Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Darig‘a Nazarboyeva ham Gulnora Karimova kabi qamaladimi? Siyosatshunos javob berdi

Darig‘a Nazarboyeva ham Gulnora Karimova kabi qamaladimi? Siyosatshunos javob berdi

Foto: “Google Images”

Yaqindagina Qozog‘iston parlamenti yuqori palatasi spikeri va deputati maqomidan mahrum bo‘lgan Darig‘a Nazarboyevaning keyingi taqdiri borasida turli taxminlar ilgari surilmoqda. Jumladan, unga qarshi jinoiy ish ochilishi va qamalishi borasida faraz ham yo‘q emas. Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha mutaxassis, siyosatshunos Arkadiy Dubnov Meduza elektron nashriga intervyusida ushbu masala bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tahlilchiga ko‘ra, Qozog‘iston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyevaga O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova kabi jinoiy ta’qib va qamoq jazosi xavf solmayotir. Qayd etilishicha, garchi ikki arbob siyosiy idora uslubida o‘xshashliklar ko‘p bo‘lsa-da, Nazarboyev hukumatini Karimov boshqaruvi bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

«Bu toifadagi yetakchilar va ularning farzandlari kabi Darig‘ani ham begunoh deb bo‘lmaydi. Ammo unga bunday ayblovlar qo‘yilishiga ishonish qiyin», – deydi tahlilchi.

Siyosatshunos A.Dubnov Darig‘aga nisbatan, umuman, birinchi prezident oilasi a’zolariga nisbatan jinoiy ish ochilishiga Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari, Nursulton Nazarboyevning sadoqatli odami Karim Masimov ham yo‘l qo‘ymasligiga ishora  qilgan.

Tahlilchi Qozog‘istondagi siyosiy vaziyat haqida gapirar ekan, qo‘shni Tojikiston va Turkmanistonda ham hukumat almashinuvi xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmasligini ta’kidlagan.

«Yetakchilar tarixda yaxshi nom qoldirishni yoki jillaqursa jamg‘argan boyligini umrining qolgan qismida bemalol xarjlashni istasa, farzandlarining hoyu havasini jilovlashi shart. Bu borada Asqar Akayevni eslash kifoya. Farzandlari ulg‘ayib, Markaziy Osiyo «bosh demokrati»ning yuzini shuvut qilishdi, bu hol oxir-oqibat, 2005 yilda uning hokimiyatdan ketkazilishiga olib keldi... Nazarboyev uchun ham xizmatlari e’tirof etilishi va tarixda qoladigan nomi to‘ng‘ich qizining hoyu havasidan ustunroqdir», – deydi A.Dubnov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 2 may kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev farmoniga binoan mamlakat parlamenti yuqori palatasi deputati Darig‘a Nazarboyevaning vakolati muddatidan avval tugatildi. Deputatlik maqomidan mahrum etilishi bilan u avtomatik ravishda spikerlik rutbasidan ham ayrildi. 

Avval xabar qilganimizdek, mamlakatdagi qudratli shaxslardan biri bo‘lgan Darig‘a Nazarboyevaning kutilmagandan katta siyosatdan chetlatilishi tahlilchilar tomonidan turlicha baholandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring