Dunyoda ocharchilik boshlansa, O‘zbekiston o‘zini boqa oladimi?
Bugungi globallashuv davrida davlatning qudrati nafaqat uning qurolli kuchlari yoki oltin zaxiralari, balki o‘z aholisini to‘liq boqa olish salohiyati bilan ham o‘lchanmoqda. Oziq-ovqat mustaqilligi shunchaki iqtisodiy ko‘rsatkich emas, bu — milliy xavfsizlikning asosiy ustunidir. Xo‘sh, dunyo xaritasida qaysi davlatlar ushbu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tmoqda va O‘zbekistonning bu boradagi o‘rni qanday?
Tasavvur qiling, dunyoda katta inqiroz yuz berdi va barcha savdo yo‘llari yopildi. Qaysi davlat o‘z xalqini och qoldirmay, barcha zarur mahsulotlar bilan ta’minlay oladi? Nature Food jurnalining tadqiqoti kutilmagan natijalarni yuzaga chiqardi. Olimlar yettita asosiy mahsulot guruhini (don, meva, sabzavot, go‘sht, sut, baliq va dukkaklilar) o‘rganib chiqishganda, atigi bitta mamlakat bu imtihondan «a’lo» baho bilan o‘tdi.
Bu na AQSh, na Xitoy va na Rossiya. Bu Janubiy Amerikadagi kichik Gayana davlati — biz bu haqda oldin ham yozganmiz. Faqatgina Gayana o‘z aholisi uchun yettita guruhning barchasi bo‘yicha yetarli mahsulot yetishtirib, hatto ortiqchasini eksport qilishga ham ulgurmoqda.
Mavzu doirasida: Oziq-ovqat mustaqilligiga erishgan yagona mamlakat (video)
Hatto eng yirik agrar gigantlarning ham «nozik joylari» bor. Masalan, AQSh, Kanada va Rossiya meva-sabzavot importiga qaram, Xitoy va Vetnamda sut mahsulotlari tanqis. Bu shuni anglatadiki, global dunyoda to‘liq oziq-ovqat mustaqilligi — noyob hodisa.
Xitoy va Vetnam yettita toifadan oltitasi bo‘yicha o‘zini ta’minlab, bu ko‘rsatkichga juda yaqin turibdi. Biroq, aytilganidek, har ikki mamlakatda ham sut mahsulotlari ishlab chiqarishda tanqislik kuzatilmoqda, bu esa tarmoqdagi tarkibiy cheklovlar bilan bog‘liq.
Kanada va AQSh kabi yuksak taraqqiy etgan mamlakatlar yettita toifadan faqat to‘rttasini ishlab chiqara oladi — go‘sht, sut mahsulotlari, don va dukkaklilar yetishtirish ularning kuchli jihatlari.
Bu ko‘p jihatdan geografiya va iqlim bilan belgilanadi. Shimol mamlakatlarida vegetatsiya davrining qisqaligi yangi mahsulotlar yetishtirishni cheklab qo‘yadi. Natijada, hatto yuqori rivojlangan agrar tizimlar ham ichki resurslar hisobiga muvozanatlashgan ratsionni to‘liq ta’minlashga qodir emas.
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika eng kam o‘z-o‘zini ta’minlaydigan mintaqalar qatoriga kiradi. Buning asosiy sabablaridan biri suv resurslarining tanqisligidir: dunyo aholisining qariyb 6 foizi ushbu mintaqaga to‘g‘ri keladi, biroq qayta tiklanadigan chuchuk suv zaxiralarining 2 foizdan kamrog‘i mavjud bo‘lib, bu qishloq xo‘jaligi rivojlanishini jiddiy cheklaydi.
Baliq va dengiz mahsulotlari global oziq-ovqat zanjirining eng zaif bo‘g‘ini bo‘lib qolmoqda. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, jahon akvakulturasining qariyb 91 foizi Osiyo hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunday konsentratsiya ko‘plab mamlakatlarning, hatto go‘sht yoki o‘simlik mahsulotlari bilan o‘zlarini mustaqil ta’minlay olsalar-da, dengiz mahsulotlari importiga qaramligiga olib keladi.
O‘zbekiston o‘zini boqa oladimi? Yettita asosiy mahsulot bo‘yicha tahlil
Xaritadagi ranglarga ko‘ra (ko‘k rang — yetarli darajada ishlab chiqarish, qizil va pushti ranglar — tanqislik yoki importga bog‘liqlik), O‘zbekistondagi holat quyidagicha:
Mevalar (Fruits) va Sabzavotlar (Vegetables): Bu yo‘nalishlarda O‘zbekiston to‘liq mustaqil (ko‘k rang bilan belgilangan). Mamlakatimiz nafaqat ichki ehtiyojini qoplaydi, balki eksport salohiyatiga ham ega.
Go‘sht mahsulotlari (Meat): O‘zbekiston go‘sht yetishtirish bo‘yicha ham o‘zini ta’minlay olish imkoniyatiga ega davlatlar qatoriga kiritilgan.
Donli va kraxmalli mahsulotlar (Starchy staples): Bu toifada ham ko‘rsatkichlar ijobiy (ko‘k rang), ya’ni asosiy iste’mol mahsulotlari bilan ichki bozor ta’minlangan.
Sut mahsulotlari (Dairy): O‘zbekiston — o‘zini ta’minlay oladigan davlatlar qatorida.
Dukkaklilar, yong‘oqlar va urug‘lar (Legumes, nuts and seeds): Garchi xaritada O‘zbekiston qizil rangda ko‘rsatilsa-da, bu borada ham imkoniyatlarimiz unchalik yomon emas. O‘zbekistonda dukkaklilar (mosh, no‘xat) ko‘p yetishtiriladi, biroq o‘simlik yog‘i olinadigan ayrim urug‘lar yoki ba’zi turdagi yong‘oqlar bo‘yicha O‘zbekiston importga tayanishga majbur. Bu ko‘proq bizning iqlim sharoitimiz bilan bog‘liq omil.
Baliq (Fish): dunyoning aksariyat mamlakatlari qatorida, O‘zbekistonning zaif nuqtasi sifatida baliq mahsulotlari ko‘rsatilgan (to‘q qizil rang). Bu mamlakatning dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligi va ichki suv havzalarida baliq yetishtirish hajmi iste’molga nisbatan kamligi bilan izohlanadi.
O‘zbekistonning yettita asosiy mahsulot bo‘yicha ko‘rsatkichlari

O‘zbekiston va dunyo gigantlari ko‘rsatkichlari solishtirilganda:
- Gayana: 7 ta toifa (Mutlaq yetakchi)
- Xitoy / Vetnam: 6 ta toifa
- O‘zbekiston / Rossiya / Braziliya / Avstraliya: 5 ta toifa
- AQSh / Kanada: 4 ta toifa
- Hindiston / Pokiston: 3 ta toifa.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter