«Jamoam o‘yinida ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim» — Fabio Kannavaro Niderlandiyaga qarshi o‘yin haqida
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Menimcha, biz ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rsata oldik. Hisob 1:0 bo‘lganidan keyin ham maydondagi tartib va “liniya”ni yo‘qotmadik. Jamoa bo‘lib harakat qilishda davom etdik va oxirigacha kurashdik.
Bunday darajadagi milliy jamoalarga qarshi o‘ynash oson emas. Biroq jamoam o‘yinida ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim.
Bizga aynan shunday o‘yinlar kerak. Chunki bunday raqiblarga qarshi maydonga tushganingizda doimo nimanidir o‘rganasiz va tajriba orttirasiz», — dedi Kannavaro.
Umuman olganda, murabbiy uchrashuvdan mamnunligini bildirdi.
«Futbolni xatolarsiz o‘ynab bo‘lmaydi. Bu mutlaqo normal holat. Bizning vazifamiz futbolchilarga shunday xatolar sonini imkoni qadar kamaytirishda yordam berishdir.
Lekin rostini aytsam, men himoyadagi xatolardan ko‘ra ijobiy jihatlarni ko‘proq ko‘rdim», — deya ta’kidladi bosh murabbiy.
Italiyalik mutaxassis futbolchilarning jismoniy holatiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, jamoa tayyorgarlikni bir oydan ko‘proq vaqt oldin boshlagan, legioner futbolchilar esa jamoaga keyinroq qo‘shilgan.
«Shunga qaramay, jismoniy tayyorgarlik borasida yaxshi ish olib borganimizga ishonaman. Albatta, ayrim futbolchilar bilan bog‘liq hali hal etishimiz kerak bo‘lgan masalalar ham bor va biz ular ustida ishlashda davom etamiz», — dedi Kannavaro.
Eslatib o‘tamiz, 8 iyun kuni O‘zbekiston Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Raqib darvozasiga yagona golni qo‘shimcha vaqtda Igor Sergeyev kiritdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter