Eldor Aripov: Markaziy Osiyo global xavfsizlik bo‘yicha munozaraga ijobiy hissa qo‘shishga qodir
Joriy yilning 14-15 fevral kunlari Myunxen shahrida (GFR) bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik bo‘yicha 62-Myunxen konferensiyasi doirasida ushbu platforma tarixida birinchi marta Markaziy Osiyo tinch transformatsiya, barqaror rivojlanish va mintaqaviy mas’uliyatning o‘ziga xos modeliga ega yaxlit mintaqa sifatida taqdim etildi. Bu fikr Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz (Ozarbayjon) va Kaspiy siyosati markazi (AQSh) tomonidan tashkil etilgan tadbirlardagi munozaralar doirasida bildirildi.
Sessiyalarning asosiy ma’ruzachilari va ishtirokchilari orasida Saudiya Arabistoni Qirolligi Islom tadqiqotlari markazi direktorlar kengashi raisi Turki Al-Faysal bin Abdulaziz Al Saud, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Migel Anxel Moratinos, YuNKTAD Bosh kotibi Rebeka Grinspan, Avstriya sobiq federal kansleri Sebastyan Kurs, Yevropa tinchlik instituti prezidenti Xelga Shmid, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Striprays va boshqalar bor.
O‘zbekiston tomonidan Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov ishtirok etdi. Ularning nutqlari so‘nggi o‘n yil ichida mojarolardan barqaror hamkorlikka o‘tishga muvaffaq bo‘lgan Yevroosiyoning kam sonli mintaqalaridan biri sifatida Markaziy Osiyoni muhokama qilishning konseptual asosini yaratdi.
Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz sessiyasida so‘zga chiqqan SMTI direktori Eldor Aripov Myunxen konferensiyasida Markaziy Osiyo bo‘yicha alohida, mazmunli munozara paydo bo‘lishining o‘zi juda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
«Uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyo asosiy tahliliy va siyosiy e’tibordan chetda qoldi. Mintaqa haqidagi ma’lumotlar uzuq-yuluq va eskirgan edi. Bugun biz Markaziy Osiyoni nafaqat o‘zi o‘zgargan, balki global xavfsizlik muhokamasiga ijobiy hissa qo‘shishga qodir mintaqa sifatida birinchi marta tilga olmoqdamiz», - dedi Eldor Aripov.
Uning ta’kidlashicha, mintaqaning transformatsiyasi global miqyosda keskinlashuv va qutblanish jarayonlari kuchayayotgan bir sharoitda ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Dunyoning ko‘plab hududlarida beqarorlik ortib borayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo muqobil rivojlanish trayektoriyasini – muloqot, pragmatizm hamda «nol yig‘indili o‘yin» mantiqidan voz kechish tamoyillariga asoslangan yondashuvni namoyish etmoqda.
SMTI direktori o‘n yil oldin ham mintaqa yopiq chegaralar, hal etilmagan hududiy va suv nizolari, vaqti-vaqti bilan sodir bo‘ladigan qurolli hodisalar va chegaraning minalashtirilgan uchastkalari bilan bog‘liq bo‘lganini eslatdi. Bularning barchasi millionlab odamlarning hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi.
Bugun vaziyat butunlay boshqacha.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy savdo ikki barobardan ziyod ko‘paydi, o‘zaro investitsiyalar hajmi qariyb besh barobar oshdi, aholining transchegaraviy harakatchanligi mintaqa o‘nlab yillar davomida ko‘rmagan darajada tiklandi. Covid-19 pandemiyasi davrida ham mintaqa mamlakatlari hayotiy muhim tovarlarni yetkazib berish uchun chegaralarni ochiq qoldirgani - jamoaviy barqarorlik va o‘zaro ishonchning ifodasi sifatida e’tiborga loyiqdir.
«Markaziy Osiyoning asosiy sabog‘i shundaki, geografiya emas, siyosiy tafakkur o‘zgardi. Eng yuqori darajadagi siyosiy iroda asosiy omil bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti qarama-qarshilik o‘rniga barqarorlik va taraqqiyot foydasiga ongli tanlov qildi va mintaqaning barcha yetakchilari tomonidan qabul qilingan formulani taklif qildi: barqaror rivojlanish faqat o‘zaro manfaatlar asosida amalga oshishi mumkin», - dedi SMTI direktori.
E.Aripov, shuningdek, mintaqadagi xavfsizlik faqat harbiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqilmay, rivojlanish, ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik natijasi sifatida qayta ko‘rib chiqilganini ta’kidladi.
Ma’ruzalarda mahalliy hamjamiyatlarning o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Uning qayd etishicha, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlik nafaqat davlatlararo kelishuvlar bilan, balki tinchlikning oddiy fuqarolar hayotida amaliy mazmun kasb etgani bilan ham ta’minlanmoqda – savdo-sotiq, turizm va transchegaraviy hamkorlik orqali.
Aynan shu yondashuv o‘tgan yil oktyabr oyida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Farg‘ona tinchlik forumining asosi bo‘ldi.
«Farg‘ona muloqoti hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va mahalliy hamjamiyatlar birgalikda ishlaydigan platformaga aylandi. Uning vazifasi nafaqat erishilgan o‘zgarishlarni qayd etish, balki Markaziy Osiyoni mojarolarning oldini olish va dunyoning boshqa mintaqalari uchun ishonchni oshirish bo‘yicha amaliy tajriba manbaiga aylantirishdir», - dedi Eldor Aripov.
Forum yakunlariga ko‘ra, uni mintaqaning uzoq muddatli barqarorligiga qaratilgan va uning tajribasini xalqaro darajaga yetkazuvchi doimiy muloqot platformasi sifatida institutlashtirishga qaror qilindi.
Ushbu mavzuning mantiqiy davomi Kaspiy siyosati markazi tomonidan tashkil etilgan maydonda o‘tkazilgan muhokama bo‘ldi, unda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning O‘rta koridor kontekstida ortib borayotgan o‘zaro bog‘liqligi masalasi muhokama qilindi.
Eldor Aripov o‘z nutqida ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi Yevroosiyoda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni aks ettirishini ta’kidladi.
«Gap yangi bloklar yoki rasmiy ittifoqlar tuzish haqida emas, balki amaliy manfaatlarga asoslangan funsional o‘zaro bog‘liqlik – transport, savdo, energetika o‘tish va ta’minot zanjiri barqarorligi haqida ketmoqda», – deb ta’kidladi u.
Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti ushbu yangi strategik o‘lchamni birinchilardan bo‘lib tan olgani va Ozarbayjonni Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorligi doirasiga kiritishni taklif qilgani ta’kidlandi. Muhokama ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, ushbu tashabbus iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik beqarorlik qiymatini oshiradigan va shu tariqa mojarolarning oldini olishga xizmat qiladigan yangi voqelikni aks ettiradi.
Myunxendagi O‘zbekiston vakillarining nutqlari Markaziy Osiyo tobora ko‘proq muammoning manbai emas, balki yechimning bir qismi sifatida qabul qilinayotganini ko‘rsatdi. Markaziy Osiyodan Janubiy Kavkaz orqali Qora dengizgacha bo‘lgan hamkorlik makonini rivojlantirish butun Yevrosiyoga ta’sir qiluvchi kengaytirilgan barqarorlik zonasini yaratishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasi global xavfsizlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun eng nufuzli xalqaro platformalardan biridir. 2026 yilda uning ishida 115 dan ortiq mamlakatdan mingdan ortiq vakillar, jumladan, 60 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter