Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bugun qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasi masalalariga chek qo‘yildi» – Sadir Japarov

«Bugun qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasi masalalariga chek qo‘yildi» – Sadir Japarov

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi 2-kunida ikki tomonlama qator hujjatlarni imzolash tadbiridan so‘ng prezident Sadir Japarov OAV vakillari uchun bayonot berdi.

U o‘z bayonotida ikki davlat xalqlarining azaliy do‘stligi, savdo-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi o‘zaro aloqalari haqida to‘xtalib, Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonini yakunlanganini ma’lum qildi.

«Biz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifiga alohida e’tibor qaratayotganimizni qayd etmoqchiman. O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarini mustahkamlash va kengaytirish mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Biz siyosiy, iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi keng ko‘lamli masalalarni atroflicha muhokama qildik. Ikki tomonlama munosabatlarimizni mustahkamlash va yanada rivojlantirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.

Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.

Shuningdek, bugun biz uchun tarixiy kun. Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonini yakunladi, ratifikatsiya yorliqlarini almashdi, qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma tuzdi va shu bilan chegara masalalariga chek qo‘ydi.

Ishonchim komilki, chegara masalasining yakuniy hal etilishi qardoshlik munosabatlarini yanada rivojlantirish, chegaradosh aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Joriy yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Biz ushbu muhim yubileyni qardosh davlatlarga munosib tarzda keng miqyosda nishonlashga kelishib oldik», – dedi Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring