«Dorixona», «Atele», «Vino-vodka»…

Shaharlarimiz, ayniqsa poytaxtimiz ko‘chalari bo‘ylab sayr qilish naqadar yoqimli. Yangi va zamonaviy dizaynda qurilgan uy-joylar, turli idoralar binolari. Aksariyatining pastki qavatlarida savdo qilish va xizmat qo‘rsatish do‘konlari joy olgan. «Dorixona», «Minimarket», «Sartaroshxona», «Atele» va hokazo. Shular qatorida tobora ko‘proq uchrayotgan yozuv meni doim o‘ylantiradi. Unga sizning ham ko‘zingiz tushgan: «Vino-vodka».
To‘g‘ri, yurtimiz aholisi soni o‘smoqda. Qolaversa biznesda talab va taklif, degan tushunchalar bor. Ammo...
Demokratik jamiyatda har kim qonun doirasida istaganini qilishga haqli. Tadbirkorlarimizga davlat tomonidan turli imtiyozlar, faoliyat olib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Ulardan unumli foydalanib, xalq xizmatida bo‘lganlarga rahmat. Biroq spirtli ichimliklar bilan savdo qilishga sarmoya kiritish kimlarga naf keltiradi? Tadbirkor, uning oila a’zosi, ehtimoli juda kam bo‘lsada, mahalladoshlari naf ko‘rar. Aholi-chi?
Ha, masalaning boshqa tomoniga e’tibor qaratmay ilojimiz yo‘q. Agar mijoz bo‘lmasa yoki kamaysa biznes kasodga uchraydi. «Brilliant qo‘l» kinosidagi xonim aytganidek: «Men aybdor emasman. U o‘zi keldi», deyilishi mumkin.
Xo‘p, ichuvchilar ko‘p ham deylik. Lekin farzandlarimizning shunday do‘kon va kafelarni, uning atrofida ko‘pincha yuruvchi mast-alast kishilarni ko‘rishi ularning tarbiyasiga, ruhiyatiga ta’sir etmasmikan? Ongli mavjudot hisoblanmish bani odam bolasining noodamiy ko‘rinishlari yosh bolalar u yoqda tursin kattalarning ham dilini hira qiladiku. Ichkilikka ruju’ qo‘yilishi — ko‘plab xalqlarning bosh og‘rig‘i. Bosh ham tobora qattiq og‘rimoqda.
Ishonchim komil, xalqini, Vatanini chin dildan sevgan, farzandlari kelajagini, din nuqtai nazaridan esa oxiratini o‘ylagan tadbirkor el-yurtga ofat, baxtsizlik va kasallik olib keluvchi narsalarga pul tikmaydi.
To‘lqin Jumanazarov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter