Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh vazirning yana bir o‘rinbosari Prezident qaroridagi vazifalarni bajarmagan

Bosh vazirning yana bir o‘rinbosari Prezident qaroridagi vazifalarni bajarmagan

Foto: «UzDaily.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 29-may kuni «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini, yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbariga (N.S.Otajonov) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 17 noyabrdagi PQ–2658-son «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori 7-bandining «Avtosanoat Agrotexservis» MChJ va «O‘zagroservis» AJ mashina-traktor parklari tizimini optimallashtirish qismi bajarilmagani qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.

Qarorga muvofiq, ikki oy muddatda «Avtosanoat Agrotexservis» MChJ va «O‘zagroservis» AJ mashina-traktor parklari tizimini optimallashtirishning barcha jarayonlarini 2018-yilning 1-oktabriga qadar yakunlash topshirildi.

Shuningdek, 2018-yil 1-iyuldan «O‘zagroservis» AJ «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ tashkiliy tuzilmasidan chiqariladi. «O‘zagroservis» AJ ustav jamg‘armasidagi «O‘zagrotexsanoatxolding» AJga tegishli bo‘lgan ulush «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ ustav jamg‘armasini o‘tkazilayotgan ulushning balans qiymatiga kamaytirgan holda davlat tasarrufiga o‘tkaziladi.

Endilikda «O‘zagroservis» AJ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini, yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.

«O‘zagroservis» AJ bosh direktori jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi tomonidan saylanadi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimiga tasdiqlanadi va maqomiga ko‘ra vazirga tenglashtiriladi.

«O‘zagroservis» AJ bosh direktori o‘rinbosarlari jamiyatning Kuzatuv kengashi tomonidan saylanadi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimiga tasdiqlanadi va maqomiga ko‘ra vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring