Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bu urush ochish bilan barobar!» – ekspert Rossiya yadro qurolini Belarusga joylashtirish oqibatidan ogohlantirdi

«Bu urush ochish bilan barobar!» – ekspert Rossiya yadro qurolini Belarusga joylashtirish oqibatidan ogohlantirdi

Foto: TASS

Harbiy fanlar nomzodi Yevgeniy Bujinskiy «Yevraziya.Ekspert» nashriga bergan intervyusida Rossiya yadro qurolining Belarusga joylashtirilishi shartini aytdi. Mutaxassisga ko‘ra, bu chora-tadbir qizil chiziqni kesib o‘tish va urush ochish bilan barobardir.

Yevgeniy Bujinskiy Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning mamlakat hududiga Rossiya yadro qurolini joylashtirish haqidagi bayonotini his-hayajon mahsuli deb baholagan. Qayd etilishicha, bu o‘rinda gap yadro qurolini tashuvchi samolyotlarni ko‘chirish haqidagina bo‘lishi mumkin. Avvalo, yadro quroli Rossiya hamda G‘arb o‘rtasida provokatsiya uyg‘otuvchi jiddiy vositadir. Ikki tomon yadro quroli borasida ziddiyatga borgudek bo‘lsa, uning oqibati butun sayyora uchun halokatli yakun topadi. Qolaversa, Rossiyaga harbiy nuqtai nazardan o‘z qurolini qo‘shni davlatga joylashtirishning zarurati yo‘q. Chunki Kaliningraddagi zaxiraning o‘zi yetarlidir.

Ayni choqda, ekspert «eng yomon ssenariy» o‘laroq yadro qurolini joylashtirish shartini ham ochiqlagan. 

«Agar Amerika yadro qurolini Polsha yoki Boltiqbo‘yiga joylashtirgudek bo‘lsa, bunga javob sifatida ana shunday siyosiy qaror qabul qilinishi mumkin. Ammo ishonchim komilki, shaxsiy tashabbusga ko‘ra Belarus hududiga yadro quroli joylashtirilmaydi», – deydi Ye.Bujinskiy.

Yadro quroli borasida daxanaki ziddiyatning paydo bo‘lishi NATO bosh kotibining bayonoti bilan bog‘liq. 19 noyabr kuni mazkur tashkilot bosh kotibi Yens Stoltenberg agar Germaniya AQSh yadro qurolini o‘z hududida qolishini istamasa, u Sharqiy Yevropa mamlakatlariga ko‘chirilishi mumkinligini aytdi. Gap shundaki, 1991 yilgi bitimga ko‘ra, Germaniya yadro, biologik va kimyoviy qurol ishlab chiqarish va foydalanishdan voz kechgan. Buning evaziga NATO mamlakatlarining yadro zaxirasi olmon o‘lkasida joylashtirilgan. 

NATO bosh kotibining fikrlari ortidan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko provokatsion bayonot bilan chiqdi. Uning faraziga ko‘ra, agar Germaniya yadro qurolini ko‘chirishni talab qilsa, u Polsha hududiga o‘tkaziladi. 

«Ular (yadro qurolini) Polshaga keltirishadi. Ha, shunday. U holda men Putinga yadro qurolini Belarusga qaytarishni taklif etaman... Biz albatta kelishib olamiz», – dedi A.Lukashenko. 

Belarus yetakchisi yadro qurolini joylashtirish uchun barcha shart-sharoitlar mavjudligini ham pisand qildi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Lukashenkoning yadro qurolini ko‘chirish xususidagi fikrini mulohazasizlik bilan siyosat yuritayotgan G‘arb uchun jiddiy ogohlantirish deb atagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring