Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bugunning gapi: Sabr va halovat chegarasi

Bugunning gapi: Sabr va halovat chegarasi

Foto: Kun.uz

2020-yil 21-aprel holatiga ko‘ra, mamlakatimizda karonavirus kasalligiga chalinganlar soni 1657 nafarga yetgani holda bu darddan forig‘ bo‘lganlar esa 350 nafardan oshdi. Boshqa davlatlardagi ahvol bilan solishtirib ko‘rilsa, bizda tuzalgan soni kundan-kunga ortish bilan birga kasallikka uchrayotganlar esa kamayishiga erishilishi darajasi ancha yuqori.

Bu mamlakat rahbariyatining kasallikni aholi o‘rtasida tarqalishini oldini olishga qaratilgan qat’iy choralari natijasidir. Albatta, bunga o‘z-o‘zidan erishilmayotganiga har bir fuqaro guvoh. Eng muhimi, OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu xavfli epidemiyaning oldini olish va saqlanishning birdan-bir yo‘li bu – uyda qolish va gigiyena ekanligini barcha anglab yetdi. 

Biroq, shunday vaziyatda ham bu baloi ofatga befarq holda yurganlarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Bozorlarda bir-biriga tiqilib, kartoshka yoki piyoz olayotgan, navbat talashayotgan odamlarni aytmaysizmi? Go‘yoki olayotgan kartoshka-piyozi xuddiki kasallikning davosidek. Vaholanki, yaqin masofadan bir-biriga tupuk sachratib talashayotgan odamda koronavirus emas, undan ham xavfli bo‘lgan sil yoinki shunga o‘xshash kasallik bo‘lishi mumkin-ku...

Savatdagi non

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda usmonli turklar zamonida odamlarning bir fazilati haqida hikoya qiluvchi lavha tarqaldi. Uni ko‘rgan kishi nazari to‘qlik va shukronalik har qanday qiyinchilik va muammoning yengishi mumkinligiga ishonch hosil qiladi.

Nonvoyxonaga borgan kishi oilasiga kerakli nonni sotib olgandan keyin imkoniyatiga qarab, yo‘qsil va beva-bechoralar uchun tepaga osib qo‘yilgan savatga pulini to‘lab non qo‘yib ketarkan. Qarangki, yonida puli yo‘q ayol iymanibgina nonvoyxonaga keldi.

– Non olmoqchiydim...

– Mayli nechta non beray?

– ...

Non sotuvchi birdaniga tushundi. Unga ortiqcha savol bermadi. Qo‘lidan non idishni olib, to‘rtta non solib berdi va yoqimli ishtaha tiladi.

– Biz oilamizda o‘zi uch kishimiz, bizga bugun ikkita non yetarli. Hozir men siz bergan to‘rtta nonni ham olib ketsam, qolgan miskinlarga yetmay qolishi mumkin. Rahmat ikkitasi yetarli.

– Singlim olib ketavering, yurtimizda saxovatli odamlar ko‘p. Bu savat hech qachon bo‘sh turmagan.

– Ortiqchasini olib, kimga beraman. Qolib ketgan nonning sifati buziladi, ertaga Olloh rizqimizni beradi.

– Nasib qilsa... 

Oradan bir kun o‘tib o‘sha ayol butunlay boshqacha ko‘rinishda yana nonvoyxonaga keldi. Orasta kiyingan, qo‘lida jaraq-jaraq pul. Oilasiga 2 ta non olib, yana 2 ta nonni o‘sha yo‘qsillar uchun ajratilgan osig‘liq turgan savatga solib qo‘yishni nonvoyga buyurib, pulini to‘lab ketdi.

Buni ko‘rgan nonvoy birovning rizqiga ko‘z olaytirmasdan qanoatda yashagan insonga Olloh rizqu nasibasini doimo berishiga yana bir bor amin bo‘ladi. 

Birni ko‘rib shukr qil, birni ko‘rib fikr qil, deganlaridek dunyo bo‘ylab insoniyat hayotiga xavf solayotgan pandemiya paytida uyiga yordam bo‘lsin deb olib borilayotgan mahsulotlarning sifatiyu kilogramidan norozi bo‘layotganlar qilayotgan ishi noshukurlikdan boshqa narsa emasligini ko‘pchilik anglab yetmoqda.

Men nima deymanu, qo‘bizim...

Saxovatli tadbirkorlardan biri bozorda 500 so‘mdan tuxum, 10 ming so‘mdan tovuq go‘shtini sotuvga chiqardi. Bundan maqsad, albatta, moddiy yordamga muhtoj kam ta’minlangan oilalarga yordam berishdan iborat edi.

Ne ko‘z bilan ko‘ringki, tumonat odam yig‘ilgan. Ochig‘i shu paytgacha odamlar bu darajada tuxum va tovuq go‘shti olganini sotuvchilar eslay olmaydi. Hech kim bir yoki ikki kilo tovuq go‘shti olmaydi. Sotuvchilarning tinka madori quridi: 10 kilo, 20 kilo....

Kam ta’minlangan oilalar qolib, bozordagi ayrim sotuvchilar navbatda turishibdi. Uzoqdan emas, yonginasida 10 ming so‘mdan mahsulot olib sotsa, ortiqcha sarf-xarajatsiz jaraq-jaraq pul. Insof, diyonat, insoniylik, elu yurtga sadoqat qayerda qoldi? El boshiga ish tushganda ham xalqumini o‘ylaydiganlarni halol tadbirkor deyish mumkinmi? Men nima deymanu qo‘bizim nima deydi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da.

To‘qlikka sho‘xlik

Ochig‘i, yurtimizdagi bozorlar yaqin yillar ichida bunday odamni ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Ayniqsa, mart oyi oxirida hamma bozordan kartoshka, piyoz olishga shoshildi. Bitta ro‘zg‘orga haftasiga ko‘pi bilan 3-4 kilogramm mahsulot ishlatilishiga qaramay, qoplab kartoshka-piyoz olishdi. Mana oradan 10-15 kun o‘tib, yangi kartoshka va piyoz bozorlarga chiqa boshladi. Narx-navosi ham ancha joyiga tushib qoldi. Endi mana havo isib sifati buzilgan piyozu kartoshkalar chiqindiga olib borib tashlashdan boshqa narsaga yaramaydi. Bundan foydani faqat olib-sotar ko‘rdi, xolos. Qanoatsiz odamlarning ahvoli esa o‘zingizga ma’lum.

– Do‘konda shu paytgacha doimo un bo‘lgan, – deydi sotuvchilardan biri. – Ochig‘i boshida nima bo‘lganini tushunmadim. Ko‘p qavatli uyda yashaydigan bir tanishim kechqurun telefon qilib, 10 qop un so‘radi. Men to‘y yoki bir maraka qilsa kerak deb o‘ylabman. Shuncha yukni yuqori qavatga ko‘tarib chiqishni o‘zi bo‘ladimi? Keyin bilsam yonimizdagi do‘konlardan ham odamlar 5-10 qoplab un olib ketibdi. Endi esa xaridorlar un yo‘q desak, o‘zlaring atayin shunday qilyapsizlar deya iddao qilishmoqda. Vaholanki, aholining o‘zi ehtiyojidan ancha ko‘p mahsulotni uyiga g‘amlab olgan.

Kimdir mablag‘i borligidan 10 qoplab un olishi mumkin, lekin kam ta’minlangan yoki oylik-maoshga qarab yashayotganlar nima qiladi. Faqat o‘zini o‘ylaganlar ana shu «xislati» bilan ko‘pchilikka kattagina zarar yetkazdi.

Un mahsulotlarining narx-navosini arzonlashtirish bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyozlar berildi. Arzonlashtirilgan un mahsulotlari har bir xonadonga kirib borayapti.

Kim uyidan bezor

Taqdir sinovlari bois oilasi, farzandlari bag‘rida yashay olmayotganlar qancha? Ular majburlikdan yoki o‘zlarining bilib-bilmay qilgan xatolari tufayli shunday ahvolga tushgan.

Bugun insoniyat hayotiga rahna solayotgan xavfli kasallik tufayli hukumatimiz tomonidan qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Shulardan biri odamlarning uyda o‘tirishi, jamoat joylariga bormasligidir. Shunga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan karantin talablariga zid ravishda ish tutayotganiga har kuni guvoh bo‘layapmiz.

– Shu paytgacha oila, farzandlar nima ish qilayapti, kim bilan o‘rtoqlashayapti, o‘qishi qanday umuman shug‘ullanmay qo‘ygan ekanmiz, – deydi yuqori tashkilotda ishlayotgan bir tanishim. – Erta sahardan yig‘ilish yoki tadbir boshlanib, yarim kechasiga tashvish va ish. O‘ylab ko‘ravering, ertalab chiqib ketayotganimda ham, yarim kechasi kelganimda ham hamma uxlayotgan bo‘ladi. Ular bilan o‘tirib gaplashishga vaqt yo‘q. Hozir uyda o‘tirib oiladagi hamma ishlar doimiy nazoratimda. Farzandlarni o‘zlashtirishidan tortib, uy-ro‘zg‘or ishlarigacha o‘zim kuzatib borayapman. Farzandlarimning kitobga bo‘lgan mehri ortib, ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqi ortdi. Muhimi, oila bag‘rida, farzandlarim bilan birgamiz. Davlatimiz tomonidan har bir fuqaroning uyda qolishiga sharoit yaratib berilayotgani tufayli iloji boricha ko‘chaga chiqmaslikka harakat qilyapmiz. Bundan tashqari, tomorqadagi yerga ro‘zg‘orga ishlatiladigan poliz ekinlari ekib, bo‘sh vaqtimizni mazmunli o‘tkazayapmiz.

Aslini olganda kim uyidan bezor? Uyida tinchi yo‘q yoki muammosi ko‘p odam bo‘lar-bo‘lmasga ko‘chaga chiqqisi keladi. Bilmaydiki, ko‘chaga chiqqan bilan oiladagi muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘lmaydi. Shuning uchun karantin qoidalarini buzgan kishi qonunan kechirilmasligi kerak. Men bexabar qolibman deydigan odam o‘zini ham, boshqalarni ham aldaydi. Chunki boshqa orolda yashagan Jumavoy ham allaqachon insoniyat boshiga tashvish tug‘dirayotgan bu xavfli kasallikdan xabar topgan. Chunki OAV, televideniye hamda ijtimoiy tarmoqlarda har soniyada pandimiyadan saqlanishning birdan-bir yo‘li uyda qolish ekanligi to‘g‘risida ogohlantirilyapti.

Oldindan ko‘ra bilishlik

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil «Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb e’lon qilindi. Bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilib, ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etilishi belgilandi.

Hozir onlayn-ta’lim, masofaviy ta’lim, elektron-kutubxona kabi so‘zlar hech kimga begona emas. Telekanallar, internet orqali darslar o‘quvchi va talabalarga yetkazilmoqda. Bu esa yaxshi ayni vaziyat taqozosida yaxshi natijalarni bermoqda. Chunki, o‘quvchi va talabalar fanlarni o‘zlashtirishda noan’anaviy tarzda mustaqil yondoshish bilan birga o‘qituvchi hamda ota-ona nazoratida bo‘lmoqda. Hatto bog‘cha tarbiyalanuvchilari ham ustozlari yordamida telegrammdagi guruhlar orqali uyda o‘tirib, o‘yinchoqlar yasayapti, rasm chizyapti, jismoniy mashqlar bajaryapti.

Bundan tashqari, viloyat, tuman va shahar axborot kutubxona markazlari ijtimoiy tarmoqlarda elektron kutubxonalar tashkil etganligi esa aholining uyda o‘tirib, kitob o‘qishga bo‘lgan ehtiyojini qondirmoqda. Birgina Navoiy viloyatidagi telegramm kanallardagi elektron kutubxonalarning a’zolar soni 20 mingdan ortganini o‘zi fikrimiz tasdig‘idir.

Ishonchimiz komil, el boshiga tushgan bu sinovlarni xalqimiz mardonavor yengib o‘tadi.

Baxtiyor Toshnazarov,
Navoiy viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar
boshqarmasi boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring