Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Beshinchining ishlari beshmi yoki Bosh prokuror Otabek Murodovning murodi ne?

Beshinchining ishlari beshmi yoki Bosh prokuror Otabek Murodovning murodi ne?

Otabek Murodov — mustaqil O‘zbekiston tarixidagi beshinchi Bosh prokurori.

Foto: «Xabar.uz»

31-yanvarda Otabek Murodov O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori etib tayinlandi. U mustaqil O‘zbekiston tarixida beshinchi Bosh prokuror bo‘ldi. Bungacha ushbu lavozimda Bo‘ritosh Mustafoyev, Usmon Xudoyqulov, Rashidjon Qodirov, Ixtiyor Abdullayev faoliyat ko‘rsatgan.

Xo‘sh, 43 yoshli mulozim aslida kim va qanday salohiyatga ega? U uchta tilda, ya’ni o‘zbek, rus va ingliz tilida birdek so‘zlasha oladi. Uning ish uslubida prokurorcha do‘q-po‘pisadan ko‘ra diplomatik mahorat yuqori. O‘ziga to‘q oilada o‘sgan zamonaviy yigit. Otasi bir muddat Yakkabog‘ tumani hokimi bo‘lib, so‘ng respublikaning moliyaviy baquvvat korxonasida o‘rinbosarlik lavozimida o‘tirdi. Onasi esa oz emas, ko‘p emas 20 yil jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudlariga raislik qilgan. 

Otabek Murodov prokuratura sohasida suyagi qotgan, eng kichik lavozimdan eng yuqorisigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Bosh prokuraturaning jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisiga aylangan chog‘lari Rashidjon Qodirovning e’tiborini qozondi. Ammo ko‘pchilik bu munosabat Islom Karimovning Otabekka bo‘lgan shaxsan e’tiborli tufayli bo‘lgan deb hisoblashadi.

Emishki, Murodovning ona tomonidan bobosi uzoq yillar Qashqadaryo viloyatidagi Yakkabog‘ tumanining rahbari bo‘lgan va Islom Karimov bu viloyatni boshqargan kezlari o‘rtada o‘zaro hurmat-izzatli munosabatlarga ega bo‘lishgan.


Mavzuga doir:
Matbuotga O‘zbekistonning yangi Bosh prokurori Otabek Murodov haqida nimalar ma’lum?


Otabek Murodov prokuraturada ishlab yurgan ilk yillari bu idorada xizmat qiluvchi va mansab pillapoyalaridan tez yuksalayotgan yagona akasi, Qashqadaryo viloyati sobiq hokimi Ozod Farmonovning kuyovi kutilmaganda avtomobil halokatiga uchrab olamdan o‘tishi uni «shok»ka solgani aytiladi.

Murodov keyinchalik Prezident devonida yetakchi konsultant, bosh konsultant bo‘lib ishlaganida ham, Adliya vaziri o‘rinbosari, davlat maslahatchi bo‘lgan davrlarida ham xulqi o‘zgarmagani, manmanlikka berilmagani bilan, qaysidir guruhlar manfaatlari to‘qnashuviga tushib qolmagani bilan ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

Adliya vazirligining Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasidagi faol xatti-harakatlari sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirovga sira yoqmasligi aniq edi. Chunki bu boshqarma hatto prokuraturaning ham qonunchilikka rioya qilayotgan-qilmayotganini nazorat qilish vakolatiga ega edi. 2014-yilda Qodirov bosh boshqarmani tugatib, prokuratura tarkibiga qo‘shib olishga erishdi.

Aynan shu vaqtda Otabek Murodov uchun murakkab davrlar boshlanadi. Uni ustozi Ixtiyor Abdullayev kibor doiralarga olib kirgan, biroq Adliya vaziri o‘rinbosari bo‘lgan davridayoq Mirziyoyevning e’tiboriga tushgan edi. MXXning «qilichi» bo‘lgan va o‘z o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan ko‘plab ehtimoliy shaxslarni «yanchib yashagan» Rashidjon Qodirovning «nishoniga aylangach», neytral va nominal tashkilot — Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga o‘tkazib yuborildi.

Ixtiyor Abdullayev kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida ishlab turganida vaziyatdan mohirlik bilan foydalanib, Otabek Murodovni o‘zi avval ishlagan Prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlashga muvaffaq bo‘ldi.


Mavzuga doir:
Milliy xavfsizlik xizmatining yangi raisi Ixtiyor Abdullayev nimaga qodir?


Uning qo‘l ostida ishlaganlar Murodov Birinchi Prezident Islom Karimov boshqaruvi davrida ham soat 23:00 dan avval uyiga qaytmaganini, Shavkat Mirziyoyev komandasida tonggi to‘rtgacha ishlab, so‘ng uyga qaytishini, biroq ertalab sakkizda kabinetida o‘tirishini aytishadi.

Shavkat Mirziyoyevning ilk prezidentlik yilida u haqiqatda o‘zidagi salohiyatni namoyon eta oldi. Uning maslahatchilik maqomi prezident istayotgan strategiyani chuqurroq anglab olish uchun yaxshi maydoncha vazifasini o‘tadi. Davlat rahbarining unga ishonchi ortgach, yosh mulozimning vazifalar ko‘lamini 2017 yilning 1-martida yanada kengaytirib, siyosiy yo‘nalishlarni ham qo‘shib berdi va Prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi etib tayinladi.

Qolaversa, u hozirgi lavozimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat rahbariga bo‘ysunadi. Uning o‘rniga kelgan davlat maslahatchisi Rustam Inoyatov esa ishga chiqmayotgani, chiqqanda ham vazifa bilan prezident qabuliga kirmayotgani, amalda uning vazifasini ham Otabek Murodov bajarayotgani yoki u olib kelgan davlat maslahatchisi o‘rinbosari qilayotgani taxmin qilinadi.

Qolaversa, Inoyatov ishga kelgan kuniyoq qo‘l ostidagi barcha mas’ul xodimlarni yig‘ib, «bugundan boshlab o‘ris tilida gaplashamiz va yozishamiz, uqdinglarmi?» deya topshiriq bergani milliy kadrlarning hafsalasini pir qilgan.

3-darajali davlat adliya maslahatchisi Murodov mustaqil O‘zbekistonning taniqli shaxslar Bo‘ritosh Mustafoyev, Usmon Xudoyqulov, Rashid Qodirov, Ixtiyor Abdullayevdan keyingi beshinchi bosh prokurori.


Mavzuga doir:
Milliy xavfsizlik xizmatining yangi raisi Ixtiyor Abdullayev haqida nimalarni bilamiz?


Otabek Murodov endilikda Shavkat Mirziyoyev istagi va rag‘bati bilan Ixtiyor Abdullayev shakllantirgan va prokuraturaning kuchayishi tendensiyasini boshlab bergan ishlarni davom ettirishi, yangi ochilayotgan boshqarmalarni iqtidorli va xalqsevar kadrlar bilan to‘ldirishi kerak. Qolaversa, hozir unda Rashidjon Qodirovdan «revansh olish» uchun yaxshi imkoniyat ham mavjud. Ammo uning xarakteridan kelib chiqilsa, shaxsiy munosabatlardan ko‘ra qonun va adolat ustunroq ko‘rinadi.

U hech qaysi guruhlar manfaatlariga o‘ynamaydigan, odamoxun, lekin so‘zini eng quyigacha muloyim-muloyim o‘tkaza oladigan tajribali mulozimdir. U og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadigan ayrim rahbarlardan farqli o‘laroq, o‘ta madaniyatliligi va xushmuomalaligi bilan shuhrat qozongan. Qolaversa, prokuratura tizimi qo‘rqib yashagan MXX endilikda prokuraturaning umumiy nazoratida faoliyat olib borishi ham uning erkin harakatiga asos yaratadi. 

U davlat rahbarining muhim vazifa va ko‘rsatmalari, qonunchilik nazorati ijrosini to‘liq ta’minlashda davom etsa, hukmron guruhda muhim figura sifatidagi maqomini uzoq vaqt saqlab qolishi mumkin.

Huquqni muhofaza qilish bo‘yicha ikki muhim tuzilmada Prezidentning ishonchli kadrlari bo‘lgan g‘ayratli Abdullayev-Murodov juftligining kelgusida mustahkamlanishi davlat rahbari siyosatining so‘zsiz va og‘ishmay amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Said Ibragimov

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring