Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Diana fojiasiga bir yil: nimalar o‘zgardi?

Diana fojiasiga bir yil: nimalar o‘zgardi?

Foto:«Xabar.uz»

2018-yilning 14-mart kuni ko‘cha tozalash ishlariga jalb qilingan Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani 42-umumta’lim maktabining 23 yoshli o‘qituvchisi Diana Yenikeyeva katta yo‘ldagi to‘siqlarni oqlayotganda yuk mashinasi urib ketib halok bo‘lgandi. Uning bir yarim yashar farzandi Danila yetim qolgandi. Dastavval ishni bosdi-bosdi qilmoqchi bo‘lgan Samarqandning o‘sha vaqtdagi hokimi Turobjon Jo‘rayev Diana Yenikeyevaning oilasini, uning farzandini otaliqqa olganini ma’lum qilgandi. Oradan bir yil o‘tdi. Nimalar o‘zgardi, va’dalar bajarildimi? «Minbar.uz» nashri mazkur masalaga to‘xtaldi.

Diana Yenikeyeva ishlagan 42-maktab Kattaqo‘rg‘on tumanidagi suv omboriga yaqin hududda joylashgan. Ayni paytda 328 ta o‘quvchiga 34 nafar pedagog saboq beradi. Maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Dilrabo Erkayeva Diana Yenikeyevani shunday xotirlaydi:

– U o‘ziga topshirilgan har qanday vazifani sidqidildan bajarardi. Barchaga ibrat bo‘la oladigan o‘qituvchilarimizdan edi. Diana rahbarlik qilgan 7-sinf o‘quvchilari ham ustozlaridagi insoniy xislatlarni o‘zlariga jo qilgan desam adashmayman.

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nazira Ernazarova ham hamkasbining insoniylik xislatlariga urg‘u berdi:

– Diana tug‘ma pedagog edi. Maktabdagi birorta tadbir usiz o‘tmasdi, barchaga o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan sovg‘alarni ulashardi. Uning lug‘atida yo‘q degan so‘zning o‘zi yo‘q edi. Hammaning ko‘nglini olib kelgan. Orzusi oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lish edi, afsuski, ulgurmadi…

Diananing onasi Oksana Yenikeyeva bilan suhbatlashish og‘ir kechdi. Farzand dog‘ida kuygan bu ayol bir yil davomida nimalar yuz berganini so‘zlab berdi.

– Avvalo, hech kimga farzand dog‘ini ko‘rsatmasin ekan. Bir yilda sochlarim oqardi. Lekin qizim ruhining haqqi hurmati uchun uning o‘g‘li – nevaram Danilani parvarishlash uchungina o‘zimda kuch topayapman.

Diana bolalarni juda yaxshi ko‘rardi. Arzimas maosh evaziga ishlardi, uning ham yarmini maktabdagi jamoat ishlari uchun sarflardi. Lekin nolimasdi. O‘zbekistonni jonidan ortiq ko‘rardi. Uning sof o‘zbek tilida gapirishi barchani hayron qoldirardi. Uning fidoyiligi, zahmatkashligi o‘z qadrini topganida, balki menga bunchalik alam qilmasdi.

Qizimning o‘limidan so‘ng uni yuk mashinasida urib yuborgan haydovchi ozodlikdan mahrum etildi. Sud hukmi bo‘yicha haydovchi Akram Elmurodovdan bizning foydamizga 19 782 500 so‘m moddiy hamda 25 mln. so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilangan. Lekin Elmurodov bu zararni qoplagani yo‘q. Bir necha marta murojaat qilganimizdan so‘ng bizning manzilimizga 2018 yilning 6 oyi davomida turlicha miqdorda pul o‘tkazilgani haqida 2019-yilning 6-fevral sanasi bilan Kattaqo‘rg‘on tuman prokuroridan xat oldik. Xatda 2019-yilning yanvar oyida ham Elmurodovning oylik ish haqidan 562 492 so‘m ushlab qolingani, ammo depozitda pul bo‘lmaganligi sababli kechikayotgani tilga olingan. Ammo biz bir tiyin ham olmaganmiz. Qizig‘i, tuman prokurorining turmush o‘rtog‘im Aleksandr Yenikeyevga 2018-yil 30-noyabrda yo‘llagan javob xatida Yo‘l patrul xizmati boshqarmasining mas’ul xodimlariga nisbatan jazo tayinlanishi haqidagi so‘rovimiz rad etilgani aytilgan. Axir ular haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan haydovchining yuk mashinasini haydashiga ruxsat bergan-ku. Ular jazosiz qolaveradimi?

To‘g‘ri, yaxshi insonlar ham ko‘p. Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi A’zamxon Bahromov boshqa rahbarlardek qop-qop va’da bermadi, hisobotlar yozmadi. Lekin shaxsan kelib, ta’ziya bildirib, uzr so‘radi. Hozirgacha yordam berishda davom etayapti. Oilamizga «Agrosug‘urta» sug‘urta kompaniyasining Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan 44 697 096 so‘m nafaqa puli berildi. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik tufayli Diananing farzandiga oyma-oy 206 931 so‘m miqdorida nafaqa puli olayapmiz. Kuyovim Yegor Kozik O‘zbekiston fuqaroligini olishi uchun hujjatlarni topshirganmiz, yaqin kunlarda berib qolishsa kerak. Umidimizni yo‘qotganimiz yo‘q. Diananing ruhi doim bizni kuchli bo‘lishga undaydi. Nachora, «O‘lganning orqasidan o‘lib bo‘lmaydi».

Eslatib o‘tamiz, Kattaqo‘rg‘on tumni prokuraturasi 2018-yil 14-mart kuni maktab o‘qituvchilari, jumladan, Diana Yenikeyeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagani, Kattaqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan voqea baxtsiz hodisa bo‘lganini aytib, ommaviy axborot vositalarini bu hodisani boshqacha talqin qilish, ommaga noxolis axborot tarqatishda ayblagan edi.

Dianani urib yuborgan «Kamaz» haydovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sudda haydovchi aybdor deb topilib, 3 yil muddatga transportlarni boshqarish huquqidan, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Sudda aniqlashicha, haydovchi M-37 avtomobil yo‘lining Buxoro – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotganda yo‘lning chap tomonidagi beton to‘siq yonida bo‘lgan Diana Yenikeyevani ko‘rganidan so‘ng avtomashinani tormoz berib to‘xtatish yoki odamni aylanib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, ushbu choralarni ko‘rmasdan o‘qituvchini urib yuborgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida jabrlanuvchi og‘ir jarohat olib vafot etgan. Shu bois sudlanuvchidan jabrlanuvchining oilasiga 19 782 500 so‘m moddiy hamda 25 mln. so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilangan edi.

Diana Yenikeyevaning o‘limi ortidan ishchi-xizmatchilar, ayniqsa, ta’lim va tibbiyot xodimlarining majburiy mehnatga jalb etilishi taqiqlandi. Shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev budjet tashkilotlari xodimlari va talabalar majburiy mehnatiga chek qo‘yilishi bo‘yicha qat’iy ko‘rsatma bergandi. Buning ortidan Vazirlar Mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida vedeoselektor o‘tkazilgan, barcha darajadagi rahbarlar majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, ayniqsa, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etmaslik haqida ogohlantirgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring