Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanksiyalar sabab Rossiyada ocharchilik boshlanadimi? Iqtisodchi javob berdi

Sanksiyalar sabab Rossiyada ocharchilik boshlanadimi? Iqtisodchi javob berdi

Rossiya qisqa muddatda dunyoning eng ko‘p sanksiya joriy etilgan mamlakatiga aylandi.

Foto: dpa

Ayni paytda sanksiyalar «yomg‘ir»i ostida qolgan Rossiyaning yaqin kelajagi xususida ikki xil keskin qarashni kuzatish mumkin. Bir toifa odamlar iqtisodiy jazo choralari hech qanday ta’sirga ega emas, hayot yana bir maromda davom etaveradi deb hisoblaydi. Bunga muxolif ikkinchi guruh esa bir necha oy ichida Rossiyada ocharchilik boshlanishini bashorat qilmoqda.

O‘zbekistonlik iqtisodchi, Viskonsin universiteti biznes maktabi (AQSh) doktoranti Behzod Hoshimov Rossiyaning yaqin kelajagi qanday bo‘lishi borasidagi mulohazalari bilan bo‘lishdi.

Mutaxassisga ko‘ra, sanksiyalar Rossiyaga kuchli ta’sir ko‘rsatadi: daromadlar tushadi, ishsizlik va inflyasiya oshadi, kambag‘allik kamida ikki barobarga o‘sadi, eng iqtidorli qatlam imkon qadar tezroq mamlakatni tark etishga harakat qiladi. Ammo bu – mamlakatda muqarrar ocharchilik bo‘ladi degani emas.

«Agar Rossiya hukumati boshqa xatolar qilmasa, ocharchilik va mamlakat to‘kilib ketmasligini ta’minlashi mumkin va bu unchalik qiyin emas. Qandaydir ma’noda, yomon hayotga odamlar ko‘nikadi, chunki boshqa iloj ham yo‘q. Agar qattiq narx nazorati va importni cheklovchi choralar ko‘rilmasa, ocharchilik bo‘lmasligi deyarli kafolatlangan. Rossiyaning hali ham ko‘p neft va gazi bor (uni qazib chiqarish qimmatlashsa ham), uni ikkilamchi bozorlarda o‘rtakashlar orqali katta diskontga sotib kun ko‘ra oladi», – deb yozadi B.Hoshimov.

Tahlilchi nazdida, amaldagi siyosiy tuzumning umrboqiyligi kuchishlatar tizimning daromadi saqlanib qolishiga bog‘liq.

«Eng muhimi, ijtimoiy tartibga mas’ullarning daromadlari, ya’ni xavfsizlik xizmatlari va politsiyaning daromadlari nisbiy ravishda tushib ketmasa, tuzum ancha barqaror bo‘la oladi. Insonlar, ayniqsa, axborot olish imkoniyatlari cheklangan insonlar juda uzoq muddat ichida eng vahshiy, qashshoq va erksiz tuzumga chiday oladi», – deydi ekspert.

Keyingi paytlarda tahlilchilar Rossiyaning boshiga Eron va Shimoliy Koreya kuni tushishini ham bashorat qilmoqda.

«Rossiya Eron va Shimoliy Koreyadan ko‘ra ancha yaxshiroq ahvolda. Birinchidan, sivilizatsiya bilan ulaydigan katta og‘asi bor. To‘g‘rirog‘i, hozir mavjud emas hali, endi bo‘ladi. Shimoliy Koreya Xitoy uchun jo‘yali biror narsa taklif qila olmaydi. Rossiya esa ko‘p tabiiy boyliklarini juda arzon narxda yagona xaridorga taklif qilib, evaziga kerakli texnologiyalar va ocharchilikni oldini olishga yetarli boshqa narsalarni ola biladi», – deya mulohazalarini davom ettiradi u.

Ayni choqda, ekspert Moskvaning Pekinga qaramligi ortadi deb hisoblaydi.

«O‘ylaymanki, uzoq muddatda Rossiya o‘rta daromadli, dunyo bilan integratsiyalashuvi ancha cheklangan, juda harbiylashgan, erkinliklar ancha qisqargan va Xitoyga juda qaram mamlakatga aylanadi», – deb xulosa qiladi iqtisodchi B.Hoshimov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 24 fevral kuni Rossiya Ukraina hududiga qo‘shin tortib kirishi ortidan mamlakatga nisbatan keng ko‘lamli iqtisodiy-moliyaviy cheklovlar joriy etildi. Xalqaro hamjamiyat harbiy harakatlarni umum e’tirof etilgan huquq me’yorlarining poymol etilishi va mustaqil davlat hududiy yaxlitligining buzilishi o‘laroq qoraladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring