BMT Bosh Assambleyasi Ukraina bo‘yicha rezolyusiya qabul qildi: O‘zbekiston betaraf
Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosdagi bosqinining to‘rtinchi yilligi munosabati bilan BMT Bosh Assambleyasi «Ukrainada barqaror tinchlikni qo‘llab-quvvatlash» nomli rezolyusiyani qabul qildi.
24-fevral kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hujjatni 107 davlat qo‘llab-quvvatladi. Rezolyusiyada Ukrainaning «xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligi» tasdiqlanadi.
Hujjatga qarshi 12 davlat – Rossiya, Belarus, Burkina-Faso, Burundi, Kuba, KXDR (Shimoliy Koreya), Eritreya, Eron, Mali, Niger, Nikaragua va Sudan ovoz berdi.
Yana 51 davlat betaraf qoldi. Ular orasida – AQSh, Xitoy, Hindiston, Janubiy Afrika Respublikasi, Armaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Braziliya va Birlashgan Arab Amirliklari bor.
Hujjatda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, harbiy asirlarni to‘liq almashish, Rossiya tomonidan noqonuniy ushlab turilgan shaxslarni ozod qilish va fuqarolarni Ukrainaga qaytarish kabi talablar ilgari surilgan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga rezolyusiya qabul qilinganini olqishladi. Uning ta’kidlashicha, bu Ukraina uchun oddiy ovoz berish emas, balki mamlakat yolg‘iz emasligi va BMT Nizomi tamoyillari hali ham ahamiyatga ega ekanining tasdig‘idir.
AQSh rezolyusiyaning ayrim bandlari bo‘yicha alohida ovoz berishni talab qildi. Xususan, Ukraina hududiy yaxlitligi va xalqaro huquqqa muvofiq «adolatli va barqaror tinchlik» haqidagi bandi bo‘yicha alohida ovoz berish taklif etildi.
Biroq bu taklif qo‘llab-quvvatlanmadi va AQSh yakuniy ovoz berishda betaraf qoldi. Vashington zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlarini qo‘llab-quvvatlashini, ammo rezolyusiyadagi ayrim qoidalar diplomatik muzokaralarga to‘sqinlik qilishi mumkinligini bildirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter