Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalarda iqtidorni rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

Bolalarda iqtidorni rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

Mirmuhammad Mirhamidov.

Foto: «Xabar.uz»

Iqtidorli bolalar... Ular nafaqat oilaning, balki jamiyatning ham katta boyligi. Zero, ana shunday bolalarning aqli, salohiyati, bilimi tufayli ertaga mamlakat iqtisodiyoti rivojlanadi, odamlar boyiydi, yurt ravnaq topadi. Buning uchun esa iqtidorli bolalarga alohida e’tibor zarur.

Yuksak maqsadlarni ko‘zlab O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil etilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktabda zukko, fanlarni puxta o‘zlashtirayotgan bolalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Maktabda ularning puxta bilim olishlari uchun barcha sharoit muhayyo etilgan. Har bir bola uchun alohida kompyuter ajratilgan bo‘lib, eng tajribali, kasbiga mehr qo‘ygan muallimlar ularga saboq berishyapti. Mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, barcha fanlarni puxta o‘zlashtirayotganlardan biri 6-sinf o‘quvchisi Mirmuhammad Mirhamidovdir.

Mirmuhammad o‘tgan yilning noyabr oyida Hindistonda tashkil etilgan mental arifmetika bo‘yicha xalqaro musobaqada ishtirok etib, 37 davlat ichida birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Bu g‘alaba tasodif emas edi, albatta.

Mirmuhammad 37 davlat ichida birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Foto: «Xabar.uz»

— Bu fanga qiziqishimga ota-onam sababchi bo‘lishgan, — deydi Mirmuhammad. — Ularning daldasi bilan arifmetikaga oid darsdan tashqari kitoblarni ham o‘qib, masalalar yechardim. Shuningdek, ota-onam boshlab borgan poytaxtimizdagi «Daholar laboratoriyasi»dagi ustozim Muhayyo opaning tavsiyasi bilan mental arifmetika bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning shahar bosqichida ishtirok etib, 2-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Bu o‘tgan yilning fevral oyida bo‘lgan edi. Iyun oyida esa Bishkek shahrida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada qatnashdim.

Hindistonda o‘tkazilgan musobaqada biz jamoa bo‘lib, o‘n nafar bola qatnashdik. Ishtirok etganlarning hammasi ham yaxshi natijalarni qo‘lga kiritishdi.

Qutlovlar, tabriklar ko‘p bo‘ldi, albatta. Men uchun eng yoqimlisi otamning iftixor va ko‘zda yosh bilan «Balli, azamatim! Senday o‘g‘lim borligi bilan faxrlanaman. Hali sendan umidim katta. Sen O‘zbekistonni dunyoga tanitadiganlar safida bo‘lasan» degan so‘zlari bo‘ldi. Demak, bu men uchun yutuqlarning, shu bilan birgalikda, mashaqqatlarning boshlanishidir. Zero, Ahmad al-Farg‘oniy bobomiz aytganlariday «Ilm misoli tikonli daraxtdir. Kimki uning azobiga chiday olsa, tepasiga chiqib, mevasidan bahra olgay».

Xo‘sh, bolalarda iqtidorni rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

Munisa Aripjonova,  Mirmuhammadning onasi:

— Bolada iqtidorni rivojlantirish uchun unga yosh go‘dak emas, balki alohida bir shaxs sifatida munosabatda bo‘lish lozim, deb o‘ylayman. Unga fikrlashga, mulohaza qilishga majbur qiladigan savollar berib, javoblarini erinmay eshitish, baho berish, qiynalsa ko‘maklashish darkor. Uning hayotda qaysi yo‘lni tanlashini ham shu yo‘l bilan aniqlash mumkin.

Bolada kitobga muhabbat o‘yg‘otish ota-onaning burchi, vazifasidir. Kerak bo‘lsa, majburlab ham kitobga yaqinlashtirish kerak. Zero, barcha bilimlarning kaliti kitobdadir.

Biz farzandlarimizga hali o‘qishni bilmaydigan paytlaridanoq rangli kitoblar sovg‘a qilganmiz. O‘sha kitoblar orqali hisoblashni o‘rgatib, matematikaga qiziqishini tarbiyalaganmiz.

O‘g‘limizning mental arifmetikaga qiziqishida poytaxtimizda joylashgan «Daholar laboratoriyasi»ning o‘rni katta bo‘ldi. O‘g‘limiz u yerda tuzilgan yosh matematiklar komandasi safida turli musobaqalarda qatnasha boshladi.

Mirg‘ani Mirmusayev,  Mirmuhammadning otasi:

— Farzand har bir ota-ona uchun omonat xilqat hisoblanadi. Bolaga chiroyli tarbiya berish, uni odob-axloqli, yuksak ma’naviyatli qilib tarbiyalash ota-onaning burchi. Bolada iqtidorni aniqlash va kamol toptirish esa yanada muhim vazifa.

Bolaga birinchi navbatda mehr kerak, degan fikrdaman. Axir mehr yaxshiliklar bulog‘i. Bu buloqdan ko‘p suv ichgan bola g‘ururli bo‘lib o‘sadi, o‘ziga ishonchi ortadi. Uni erishgan yutuqlari uchun rag‘batlantirib ham borish kerak.

Shuningdek, nazoratni, talabchanlikni bir zum ham susaytirmaslik lozim. Bolaning maktabiga ona emas otaning borishi va ustozlari bilan uning tarbiyadagi kamchiliklari haqida suhbatlashishining ahamiyati katta bo‘larkan. Buni o‘z tajribam misolida ayta olaman.

Mirmuhammad bugungi kunda poytaxtimizda o‘tkaziladigan matematikaga oid «Kenguru» olimpiadasiga tayyorlanyapti. Mental arifmetika bo‘yicha xalqaro musobaqalar esa bu yil Moskva, Singapur, Issiqko‘l va Janubiy Afrikada o‘tkazilar ekan. Mirmuhammad Singapur va Issiqko‘lda o‘tkaziladigan musobaqada ishtirok etadi.

Ma’fura Rasulova, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari:

— Maktabimizni tashkil etishdan maqsad ham iqtidorli o‘quvchilarni bir joyga to‘plab, ularga fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘qitishdan iborat. Ana shunday yuragida g‘ayrat-shijoat, kelajakka ishonch, yuksak cho‘qqilarni egallashga harakat barq urib turgan bolalarni o‘qitish har birimizga zavq bag‘ishlamoqda.

Bolalarda iqtidorni tarbiyalash uchun esa bolaga hali juda yosh paytidan alohida e’tibor zarur. Bolaning savollariga javob berishdan erinmaslik kerak. Savol beryaptimi, demak unda qiziqish bor. Ana shu qiziqish orqali uni sekinlik bilan biror sohaga yo‘naltirish mumkin. Unga bo‘ldi, ko‘p gapiraverma, deb jerkib tashlasangiz, ana shu qiziqishni so‘ndirgan bo‘lasiz. U endi boshqa savol bermaydi.

Oiladagi sog‘lom muhit boladagi iqtidorga asos hisoblanadi. Buni har bir ota-ona unutmasligi kerak. Va bolani yoshligidan kitobga do‘st qilmoq zarur. Bola qanchalik ko‘p kitob o‘qisa, uning ongu tafakkuri ortib boraveradi.

Iqtidorli bolalarni yulduzlik kasalidan saqlash nafaqat ota-ona, balki biz pedagoglarning ham burchimizdir.

Muborak Mirkamolova, "Xabar" muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring