Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada ona-bola hamshirani kaltaklab, hushidan ketkazdi

Farg‘onada ona-bola hamshirani kaltaklab, hushidan ketkazdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Joriy yil 28-yanvar kuni Farg‘ona shahridagi 2-oilaviy poliklinikada tibbiyot xodimi kaltaklangan.  

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, voqea ultratovush tekshiruvi (UTT) o‘tkaziladigan xonada yuz bergan. Ultratovush tekshiruvi o‘tkazuvchi shifokor Mashhura Toshmatova va unga biriktirilgan hamshira Matluba Ma’murova odatdagidek bemorlarni navbat bilan qabul qilayotgan bo‘lgan. 

– Fuqarolarni navbat bilan qabul qilib tekshiruvdan o‘tkazayotgan edik, – deydi shifokor Mashhura Toshmatova. – Navbat 1992-yilda tug‘ilgan bemor qizga yetib kelganida, u bilan birga xonaga yosh bola ko‘targan ona ham kirdi. Yosh bolali ayol bolasi kasalligi, injiqlik qilib tinimsiz yig‘layotgani, tashqarida ham 3 yoshli farzandi sovuqda izillab turgani, ikkita bola bilan qiynalib ketganini aytib, navbatsiz ko‘rikdan o‘tkazib qo‘yishni iltimos qildi. Shunda men navbati yetib kirgan qizga «Agar rozi bo‘lsangiz shu bolali ayolni sizdan oldin ko‘rib qo‘ysam», deb ruxsat so‘radim. Qiz esa taklifimga ko‘nmay, o‘zining kasal ekanini aytib, navbatini bermadi. Shu bois uning o‘zini tekshirishni boshladim. Shu jarayonda qizga yosh bolali ayolga navbatini bersa, qanchalik savob ish qilgan bo‘lishi mumkinligini tushuntirib nasihat qildim.

Ma’lum bo‘lishicha, shifokor qizni puxta tekshiruvdan o‘tkazib, belgilangan tartibda tashxisni yozib beradi. Qiz esa eshitgan nasihatdan asabiylashib, xonadan chiqib ketadi. Ko‘p o‘tmay xonaga yoshi katta bir ayol bilan kirib keladi. Ayol uning onasi bo‘lib, birgalikda tibbiy ko‘rikdan o‘tgani kelishgan ekan.

O‘rtada kelishmovchilik chiqib, ayol UTT shifokoriga elektr choynakni otib yuboradi. Shunda hamshira ayolni tinchlantirmoqchi bo‘lib, uning yoniga kelganida jazavaga tushgan ona va bola hamshiraga ochiqchasiga tajovuz qilib, qo‘li bilan urib, oyoqlari bilan tepib tan jarohati yetkazadi. To‘polonni eshitib boshqa xodimlar xonaga chiqib, ona va bolani tashqariga  olib chiqib ketadilar. Poliklinika ma’muriyati darhol tez tibbiy yordam bo‘limiga, voqea haqida profilaktika inspektoriga xabar berishgan, deyiladi vazirlik xabarida.

Tez yordam mashinasi kelib, yuzi qonga belanib, hushidan ketgan hamshirani o‘ziga keltirib, birinchi yordam ko‘rsatgach, og‘ir holatda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib ketishadi.

Filialda bemorni neyroxirurg va boshqa malakali mutaxassislar ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazilib, «Yopiq kalla miya jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagi sinishi, burundan qon ketishi» tashxisi bilan neyroxirurgiya bo‘limiga statsionar davolanish uchun yotqizildi. Hozirda malakali shifokorlar tomonidan bemorga zarur davo muolajalari amalga oshirilmoqda.

Hudud profilaktika inspektori, leytenant Abduvali Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, hozirda mazkur holat bo‘yicha zarur hujjatlar yuritilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mazkur holat shifokorlarga joriy yildagi birinchi hujum emas. Yil boshida Namanganda shifokorni urib, uni ko‘zidan ayirgan fuqaro ushlangandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring