Eron va AQSh muzokaralari juma kuni Maskatda o‘tadi
Eron va AQSh o‘rtasida yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar juma kuni Umon poytaxti Maskat shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Uning yozishicha, muzokaralar mahalliy vaqt bilan soat 10:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan soat 11:00da) boshlanishi kutilmoqda.
Bundan oldin Axios nashri muzokaralar mavzusi va o‘tkazilish joyi bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli uchrashuv bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan edi. Ilgariroq muzokaralar Istanbulda bo‘lishi rejalashtirilgani ham aytilgan.
Biroq keyinchalik Axios nashrining ma’lum qilishicha, bir qator Yaqin Sharq yetakchilari aralashuvidan so‘ng tomonlar muzokaralarni baribir o‘tkazishga kelishgan va joy sifatida Maskat tanlangan. AQSh nomidan uchrashuvda maxsus vakil Stiv Uitkoff ishtirok etishi kutilmoqda. U hozirda boshqa xalqaro mojarolarni hal etish jarayonlarida ham faol qatnashmoqda.
Oq uy ham muzokaralar juma kuni Umonda o‘tishini tasdiqladi. News Nation telekanali Oq uydagi manbaga tayanib, uchrashuv aynan Maskatda bo‘lishini xabar qildi. Associated Press agentligi esa AQSh tomoni Turkiya o‘rniga Umonni tanlashga arab davlatlari rahbarlarining Tehron pozitsiyasini inobatga olish chaqiriqlari ta’sir qilganini yozdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Maskat avval ham Eron va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi maxfiy va ochiq muzokaralar uchun neytral maydon sifatida xizmat qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter