Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yerni bozor aktiviga aylantirish masalasi ko‘rib chiqiladi — Shavkat Mirziyoyev

Yerni bozor aktiviga aylantirish masalasi ko‘rib chiqiladi — Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan murojaati davomida qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan ishlar haqida gapirib o‘tdi.Bu haqda Xabar.uz  muxbiri xabar berdi.

«Kambag‘allikni qisqartirish va qishloq aholisi daromadlarini ko‘paytirishda eng tez natija beradigan omil qishloq xo‘jaligida hosildorlik va samaradorlikni keskin oshirishdir.

Bunda har gektar yerdan olinadigan daromadni hozirgi o‘rtacha 2 ming dollardan kamida 5 ming dollargacha yetkazish ustuvor vazifa qilib qo‘yiladi. Buning uchun qishloq xo‘jaligiga eng ilg‘or texnologiyalar, suv tejaydigan va biotexnologiyalarni, urug‘chilik, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni keng joriy etishimiz lozim.

Avvalo, fermer va dehqonlarning yerdan manfaatdorligini oshirish kerak. Manfaatdorlik va adolat bo‘lgan joyda albatta o‘zgarish va o‘sish bo‘ladi.

Bu borada yerdan foydalanish huquqlarini kafolatlash va ularni bozor aktivlariga aylantirish masalasini ko‘rib chiqish vaqti keldi. Shuning uchun Hukumat ikki oy muddatda yerdan foydalanish huquqini mustahkamlash, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taklif kiritsin.

Kelgusi yili barcha viloyatlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazlari tashkil etilib, ularda «yagona darcha» tamoyili asosida 100 dan ortiq agroxizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Bu markazlar orqali yerning sifatini yaxshilash, kasalliklarga qarshi kurashish, urug‘liklarni tanlash bilan bog‘liq muhim xizmatlar ko‘rsatiladi.

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, yerning unumdorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga ilk bor 600 million dollardan ziyod kredit va grant mablag‘lari jalb qilinadi.

Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladigan yer maydonlari 5 barobarga ko‘paytirilib, 430 ming gektarga yetkaziladi, 90 ming gektar yangi yerlar o‘zlashtiriladi»,  — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring