Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi Yevropa dunyoga G‘arb ko‘zi bilan emas, Sharq yoki Janub ko‘zi bilan qarashni o‘rganishi kerak

Endi Yevropa dunyoga G‘arb ko‘zi bilan emas, Sharq yoki Janub ko‘zi bilan qarashni o‘rganishi kerak

Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti tom ma’noda tarixiy bo‘ldi. Tadbirda 20 dan ortiq mamlakatning davlat va xukumat rahbari ishtirok etishi jahonda Xitoy va shu bilan birga ShHTning obro‘si oshib borayotganidan dalolat. Ma’lumki, avvalboshida ShHT xavfsizlik bilan bog‘liq masalalarni hal qilishni ko‘zlagan edi. Vaqt o‘tib tashkilot iqtisodiy hamkorlik masalariga ahamiyat bera boshladi.

Bu galgi sammit avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi? Ma’lumki, bugungi kunda AQSh turli davlatlarga qo‘llayotgan bojlari tufayli dunyoda yakkalanib bormoqda. Uning boj siyosati yaqin hamkorlarining ham noroziligiga sabab bo‘lmoqda. AQSh siyosatidagi noaniqlik tufayli ko‘plab mamlakatlarning AQShga ishonchi susaymoqda.

Mana shunday bir paytda Tyanszinda bo‘lib o‘tgan “ShHT plyus” sammitida Xitoy raisi Si Szinpin global boshqaruv tashabbusi bilan chiqdi hamda barcha mamlakatlarni yanada adolatli va oqilona global boshqaruv tizimini yaratish uchun birgalikda ishlashga chaqirdi. Bu tashabbus so‘nggi yillarda Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan to‘rtinchi tashabbus hisoblanadi. Bundan avval u  Global taraqqiyot bo‘yicha Tashabbus, Global Xavfsizlik bo‘yicha Tashabbus va Global sivilizatsiyalar bo‘yicha Tashabbus bilan chiqqan edi. 

Si Szinpin Global boshqaruv bo‘yicha Tashabbusni hayotga tatbiq etishda beshta tamoyilni ilgari surdi: suveren tenglikni ta’minlash, xalqaro qonun ustuvorligini hurmat qilish, multilateralizmni hayotga tatbiq etish, «avvalo inson» yondashuvi, haqiqiy harakatlarga e’tibor qaratish.

Xitoy Raisining so‘zlariga ko‘ra, tinchlik, rivojlanish, hamkorlik va umumiy manfaatning hozirgi tendensiyalari o‘zgarishsiz qolmoqda, ammo sovuq urush mentaliteti, gegemonizm va proteksionizm tumanlari tarqalmayapti, yangi tahdid va muammolar doimiy ravishda oshib bormoqda, dunyo beqarorlik va o‘zgarish davriga kirmoqda.

U BMTning maqomi va obro‘sini qat’iy himoya qilish, uning global boshqaruvdagi ajralmas va asosiy rolini qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Si Szinpinning ta’kidlashicha, hajmi, kuchi va boyligidan qat’i nazar, barcha mamlakatlar Global boshqaruvning teng huquqli ishtirokchilari bo‘lib, qaror qabul qilish va imtiyozlar olish huquqiga ega. «Ikki tomonlama standartlar bo‘lmasligi kerak va oz sonli mamlakatlarning «uy qoidalari» boshqalarga yuklanmasligi kerak», dedi Xitoy rahbari. U insoniyatning umumiy muammolariga yanada samarali qarshi turishga, Shimol va Janub rivojlanishidagi bo‘shliqni yopishga va dunyoning barcha mamlakatlarining umumiy manfaatlarini himoya qilishga chaqirdi.

Si Szinpin ta’kidlaganidek, ShHT yetakchi rol o‘ynashi va Global boshqaruv tashabbusini amalga oshirishda namuna bo‘lishi, hozirgi notinch dunyoda barqarorlik uchun kuch bo‘lib qolishi kerak.

Si Szinpin tashkilotni butun dunyo bo‘ylab ochiq hamkorlikni rivojlantirishga chaqirdi.

«Biz devor qurishdan ko‘ra ularni buzishda davom etishimiz, bo‘linishdan ko‘ra integratsiyaga intilishimiz, «Belbog‘ va yo‘l»ning yuqori sifatli qurilishini rag‘batlantirishimiz kerak», dedi Xitoy rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy o‘zining ulkan bozori imkoniyatlarini baham ko‘rishga tayyor va «ShHT oilasi» doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni sifatli rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasini amalga oshirishda davom etadi.

Shuni ta’kidlash kerakki, ShHTga a’zo davlatlarga XXRning investitsiyasi 84 mlrd AQSh dollaridan oshib ketdi. Bu mamlakatlar bilan ikki  tomonlama savdo hajmi 500 mlrd AQSh dollaridan oshdi. Bu yil Xitoy ShHTga a’zo mamlakatlarga 2 mlrd yuan (280 mln dollar) miqdorida grant va qo‘shimcha 10 mlrd yuan (1,4 mlrd dollar) miqdorida kredit ajratishga va’da berdi.

Xitoy rahbarining  Global boshqaruv borasidagi Tashabbusi dolzarb ahamiyat kasb etadi va o‘z vaqtida ilgari surildi. Bu tashabbus xitoy xalqining donishmandligini o‘zida aks ettiradi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Bu yerda buyuk Konfutsiyning «Hayotda o‘z o‘rningni topishni xohlar ekansan, boshqalarga yordam ber, muvaffaqiyatga intilar ekansan, boshqalarning yutug‘iga ko‘mak ber», degan hikmatli so‘zlari o‘zgacha ruhda yangraydi».

Fikrimcha, Si Szinpinning Global boshqaruv borasidagi Tashabbusi dunyoga tinchlik, barqarlik, bag‘rikenglik olib keladi.

Endi Yevropa dunyoga G‘arb ko‘zi bilan emas, Sharq yoki Janub ko‘zi bilan qarashni o‘rganishi kerak.

       Sharofiddin To‘laganov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring