Eronning «mudofaa yoyi»: Ho‘rmuz bo‘g‘ozi taqdirini hal qiluvchi 7 orol
Yaqin Sharqqa minglab amerikalik harbiy xizmatchilar yuborilishi haqidagi xabarlar fonida, ularning nishoni Eronning Xark oroli bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar kuchaymoqda.
Xark — Eron xom nefti eksportining 90 foizi o‘tadigan asosiy xabdir. Biroq Xark Fors ko‘rfazidagi Eronga qarashli o‘nlab orollaridan biri, xolos va ularning ayrimlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini nazorat qilishda kattaroq ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Xitoyning Sun Yatsen universiteti tadqiqotchilari ta’kidlashicha, bo‘g‘ozdagi yettita orol Eronning «mudofaa yoyini» tashkil etadi. Eronlik tadqiqotchi Inoyatulloh Yazdoniy va xitoylik olim Ma Yanchje 2022-yildagi maqolasida shunday yozgan: «Ushbu orollarni birlashtiruvchi tasavvuriy egri chiziq Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligini nazorat qilishdagi strategik ustunligini tushunishda yordam beradi».
Abu Muso, Katta Tomb va Kichik Tomb — «yettilik»ning yoy g‘arbida joylashgan eng kichik orollari bo‘lib, bo‘g‘ozni nazorat qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Orollar orasidagi masofa qisqa, nisbatan sayyoz hisoblangan ko‘rfazning eng chuqur qismi aynan shu orollar yaqinida bo‘lgani uchun yirik harbiy kemalar va tankerlar bu orollarni yonlab o‘tishga majbur. Bu esa ularni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK)ning ushbu orollar oralig‘ida harakatlanuvchi tezkor qayiqlari, mina qo‘yuvchi kemalari va dronlari uchun oson nishonga aylantiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter