Eronga qarshi harbiy operatsiya «hal qiluvchi bosqich»ga kirmoqda — Isroil mudofaa vaziri
Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Eronga qarshi harbiy operatsiya «hal qiluvchi bosqich»ga kirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Isroilning Ynet nashri xabar berdi.
«Biz hal qiluvchi pallada turibmiz va qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom etamiz», — dedi vazir.
10-mart kuni Ynet o‘z manbasiga asoslanib, Eronga qarshi harbiy kampaniya kamida yana ikki hafta davom etishi haqida yozgan edi.
28-fevral kuni AQSh Isroil bilan hamkorlikda Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Amerika va Isroil kuchlari harbiy obyektlarga, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari, raketa majmualari, bazalar va harbiy-dengiz floti obyektlariga hujum qildi. Vashington operatsiyadan ko‘zlangan maqsad — Eronning harbiy salohiyatini zaiflashtirish hamda uning raketa va yadroviy dasturlari rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini bildirgan.
Operatsiya boshlanganidan beri Eron hududiga yuzlab zarbalar berildi. Hujumlar nishonida qo‘mondonlik punktlari, qurol-yarog‘ omborlari va raketa uchirish qurilmalari bo‘ldi. Tehron bunga javoban Amerikaning Yaqin Sharqdagi bazalari va ittifoqchilariga raketa hamda dronlar bilan zarba berishni boshladi. Bu esa mintaqadagi mojaroning keskin kuchayishiga (eskalatsiyasiga) olib keldi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter