Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektr energiyadan 240 million so‘mlik «qarz» bekor qilindi

Elektr energiyadan 240 million so‘mlik «qarz» bekor qilindi

Foto: «Xabar.uz»

Jizzax viloyatida faoliyat yurituvchi «Sobir» MChJ (nomi o‘zgartirilgan) rahbari elektr ta’minoti korxonasi xodimlarining xatti-harakatidan norozi bo‘lib Prezident huzuridagi Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, G‘allaorol tuman va Jizzax shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan 2023 yil 16 fevral kuni «Sobir» MChJga nisbatan hisoblagichdagi ko‘rsatkichlardan tashqari elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi va elektr ta’minoti korxonasi manfaatlariga 245 mln so‘m zarar yetkazilganligi haqida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Mazkur hujjatlar Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Deparatmentining G‘allaorol tuman bo‘limiga chora ko‘rish uchun yuborilgan va shu asosda 2023 yil 17 fevralda zararni 30 kunlik muddatda to‘lash, aks holda javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida xabarnoma berilgan.

Tadbirkorning murojaatida keltirilgan vajlarning haqqoniyligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xodimlari tomonidan «O‘zenergoinspeksiya» Jizzax hududiy bo‘limi mutaxassislari hamda Departamentning tuman bo‘limi xodimlari bilan birga o‘rganilgandi.

Natijada dalolatnoma bo‘yicha elektr energiyasi tarmog‘iga noqonuniy ulanilganligi qayd etilgan ortiqcha quvvat o‘z isbotini topmadi. Ya’ni Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018 yildagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari» talabiga rioya etilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Xususan, Elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsada, qancha energiya sarflangani qayd etilmasdan, jamiyat hududidagi yuqori quvvatli transformator kuchlanishi ko‘rsatilgan xolos.

Qolaversa, o‘rganishda MChJga qarashli asfalt ishlab chiqarish zavodi elektrga ulanmaganligi, bundan tashqari, 3 dona elektr dvigateli zanglagan holdaligi, zavodning ishlashi uchun zarur bo‘lgan gaz tarmog‘i tortilmaganligi aniqlandi.

Shunga ko‘ra jamiyat zimmasidagi qariyb 240 mln so‘mlik zarar asossiz deb topildi. Haqiqiy zarar qiymati qayta hisob-kitob qilinib, 5 mln so‘mni tashkil etishi haqida dalolatnoma tuzildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring