Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Paxtakor»ni mag‘lub etgan «Buxoro» yana katta miqdorda jarimaga tortildi

«Paxtakor»ni mag‘lub etgan «Buxoro» yana katta miqdorda jarimaga tortildi

Superliganing 5-turidan o‘rin olgan «Buxoro» va «Paxtakor» klublari o‘rtasidagi uchrashuv inspektorining bildirgisiga asosan O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Buxoro» — «Paxtakor» o‘yini uchun stadionga tashrif buyurgan muxlislar avvaliga uchrashuvni boshqarib borayotgan hakamni, keyinroq esa «Paxtakor» futbol klubini haqoratli so‘zlar bilan ommaviy ravishda yerga urdi», deb yoziladi PFL inspektorining bildirgisida. Unda aynan qaysi daqiqalar haqida so‘z ketayotgani ham ko‘rsatilgan. Jumladan, 20, 26 va 55-daqiqalarda ishqibozlar uchrashuv hakamini, 40 hamda 56-daqiqalarda esa raqib jamoani haqoratlashdan tiyilmagan.

Mazkur holat musobaqalarni o‘tkazish reglamentining 4-bo‘lim 5.55-bandiga ziddir. Unga ko‘ra, stadionga tashrif buyurgan muxlislarning haqoratli va kamsitish ustiga qurilgan so‘zlarni aytishiga cheklov qo‘yilgan bo‘lib, jazo sifatida kelasi turning muxlislarsiz stadionda o‘tishi mumkinligi, jamoadan 3 ochko olib tashlanishi mumkinligi, klubning musobaqadan chiqarib yuborilishi yoki 500 million so‘mgacha jarimaga tortilishi ehtimoli borligi ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi Buxoro shahridagi mazkur o‘yin tafsilotlarini o‘rganib chiqdi va «Buxoro» klubini 300 million so‘m jarimaga tortishga qaror qildi.

Shuningdek, «Buxoro» — «Paxtakor» o‘yinining 36-daqiqasida mezbonlar vakili Shavkat Salomov bosh hakam Temur To‘xtasinovning qaroriga qarshilik ko‘rsatishga urindi. Bunda futbolchi og‘zaki qarshilik bilan cheklanmay, hakamning qo‘lini ham ushlab olgan. Shundan kelib chiqib, Shavkat Salomov reglamentning 5.6 bandiga asosan aybdor deb topildi va 10 million so‘m jarimaga tortildi. Mazkur holatni o‘z vaqtida jazolamagan hakam Temur To‘xtasinov esa superliganing 6 va 7-tur o‘yinlariga, shuningdek, O‘zbekiston Kubogining 1/16 final o‘yinlariga qo‘yilmaydi. Bu vaqt davomida u faqatgina Pro-Liga bellashuvlarini boshqarishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida Oliy liganing 25-turda «Buxoro» klubi «Paxtakor» bilan o‘yindan so‘ng 55 million so‘m miqdorida jarimaga tortilgan edi.

O‘shanda stadion suxandoni Igor Sergeyevni «Igor Babayan» deb atagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring