Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Respublika bo‘ylab Call-markazlarni ko‘paytirish taklifi berildi (video)

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov «O‘zbektelekom» AK «Sotuv va xizmat ko‘rsatish markazi» filiali qoshidagi Qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatish yagona markazi faoliyati bilan tanishdi.

Dastlab markaz mutaxassislari vazirga Call-markazni rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, xodimlar sonini kengaytirish rejalari va tez orada amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida so‘zlab berdilar. Keyin Sherzod Shermatov Call-markaz faoliyati, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Tashrif mobaynida erishilgan natijalar ko‘rib chiqildi. Xususan, ayni paytda UZTELECOMning internet va mobil aloqa xizmatlariga oid qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash, shuningdek o‘ndan ortiq davlat organlari, jamoat tashkilotlari va tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga oid murojaatlar bo‘yicha Call-markazga 700 nafardan ortiq xodim jalb etilgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Call-markazning 150 nafardan ortiq xodimlari jalb qilingan.


Ta’kidlanishicha, har kuni 45 mingdan ortiq qo‘ng‘iroqlar ko‘rib chiqiladi. 2011 yil bilan solishtirilganda, o‘sha vaqtda qayta ishlangan qo‘ng‘iroqlar soni 500 mingdan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib 16 milliondan ortiq qo‘ng‘iroqlar ko‘rib chiqilgan.



Call-markazda abonentlar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Vazirga CWMP loyihasi – mijoz terminallarini sozlash va ularga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi taqdim etildi. Bu abonent terminalini masofadan sozlash va tarmoqqa dastlabki ulanishda avtomatik sozlash tizimidir.

Abonentlarga qulaylik yaratish maqsadida soha mutaxassislarining jismoniy hozirligi zaruriyatini bartaraf etish maqsadida yil oxirigacha aloqa muammolarini masofaviy hal qilish tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Hozirda ushbu tizim sinovdan o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, yanada ko‘proq davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subektlarga autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Aloqa markazlarini tashkil etish maqsadida Call-markaz xodimlari sonini kengaytirish ko‘zda tutilgan.



Taqdimot chog‘ida AKT vaziri Sherzod Shermatov o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, bu boradagi mavjud muammolarni birgalikda o‘rganish, yechimini topishda yordam berishini ta’kidladi. Jumladan, Call-markazlarni butun respublika bo‘ylab ko‘paytirish taklifi berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring