tijorat banklariga qoplab boriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-son farmon bilan 2026-yil 1-fevraldan boshlab yagona Ijtimoiy reyestr yuritilishi va bunda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, «davlat ta’minotidagi oila», «kambag‘al oila» va «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifalariga ajratilishi belgilangan edi.
«Davlat ta’minotidagi oila» toifasiga esa oila a’zolari mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan va ularning har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar kiritiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter