Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalar faqat pul uchungina ramazon aytishmayaptimi?!

Bolalar faqat pul uchungina ramazon aytishmayaptimi?!

Illyustrativ surat.

Foto: «tv-show-best.ru»

Mulohaza

Hademay yurtimizga eng go‘zal, eng fayzli, qalblarni ziyoga to‘ldirguvchi, mo‘’tabar oylar sultoni – ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda insonlar o‘z nafsiga qarshi kurash olib boradi, sog‘lig‘ini tiklash bilan birga qalblarini turli yomonliklardan, illatlardan tozalaydi. Uzoq vaqtdan beri bir-birlari bilan ko‘rishishga vaqt, imkoniyat topa olmayotganlar iftorliklar bahonasida diydorlashadi. Piru badavlat keksalar yoshlarga tarbiya berish borasida rivoyatlarni, xadislarni yanada ko‘proq esga oladilar.

Ramazon kunlarining eng shirin lahzalari og‘iz ochishga yaqin boshlanadi. Ayniqsa ko‘pqavatli uylarda iftorlikka turli tansiq taomlarni tayyorlayotgan bekalarning kapgirlarni darang-durung qilayotgani quloqqa yoqimli eshitiladi. Kelinlar, bo‘y yetgan qizlar ayni og‘iz ochishga yaqin ko‘chalarni supurib, suvlar sepib qo‘yishadi. Odamlar qo‘llarida tandirdan yangi uzilgan nonlarni, nisholdalarni ko‘tarib o‘ta boshlashadi. Bu manzaralardan odamning bahri dili ochiladi. Afsuski, ramazon oyida bo‘lib o‘tadigan bir voqea ko‘ngilga andak noxushlik olib keladi...

Ramazonning ilk kunidan boshlab nihoyasiga qadar darvozalar taqillashdan, eshik qo‘ng‘iroqlari jiringlashdan to‘xtamaydi. Kun bo‘yi ro‘za og‘iz bilan ishlab, uyga tolib kelgan odamlar qo‘ng‘iroqning jiringlayverishidan, yosh bolalarning baqir-chaqiridan asablari tarang tortishi tabiiy. Birinchi kelganlarga hech bo‘lmaganda ming so‘m, besh yuz so‘mlik pul ulashasiz, ikkinchi kelganlarga ham amallaysiz, keyingilariga nima berishni bilmay, eshikni ochmaslikka qaror qilasiz. Lekin bola baribir bolaligiga boradi-da. To eshikni ochmaguningizcha qo‘ng‘iroqni qayta-qayta bosaveradi.

Oddiy ishchi-xizmatchi bo‘lgan, faqat maoshga yashaydiganlar bor. Ularning har bitta kelgan bolaga pul tarqatishga imkoni bo‘lmaydi. Ayniqsa oyning oxiriga borib, cho‘ntak bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolganida o‘sha ikki yuz so‘m pulni ham ayab ishlatamiz. Chunki yo‘lkiraga shu arzimagan ikki yuz so‘mligingiz bo‘lmay qolsa avtobusga chiqolmay, yayov ketasiz. Bugungi kunda ikki yuz so‘mlik pul arzanda bo‘lib qolganini har kuni avtobusda yoki metroda ishga qatnaydiganlar juda yaxshi bilishadi. «Har bitta kelgan bolaga pul ulashavermasdan konfet bering», — deydi qaynonam tinchi buzilaverganidan asabiylashib.

Bolalarga konfet ulashayotib ularning chehrasiga qarayman. Ko‘zlaridagi norozilikni ko‘rib xafa bo‘lib ketaman. Nahotki bolalar pul uchun eshikma-eshik yurib ramazon aytishayapti? Ular bir oy davomida dars tayyorlamay, foydali ish bilan shug‘ullanmay zinama-zina, eshikma-eshik yurib, oyoqlari tolib yiqqan pulini nimaga sarflashar ekan? Bolalar orasida uch-to‘rt yoshlilarini ko‘rib hayron qolmasdan iloj yo‘q. Bu bolalarning ota-onalari kechki payt to‘qqiz qavatli uylarning liftlarida, qorong‘i yo‘laklarda nazoratsiz yurishiga qanday ruxsat berishgan?

O‘tgan yili ramazon oyida bo‘lib o‘tgan bir voqea hamon ko‘z oldimdan ketmaydi. Soat to‘qqizlardan oshgan mahal eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Ochsam, ostonada olti yoshlardagi qizcha, uch yoshlardagi ukachasini qo‘lidan tutib olgancha mung‘ayib turibdi. Ikkisi ham yupun kiyingan, bolaning burni oqayapti, yuzi kir.

– Nega ukangni qorong‘ida olib yuribsan? – so‘radim qizchadan.

Qizcha indamay turdi-da, ramazon ayta boshladi. Yana savolga tutdim:

– Uylaring qayerda?

– Kasalxona orqasida, – dedi qizcha.

Yuragim uvishib ketdi. Kasalxona orqasi degani eski hovlilar bo‘lib, u yerga serqatnov mashina yo‘lidan o‘tiladi. Balki bu bolalarning ota-onasi ularning ramazon aytib yurganidan bexabardir. Nima bo‘lganda ham norasidalarning kechki payt ko‘chada yurishlari to‘g‘rimi?

Mayli, bir oylik ramazon o‘tadi-ketadi, ostonaga umid bilan kelganlarni norozi qilib qaytarmay, ko‘cha-ko‘yda ko‘rib qolsa ota-onasiga «mana bu odam baxil ekan, ramazon aytgandim, hech narsa bermadi» deb yomonlamasin yoki bo‘lmasam ramazon aytgan odamni quruq qaytarib urfni buzmaylik deymizu, biroq yosh bolaga pul berib uning tarbiyasiga salbiy ta’sir qilayotganimiz haqida o‘ylab ko‘rmaymiz.

Ra’no Mahmudova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring