Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolangizga batareyali o‘yinchoqlar olib berishdan avval o‘ylab ko‘ring

Bolangizga batareyali o‘yinchoqlar olib berishdan avval o‘ylab ko‘ring

Foto: «Gippokratlechit.com»

Hozir tugma shaklidagi batareyalar ko‘payib ketdi, o‘yinchoqlarda ham ishlatilyapti. Ana shu mittigina narsa bolangiz hayoti uchun katta xavf tug‘dirishi mumkinligi hech xayolingizga kelganmi? Masalan, konnektikutlik (AQSh) bir yarim yashar Kemeron Sotoning ota-onasi buning nimaligini bilishadi, boshlaridan o‘tkazishgan.

«Usa.one» yozishicha, dekabr kunlarining birida bolakayning onasi Marisa Soto noxushlikni sezib qoldi. Go‘dakni tomog‘idagi og‘riq bezovta qilardi. Ona bolasini tez yordam ko‘rsatish bo‘limiga olib borganida ular esa hech narsani aniqlay olishmadi. Bu orada Kemeronning ahvoli yanayam yomonlashdi: ovqat yemas, keyin ko‘ngli aynib, og‘zidan ko‘pik kela boshladi. Marisa rentgen surati olishni talab qilganidan keyingina muammoning sababi ochildi — bolaning qizilo‘ngachiga tabletka-batareya tiqilib qolgan ekan.

Bola kasalxonaga yotqizildi, begona buyumni olib tashlashdi, ammo endi kech edi: so‘lak bilan reaksiyaga kirishgan batareyka komponentlari qizilo‘ngachni teshib yuborgandi. Kemeronning hayoti qutqarib qolindi, u ikki oy kasalxonada bo‘ldi, mustaqil ovqatlanish, yurish, o‘rmalash, gapirish qobiliyatidan ayrildi.

Kemeronning ahvoli bugun ancha o‘nglanib qolgan, ammo sun’iy traxeyada yurishga majbur. Busiz yashay oladimi-yo‘qmi, hozir bir nima deyish qiyin. Bolaning ota-onasi o‘z achchiq tajribasini boshqalarga ham saboq bo‘lsin degan maqsadda kechinmalarini OAVga so‘zlab berishdi.

— Bunday bo‘lishini bilganimizda heya qachon uyimizda batareyali o‘yinchoqlar bo‘lmasdi, — deydi Marisa «PIX 11»ga bergan intervyusida.

Afsuski, Kemeronga o‘xshagan bolalar juda ko‘p. Misol uchun, AQShning o‘zida har yili tabletka-batareyalarni yutib yuborgan 2,8 mingta bola tez yordam bo‘limlariga keltiriladi. Ulardan 10-20tasi vafot etadi, qariyb 100 nafarining sog‘lig‘iga jiddiy putur yetadi. Ota-onalarning 66 foizi esa batareyalar xavf tug‘dirishi mumkinligidan bexabar.

Iste’mol mollari bo‘yicha komissiya tabletka toifasidagi batareyalarni xavfli buyumlar qatoriga kiritib, ular masofadan boshqarish pultlari, o‘yinchoqlar, soatlar, kalkulyatorlar, musiqali otkritkalar, raqamli harorat o‘lchagichlar va nurlanuvchi poyabzallarda ishlatilishini eslatib o‘tgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring