Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i Barqaror rivojlanish maqsadlariga sarflanmoqda

Davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i Barqaror rivojlanish maqsadlariga sarflanmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev inson salomatligini muhofaza qilmay turib, uning imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarib bo‘lmasligini qayd etdi.

Bu borada 140 ming kambag‘al oilaga shifokor biriktirib, ularni yiliga bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Endi kafolatlangan tibbiy xizmatlar ko‘paytirilib, kambag‘al oilalarning bunga sarf qiladigan xarajati 2 karra qisqartiriladi. Bunda ularga bepul dori va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi taqdim etiladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan manzilli ishlash kambag‘allikka qarshi kurashda asosiy yo‘nalishlardan biri. Bu tizim tubdan isloh qilinib, ilgari 6 ta davlat tashkilotida bo‘lgan vakolatlar yagona Ijtimoiy himoya milliy agentligiga birlashtirildi. Qisqa muddatda har bir tuman va shaharda 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni «bir darcha» tamoyili asosida ko‘rsatadigan «Inson» markazlari tashkil qilindi. Har bir mahallada ijtimoiy xodim aholi bilan proaktiv ishlamoqda.

Imkoniyati cheklangan aholining kambag‘allikka tushib qolish ehtimoli yuqoriligi bois, ularni qo‘llab-quvvatlash, inklyuzivlik asosida jamiyatga integratsiya qilish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqildi. Munosib mehnat sharoiti yaratilgani uchun bu yil 150 ming nogironligi bor shaxslar ishga joylashdi. Ularga hayotiy zarur tibbiy jihoz, aravacha va protezlar bepul yetkazib berilmoqda.

Hududlarda infratuzilmani yaxshilash, odamlarga yashash uchun qulay sharoit yaratish ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni qisqartirishda muhim qadam bo‘ladi.

Shu maqsadda qariyb 3,5 million aholi yashaydigan sharoiti og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilma yaxshilanmoqda. Natijada shu yilning o‘zida 470 ming xonadon tomorqasiga suv bordi, yana 790 ming xonadonda elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi.

Kelgusi yilda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yana 400 million dollar ajratiladi. 32 ta tuman va 328 ta og‘ir mahalla tanlanib, ularni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish bo‘yicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi.

Prezidentimiz xalqaro moliya institutlarini rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda kambag‘allikni qisqartirish talabini kiritishga chaqirdi.

Prezidentimiz O‘zbekistonda davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun sarflanayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, global miqyosda ushbu maqsadlarga erishish uchun rivojlanayotgan davlatlarga yiliga 4 trillion dollardan ziyod mablag‘ zarur.

Bunday sharoitda xavf-xatarlarni obyektiv baholash, moliyaviy resurslarni jalb qilish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha «kambag‘allikka qarshi kurashning yangi moliyaviy arxitekturasi»ga ehtiyoj sezilmoqda.

Ushbu masalalarga yechim topish maqsadida Prezidentimiz 2026-yilda ko‘hna Xiva shahrida xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va hamkor davlatlar ishtirokida yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazishni taklif qildi.

«Inson qadrini ulug‘lash orqali ularga munosib sharoit yaratish, bu borada kambag‘allikni qisqartirish — Yangi O‘zbekistondagi barcha islohotlarning zamirini tashkil qiladi.

Bir narsaga aminman: O‘zbekiston ortga qaytmas islohotlar yo‘lidan qat’iy borib, kambag‘allikni qisqartirish borasida ham, Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishish bo‘yicha ham barcha majburiyatlarini bajarishga harakat qiladi», — dedi so‘zining yakunida davlatimiz rahbari va Namangan shahrida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘tayotgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» III xalqaro forumi ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring