Farmatsevtika bo‘yicha 1 mlrd dollarlik yangi loyihalar shakllantiriladi – Prezident
Yig‘ilishda joriy yilda farmatsevtika bo‘yicha 1 milliard dollarlik yangi loyihalarni shakllantirib, boshlash zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, viloyatlar hokimliklari tomonidan jami 2,5 milliard dollarlik farmatsevtika loyihalari bo‘yicha takliflar tayyorlangan. Ushbu loyihalar hisobiga yiliga 1 milliard dollarlik import o‘rnini bosuvchi dorilarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Misol uchun, Andijonda 203 million dollarlik 16 ta loyiha amalga oshirish reja qilingan. Jumladan, 30 million dollarlik loyihada O‘zbekistonda ilk bor qon plazmasidan inson albuminini ishlab chiqarishni boshlash ko‘zda tutilmoqda.
Sirdaryoda ham bu yil 188 million dollarlik loyihani ishga tushirib, birgina Afg‘onistonning o‘ziga 50 million dollarlik dori vositalarini eksport qilish rejasi bor.
Lekin Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo hokimlari taklif qilayotgan loyihalar 100 million dollarga ham yetmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Taqdim qilingan loyihalarning iqtisodiy samaradorligini o‘rganib, amalga oshirish choralarini ko‘rish topshirildi. Mutasaddilarga past quvvatda ishlayotgan yoki mulki bank balansiga olingan korxonalarni sog‘lomlashtirish dasturini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Xorijdan olib kelinayotgan dorilarning yarmi 34 ta xorijiy ishlab chiqaruvchiga to‘g‘ri keladi.
Chet el kompaniyalarini ishlab chiqarishini o‘zimizda tashkil etishga rag‘batlantirish zarurligi qayd etildi. Masalan, Turkiyaning «World Medicine» kompaniyasi Toshkent farmatsevtika parkida antibiotik, virusga qarshi va yurak-qon tomir preparatlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 30 million dollarlik loyihani amalga oshirmoqda.
Bugungi kunda import qilinayotgan dori vositalarining yarmini 3 ta yirik korxona olib kelmoqda. Ushbu korxonalar 40 dan ziyod yirik xorijiy kompaniyalar mahsulotini O‘zbekistonga import qilish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega.
Prezidentimiz mazkur korxonalarni o‘ziga ijtimoiy mas’uliyat olib, brendli dorilarni xorijiy hamkorlarini jalb etgan holda o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hammaga namuna bo‘lishga chaqirdi.
Buni rag‘batlantirish uchun brendlarni olib kelishda hamkorlarga to‘lanayotgan brend nomidan foydalanganlik uchun to‘lov – royaltidan soliq 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter